Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloh taologa shukrki, 2021 yil xalqimiz uchun barakali kunlarga boy o'tmoqda, birgalikda ko'p xayrli ishlarni bajardik, tarixiy voqealar guvohi bo'ldik. Shunday munavvar kunlarda Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini nishonladik.
Bu yilgi bayram yangi bunyod etilgan “Yangi O'zbekiston” bog'ida, Mustaqillik monumentiga tutash maydonda bo'lib o'tganida ham katta hikmat bor. Zero, “Yangi O'zbekiston” bog'i keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik sa'y-harakatlarining timsoli sifatida yaratildi, Mustaqillik monumenti esa Vatanimizning 3 ming yillik tarixidan so'zlab, ajdodlarimizning shonli yo'li, dunyo tsivilizatsiyasiga qo'shgan hissasi va buyuk davlatchiligimiz falsafasidan so'zlaydi.
Prezidentimiz bayram nutqida “Halqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo'ravonliklar yo'qota olmadi. Bunga ko'hna tariximizning o'zi guvoh” dedi. Darhaqiqat shunday. Shu ma'noda, istiqloldek buyuk ne'matga erishish yo'li naqadar murakkab bo'lgani, qanchadan-qancha ziyoli, mard, vatanparvar bobolarimiz shu kunlar umidida shahid bo'lganini eslash, ularni xotirlash, dorilomon damlar uchun dildan shukrona aytish, mustaqillikning qadriga etish har birimiz uchun juda muhimdir.
Bugun dunyo hamjamiyatida o'ziga xos mavqega ega bo'lishimiz, muborak dinimiz, urf-odat va an'analarimiz qayta tiklanishi, ibodatlarni emin-erkin ado etishimiz, boy tarixiy merosimiz, mustaqillik sharofatidan desak, mubolag'a bo'lmaydi.
So'nggi besh yilda mamlakatimizda turli millat va dinlar o'rtasida o'zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, madaniyatlararo muloqotni qo'llab-quvvatlash, tinch-totuvlikni ta'minlashga qaratilgan izchil va puxta o'ylangan siyosat olib borilmoqda.
2017 yili bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Oxirgi yillarda diniy-ma'rifiy soha islohotiga doir jami 35 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Prezidentimizning 2 ta farmoni, 17 ta qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatlar ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 15 ta qaror va 1 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Shu o'rinda Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni soha faoliyatini tashkil etishda dasturilamal hujjat bo'lganini ham alohida ta'kidlash joiz.
O'zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilingani ham barchamizni xursand qildi. Bu qonun inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umume'tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o'ziga xos xususiyatlari va bevosita O'zbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini o'z ichiga olgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Hozirgi kunda mamlakatimizda masjidlar soni 2093 ta etdi. Hususan, keyingi 5 yilda 60 ga yaqin yangi masjid ochildi, birgina joriy yilda 14 ta masjid ish boshladi. Ayni paytda barcha masjidlar kundan-kunga obod bo'lmoqda. Ko'plab masjidlar zamonaviy shaklda ta'mirlanib, xalqimizga yanada qulaylik yaratildi. Bunday xayrli ishlar qizg'in davom etmoqda.
Ta'kidlash joiz, Islom dini rivoji yo'lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy, ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish va targ'ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.
Toshkent shahrida barpo etilayotgan O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi esa xalqimizning boy diniy-ma'naviy merosini chuqur o'rganish va dunyoga targ'ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o'rin tutadigan ilm-ma'rifat markaziga aylanadi, Alloh xohlasa.
Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida Hadis, Kalom, Aqida, Tasavvuf, Fiqh ilmiy maktablari faoliyat olib bormoqda. Yangi tashkil etilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Surxondaryodagi Imom Termiziy madrasasi va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi singari oliy o'quv yurtlarida ham malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Islohotlarning uzviy davomi sifatida O'zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etilishi diniy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Akademiya tarkibidagi malaka oshirish markazi faoliyatiga qo'shimcha ravishda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida uning hududiy filiallari faoliyati yo'lga qo'yilgani ham diniy soha xodimlarining zamonga mos tarzda malaka va mahoratini oshirib borishida juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz farmoni asosida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi mazkur sohani qo'llab-quvvatlash uchun mustahkam zamin bo'ldi. Fond tomonidan yordamga muhtoj oilalarga moddiy ko'mak berish, nogironligi bor kishilarga mehr-muruvvat ko'rsatish, olis va chekka hududlarda suv chiqarish hamda masjid, madrasa, ziyoratgohlarni obod etish, diniy soha xodimlarini qo'llab-quvvatlash va diniy ta'lim muassasalari talabalari o'quv-shartnoma to'lovlarini to'lab berish bo'yicha xayriya ishlari keng miqyosda amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik yillarida 305 ming yurtdoshimiz Saudiya Arabistoniga ziyorat uchun borgan bo'lsa, shulardan 130 ming kishi Haj, 175 ming kishi esa Umra amalini bajarishga muvaffaq bo'lgan. 2018 yildan e'tiboran Umra ziyoratini yil davomida amalga oshirish belgilandi. Haj ziyoratini tashkil qilishda ham o'ziga xos yangiliklar bo'ldi. E'tiborlisi, Haj ibodatini bajarish kvotasi 5000 dan 7200 ga ko'payishi natijasida 2017–2019 yillarda qariyb 21 ming 750 nafar musulmon birodarlarimiz Haj ziyoratini amalga oshirdi.
Ayni paytda O'zbekiston Respublikasi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish masalalari bo'yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistonidagi hamkorlar bilan kelishib, hamyurtlarimiz Umra ziyoratini davom ettirishiga harakat qilmoqda.
Qur'oni karimga muxlis xalqimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda O'zbekiston musulmonlari idorasida “Qur'on tajvidini o'rgatish” bo'limi tashkil etildi, mavjud oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarida “Qur'oni karim va tajvid” kurslari ko'paymoqda. Ilg'or va xorijiy tajribalarni o'rgangan holda ushbu dasturlarni zamonaviy andozalarga solish va muqobil shaklda amaliyotga joriy etish ustida ish olib borilayotir. Zero, Yurtboshimiz “Qur'onni eshitish, eshita olish yuksak ma'naviyat, ma'rifat. Qur'on hech qachon yomonlikka da'vat qilmaydi. Agar Qur'oni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu – muvaffaqiyat bo'ladi. Elimizga nur keladi!”, degan edi.
Diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan ishlar va boy ma'naviy-moddiy merosimiz xorijiy davlatlarda ham katta qiziqish uyg'otib, keng hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilmoqda. Qo'shni davlatlar musulmonlari idoralari va Misr Arab Respublikasidagi al-Azhar dorulfununi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Biz diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan va jadal davom etayotgan ayrim xayrli ishlarnigina tilga oldik xolos. Kelgusida ham bu boradagi ulkan islohotlar, ezgu ishlar izchil davom etishiga aminmiz.
Din targ'ibotchisi, shariat peshvosi bo'lgan imom-xatiblar ham jamiyatdagi xayrli islohotlarning faol ishtirokchisiga aylangani quvonarlidir. Bugun shu yo'lda masjidlarimizda 2 mingdan ziyod imom-xatib, 1300 dan ortiq imom noibi xizmat qilmoqda.
Zero, xalqimizning diniy-ma'rifiy savodxonligini oshirish imom-xatiblarning asosiy vazifasi sanaladi. Ular juma mav'izalari, kundalik namozlar, mahalla va turli jamoat tashkilotlarida bo'ladigan tadbirlarda ilmsizlik va yot g'oyalarga qarshi faol kurashmoqda.
O'zbekiston rahbarining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosati ham tahsinga loyiq. Buni o'tgan yillarda yuzlab yurtdoshimiz, asosan ayollar va bolalar “Mehr” operatsiyasi doirasida urush o'choqlaridan tinchlik va farovonlik o'lkasi bo'lmish Vatanimizga qaytarilgani misolida ham anglab etish mumkin.
Shu o'rinda kuni kecha Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig'ilishi ahamiyati haqida ham to'xtalish joizdir.
Tarixiy tadbirda Prezidentimiz ham ishtirok etib, nutq so'zladi. Jumladan, “Bankning yillik anjumani Toshkentda o'tkazilishi o'ziga xos ramziy ma'noga ega. Biz buni O'zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo'shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so'nggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning e'tirofi, deb hisoblaymiz”, dedi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda O'zbekiston zaminida yashab o'tgan buyuk allomalarning boy ilmiy merosi nafaqat Islom dini rivoji, balki dunyoviy bilimlarni ham takomiliga etkazib, insoniyat uchun yangi tamaddun yo'lini ochdi.
Shu ma'noda, ITB Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig'ilishining poytaxtimizda bo'lib o'tgani keyingi yillarda O'zbekistonning islom dunyosida mavqei yuksala borayotganidan, mintaqa davlatlari bilan do'stona munosabatlarni o'rnatganidan, muqaddas zaminimizda tom ma'noda Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotganidan ham darak beradi.
Prezidentimiz o'z nutqida ITB bilan hamkorlik nuqtai nazaridan bir qator dolzarb takliflarni ham ilgari surdiki, Alloh nasib etib, ular amalga oshsa, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Yangi O'zbekistonda diniy ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan ezgu islohotlarga kamarbasta bo'lib, Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, tinchlik va osoyishtalikni, millatlararo totuvlik va bag'rikenglikni ta'minlash, yosh avlodni sog'lom va barkamol insonlar etib voyaga etkazishda alohida fidoyilik ko'rsatayotgan taniqli ulamolar, islomshunos olimlar, tajribali imom-xatiblar, mohir mudarrislar, faol otinoyilar va diniy soha xodimlari o'ziga xos hurmat, e'tibor namunasi sifatida “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Alloh nasib etsa ushbu yuksak mukofotni qo'lga kiritgan 300 ga yaqin diniy soha xodimlari mamlakatimiz ravnaqi, dinimiz rivoji, elimiz farovonligi yo'lida yanada shijoat va g'ayrat bilan mehnat qilib, davlatimizning yuksak e'tirofiga munosib bo'ladi.
Shunday shukuhli kunlarda esdan chiqarmaylik, Alloh taolo ne'matlarga shukr qilsak, ziyoda qilishining va'dasini bergan: “...agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...”(Ibrohim surasi 7-oyat).
Darhaqiqat, kindik qoni to'kilgan joy inson uchun hech narsaga almashtirib bo'lmaydigan qimmatli makon. Vatanni sevish faqat tilda qolib ketmasligi, balki vatandoshlar yurt ravnaqi uchun birlashishi, bir-biriga xayrihoh bo'lib, dunyo-oxiratda foydali bo'lgan ishlarga birdamlikda harakat qilishi lozim. Alloh taolo yurt taraqqiyoti va farovonligi yo'lida olib borayotgan xayrli ishlarda barchamizga kuch-quvvat bersin!
Homidjon IShMATBYeKOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari.
Mustaqillikning 35 yillik bayrami munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab 22–23 avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazilyapti.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi rahbariyati tashabbusi bilan 22 avgust kuni poytaxtimizdagi barcha masjidlarda masjid xodimlari bilan birgalikda jome hovlisi, xonaqoh, ko‘chalar, yo‘laklar tartibga keltirilmoqda, daraxtlarga ishlov berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati