Sunani Termiziyni Alloh nasib etib o'qiganimizda, bir savol ko'p bezovta qilardi. Bu savolga ba'zi ta'villar bo'lgan bo'lsada, qalbning johillikdan iborat shubha va gumon olovini butkul o'chira olmagan edi.
Savolning kelib chiqishi shundan iboratki, bobomiz Imom Termiziy rahimahulloh hadislarni rivoyat qila turib, ularga bo'lgan faqih va mujtahidlarning fikrlarini, ularning muborak ismlarini tilga olib zikr qiladilarda, lekin biz sevib unga ergashadigan «Hanafiya» mazhabi imomlarini, xossatan, Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimlarning ismlarini zikr qilmasdan, umumiy nom bilan, ya'ni «Kufa ahli» iborasi bilan ularning fikrlarini keltiradilar. Bu esa, o'quvchini har xil uy va xayollarga olib boradi.
Ulug'lar baribir, ulug'da! Ular bo'lmaganda, bu ummat dunyosi va dinida albatta, adashib ketardi!
Ulug' muhaddis, ummatning faxri Hazrat Shayx Mavlono Muftiy Sa'id Ahmad Polonpuriy 'attarallohu marqadahu bu savolga o'zlarining mashhur «Sunani Termiziy»ga yozgan sharhlari «Tuhfatul Alma'iy Sharhi Sunani Termiziy»da bunday go'zal javob berganlarki, bu o'quvchining zehnidan gumon o'tini ildizi bilan yulib oladi va ko'proq emas, balki juda ko'p kitob mutolaa qilish lozim ekanligiga ishora qiladi. Quyida u zotning fikrlarini keltiramiz:
«Shuni bilib olmoq lozimki, dastlabki davrda, ikkita ilm maktabi bor edi. Biri «Hijoz ilmiy maktabi» bo'lsa, ikkinchisi «Iroq ilmiy maktabi».
«Iroq ilmiy maktabi» vakillari, asosan, «nususlar» (Qur'on va hadis)dan masalalar chiqarib olardilar va zimnan hadis ilmi bilan shug'ullanardilar. Ularni «Ahli ray» ham deyishardi.
«Hijoz ilmiy maktabi» esa, asosan hadis rivoyati va hadis ilmiga doir masala va fatvolar bilan shug'ullanardilar.
«Iroq ilmiy maktabi» deganda, faqat Imom A'zam va u zotning shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimlarni tushunish xatodir, balki bu maktabning vakillari juda ko'p bo'lib, ulardan: Sufyoni Savriy, Sufyon ibn Uyayna, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Abi Laylo, Ibn Shibrima rahimahumullohlar va juda ko'p boshqa imomlar shu maktab vakillaridir. Ulardan keyin kelgan maktab vakillari ularning fikrlarini qo'llab-quvvatlab, dalil jihatidan boyitganlar. Shunday qilib, «Hanafiya» mazhabi maktabi vujudga keladi.
Bu maktab bilan bir davrda, «Hijoz ilmiy maktabi» vujudga keladi. Bu maktab boshlanishda, bir bo'lib, zamonlar o'tishi bilan turli maktablarga va mazhablarga bo'linib ketadi. Avvalda, bu maktabning etakchisi: Sa'id ibn Musayyab rahmatullohi alayh bo'lib, keyinchalik esa, Imom Molik rahimahulloh etakchi bo'ladilar. So'ng, Imom Shofi'iy rahimahulloh alohida yo'l tutadilar va u zotning alohida ilmiy maktabi vujudga keladi. U zotdan keyin, shogirdlari Imom Ahmad rahmatullohi alayh alohida yo'lni ixtiyor etadilar va u zotning ham alohida mazhablari vujudga keladi. U zotlardan tashqari, yana ko'plab imomlar o'zlarining alohida maktablarini tuzadilar. Masalan: Imom Avzo'iy, Imom Jarir Tabariy rahimahumulloh. Lekin bu mazhablarga ergashuvchilar qolmaganidan keyin bu mazhablar o'z-o'zidan tabiiy tarzda tugaydi.
«Hijoz ilmiy maktabi» uchta asosiy maktabga bo'linadi. «Iroq ilmiy maktabi» esa, yaxlidligicha qoladi. Hozir ham shu to'rt ilmiy maktablar bizgacha etib kelgan va mashhurdir. «Sihohi sitta» yozilgan davrda, hali «Hijoz ilmiy maktabi» to'liqligigacha uchga bo'linmagan edi. Agar bir kishi Molikiy bo'lsa, u to'liqligicha Molikiy emas edi, balki uning rujhoni (mayli) Molikiy mazhabiga edi. Ya'ni ko'p masalalarda, Molikiylar bilan maslakdosh bo'lardi. Kim Shofi'iy bo'lsa, ko'p masalalarda, Imom Shofi'iy rahmatullohi alayh bilan birga edi, lekin to'liqligicha emas.
Imom Termiziy rahmatullohi alayh «Hijoz ilmiy maktabi» talabalaridan va ergashuvchilaridan biri edilar. U zotning rujhonlari (mayllari) Imom Ahmad Ibn Hanbal rahmatullohi alayhga edi, ya'ni ko'p masalalarda, u zot bilan muvofiq edilar. Huddi Imom Abu Dovudning rujhonlari Imom ibn Hanbalga bo'lgani kabi.
«Sunani Termiziy»ning ba'zi joylarida bunga sarih (ochiqdan ochiq) ishoralar bor. Kitobning hech qayerida, Imom Termiziy Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahullohga ochiqlab e'tiroz bildirmaydilar, balki u zotni qo'llab-quvvatlaydilar. Lekin Imom Abu Hanifa va Imom Shofi'iy rahimahumullohga ochiq e'tiroz bildiradilar. U zot, yana Ishoq ibn Rohavayh rahimahullohga ham e'tiroz bildirmaganlar, chunki bu zotning mazhablari, bir-ikki masalalarni inobatga olmaganda, Imom Ahmad ibn Hanbalning mazhablaridan deyarli farq qilmaydi. Imom Termiziy shu ikki mazhabga ergashganlar.
Imom Termiziy rahimahulloh «Sunan»larida «Iroq ilmiy maktabi»ning faqihlari: Sufyoni Savriy va Abdulloh ibn Muborak rahimahullohlarning so'zlarini, ularning ismlarini zikr qilib keltiradilar. Vaholanki, Sufyoni Savriyning 95 foiz so'zlari va Abdulloh ibn Muborakning 98 foiz so'zlari Imom Abu Hanifaning so'zlaridir. Lekin Imom Termiziy rahimahulloh hech qayerda sarohatan (ochiqchasiga) Imom Abu Hanifa va ikki sohibayn Abu Yusuf va Imom Muhammad rahimahullohlarni zikr qilmaydilar, balki «Kufa ahli» iborasi bilan keltiradilar. Ko'p «Hazratlar» bu holatni: «Iroqiy va Hijoziy maktablar orasidagi o'zaro kurash va tortishuvlar sababli, Imom Termiziy rahmatullohi alayh o'z «norozilik»lari ifodasi sababidan u zotlarni shu tarzda zikr qilganlar», -deb tushunishadi, lekin bu fikr- noto'g'ri. Asl gap shuki, u zamonda kitoblardan rivoyat qilish joiz bo'lmagan, balki o'ziga kelgan sanad bilan rivoyat qilishni joiz sanashgan.
Shunga ko'ra, Imom Termiziy rahimahulloh «Kitobul Ilal»larida mujtahidlarning so'zlarini sanadlari bilan keltirganlar. Mujtahidlarning bu so'zlari hadislarning sharhi orasida bayon qilingan edi. Shunga ko'ra, Sufyoni Savriy va Ibn Muboraklar hadis darsi halqasida bayon qilgan so'zlari Imom Termiziyga sanad bilan yetib kelgan va u zot bu so'zlarni rivoyat qilganlar. Uch Imom esa, fiqhdan dars berardilar, hadislar masalalar zimnida bayon qilinar edi. Shuning uchun ham bu fiqhiy masalalar uch imomdan u zotga sanad bilan etib bormaydi. Agar bu so'zlar Termiziy rahimahullohga sanad bilan etib borganda edi, u zot albatta, bu ulug' zotlarni nomini, ularning fikrlarini zikr qilardilar.
Masalan, u zotga sanad bilan etib kelgan, Imom Abu Hanifaning Jobir Ju'fiy borasidagi jarhlarini olsak. Imom Termiziy rahimahulloh bu jarhni u zotning ismlarini zikr qilib, «Kitobul Ilal»larida keltirganlar. Agar shu kabi boshqa so'zlar ham sanad bilan kelganida, albatta, qavlni u zotning ismlarini tilga olib keltirar edilar.
Lekin shu bilan birga, Hijoziy maktab vakillari Iroqiy maktab vakillarining fiqhga doir kitoblarini mutolaa qilar va ularning fiqhiy maslaklarini bilar edilar. Shuningdek, Iroqiy maktab vakillari ham Hijoziy maktab vakillarining hadisga oid kitoblarini mutolaa qilar va ularning hadislaridan voqif edilar. Shuning uchun ham Imom Termiziy rahimahulloh u zotlarning ismlarini zikr qilmasdan fiqhiy maslaklarini bayon qilib qo'ya qolganlar, chunki ismlarini zikr qilish uchun sanad zarur edi. Bunday holatni Imom Tahoviy rahimahullohning «Sharhi Ma'oniyul Osor» kitoblarida ham ko'rishimiz mumkin. U zot Hanafiy imomlarining fikrlarini ularning ismlarini zikr qilib keltiradilar. Boshqa imomlarning fikrlarini esa, «Zahaba qavmun» istilohi ostida keltirib, ularning maslaklarini bayon qiladilar. Bu tarzda yo'l tutishlarining sababi Imom Termiziy rahimahullohning sabablari bilan bir xildir. Vallohu A'lam! (Manba: «Tuhfatul Alma'iy Sharhi Sunani Termiziy» 1-jild, 183-184 betlar).
Toshkent islom instituti 4 bosqich talabasi
Nodirbek ODINAYeV tayyorladi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati