Toshkent islom instituti Kengashi tavsiyasiga binoan O'zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasi institut o'qituvchilariga dotsent ilmiy unvoni berish yo'lga qo'yildi.
Institut Kengashi tavsiyasiga binoan dotsent ilmiy unvoni olgan ikkinchi o'qituvchi, Ilmiy ishlar va fan bo'yicha prorektor Primov Soatmurot Uralovich bo'ldi.
Shu munosabat bilan professor-o'qituvchilar va ilmiy xodimlar ishtirokida tadbir o'tkazildi. O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari, institut rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov yurtimizda olib borilayotgan diniy-ma'rifiy islohotlar, masjidlar va diniy ta'lim muassasalari tashkil etilayotgani, magistratura va doktorantura bosqichlari ochilishi, imom-xatib va ustozlarning dissertatsiya himoyalari jadallashgani borasida so'z yuritib, institut o'qituvchi va ilmiy xodimlarini ilmiy-tadqiqot yo'nalishidagi faoliyatlari bo'yicha tavsiyalar berdi. Ilmiy daraja olib, unvonli o'qituvchilar safi kengayishining samaralari haqida to'xtaldi.
Shundan so'ng professor Muhammadolim domla “24.00.03 – Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot” ixtisosligi bo'yicha dotsent ilmiy unvoni guvohnomasini Soatmurot domla Primovga topshirdi.
Primov Soatmurot Uralovich 2003 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida bakalavriat, 2008 yili Toshkent islom universiteti magistratura bosqichini tomomlagan. Toshkent islom institutida qariyb 20 yildan buyon faoliyat yuritib, “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasida o'qituvchi, kafedra mudiri bo'lib, Ilmiy ishlar va fan bo'yicha prorektor lavozimida mehnat qilmoqda.
S.Primov 2021 yilda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy Kengashda “Abu Shakur Keshiy “Tamhid” asarining moturidiya ta'limoti rivojida tutgan o'rni” mavzusida Islomshunoslik fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi.
Ma'lumot o'rnida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Kengashida taqdimnomasiga binoan institut tarixida ilk bor “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o'qituvchisi Irgash Daminovga dotsent unvoni berilgan edi.
Tadbir so'ngida Haq taolodan Soatmurot domla Primovga kelajakdagi ilmiy faoliyatiga ulkan zafarlar va Toshkent islom institutining ilmiy salohiyati yanada rivojlanishini so'rab duolar qilindi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati