Ahmad ibn Taymiyaning izdoshlari bo'lmish “salafiy”lar tarafdan ahli sunna val-jamoa aqidasida yozilgan mashhur matn al-Fiqh al-akbar asarini imom A'zam Abu Hanifaga tegishli emas degan iddao ilgari suriladi. Salafiy imom Alboniyga ayni shu mavzuda savol berishadi. U “imom Abu Hanifaning aqidagi doir hech qanday asari yo'q” deb javob bergan (“Hidoyat va Nur” turkum ko'rsatuvlari. 52-son).
Umuman salafiylar orasida al-Fiqh al-akbar Abu Hanifaga mansub emas degan fikr keng tarqalgan. Ularga ko'ra, Imom Abu Hanifa rahimahulloh hijriy birinchi asrning oxiri va ikkinchi asrning birinchi yarmida (80-150) yashab o'tgan. Bu davrda hali kitob yozish an'anasi yo'lga qo'yilmagan edi, demak al-Fiqh al-akbarning muallifi imom Abu Hanifa bo'lmagan.
Masalaning qiziq tarafi shuki, xozirgi salafiylarning bu fikri salafiylik asoschisi Ahmad ibn Tayyamiya va uning yaqin shogirdi Ibn Qayyim al-Javziyalarning fikriga mutlaqo to'g'ri kelmaydi. “Salafiylar” ulug'i Shayh ul-islom Ibn Tayamiya “Dar'u taoruzil aql van naql” asarida al-Fiqh al-akbarning muallifi imom Abu Hanifa ekanligini, u kitob Abu Hanifaning shogirdlari orasida mashhur va keng yoyilganini aytib o'tgan. Shuningdek, yana bir “salafiy” imom ibn Qayyim al-Javziya ham o'zining “Ijtimo al-juyush al-islamiya” nomli asarida al-Fiqh al-akbar imom Abu Hanifaning asari deb aytib qo'ygan.
Bu ikkisdan tashqari boshqa e'tiborli olimlar ham al-Fiqh al-akbarning muallifi imom Abu Hanifa rahimahulloh ekanligini aytib o'tgan. Jumladan: alloma ibn Abulizz Aqidatu Tahoviyaning sharhida aytgan.
Shayh Vahbiy G'ovajiy Mulla Ali Qori rahimahulloh tarafdan al-Fiqh al-akbarga yozilgan sharhni tahqiq qilarkan shunday degan: “al-Fiqh al-akbar imom Abu Hanifa rahimahullohning imlosi va ta'lifidir. Bu kitob Alloma Zohid Kavsariy tarafdan birinchi bor tahqiq qilib nashr etilgan. Men Madinai munavvaradagi “Orif Hikmat” kutubhonasida al-Fiqh al-akbarning juda yaxshi saqlangan qo'lyozma nusxasini ko'rdim. Roviylari: Ali ibn Ahmad forisiy, u kishi Nasr ibn Yahyodan, u kishi Abu Muqotildan, u kishi Osim ibn Yusufdan, u kishi esa imom Abu Hanifa rahimahullohning o'g'li Hammoddan.
Hijriy 429 yili vafot topgan imom Abdulqohir Bag'dodiy o'zining “Usuli din” nomli asarida shunday degan: “Ahli sunna mutakallimlarining avvalgi faqihlari qatorida mazhab egalari imom Abu Hanifa va imom Shofe'iyni tilga olish o'rinli. Chunki imom Abu Hanifa qadariyalarga raddan bir kitob yozgan va uni al-Fiqh al-akbar” deb nomlagan. (Usuli din. Abdulqohir Bag'dodiy. 38 — Bet).
Imom Abulmuzaffar Isfaroiniy ham “at-Tabsir fid-din” nomli asarida bu mavzuga to'xtalib: “Abu Hanifa rahimahullohning al-Olim val-mutaallim” asari bilan “al-Fiqh al-akbar” asarlarida ahli bid'at va mulhidlarga raddan ochiq-oydin hujjatlar bor. Bu kitoblarning rivoyati bizga ishonchli va mo''tamad sanadlar bilan Nasr ibn Yahyodan u esa Abu Hanifadan etib kelgan” deb aytgan. (at-Tabsir fid-din. 113 — Bet).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, “al-Fiqh al-akbar”ning imom Abu Hanifa rahimahullohga mansubligida shubha yo'q. Bu kitob Imom Abu Hanifa rahimahullohning imlolari asosida, ya'ni u kishining aytib turishi shogirdlari esa qog'ozga tushirishi asosida yozilgan. Asrni muallifdan Hammod ibn Abu Hanifa, imom Abu Yusuf, Abu Muti' Hakam ibn Abdulloh Balxiy, Abu Muqotil, Hafs ibn Muslim Samarqandiy kabi shogirdlari yozib olgan va boshqalarga rivoyat va kitobat orqali etkazganlar.
Imom Abu Hanifa rahimahullohning nabirasi Ismoil ibn Hammod, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy, Muhammad ibn Samoa, Nasr ibn Yahyo al-Balxiy, Shaddod ibn Hakamlar esa sahih isnodlar bilan “al-Fiqh al-akbar”ni birinchi roviylaridan olib keyingi avlodga tarqatishgan va asar shu tarzda ishonchli roviylar silsilasi orqali shayh Abu Mansur al-Moturidiy rahimahullohgacha etib kelgan va u kishi bu asarga sharh bitgan.
TII Maxsus sirtqi bo'lim
bitiruvchisi Botirjon Tojiboyev
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati