Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Ehromdagi odam kamar taqsa bo'ladimi?

24.05.2024   4090   4 min.
Ehromdagi odam kamar taqsa bo'ladimi?

Cavol: Haj va umraga borgan odam, ehromga kirganda izorni ushlab turishi uchun kamar taqsa bo'ladimi? Ridosini tushib ketmaydigan qilib magnit yoki shunga o'xshagan narsalar bilan mahkamlab olsa bo'ladimi?

Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.

Ehromdagi odamga bir nechta taqiqlangan ishlar bor. O'sha taqiqlangan ishlardan biri — ehromda tikilgan kiyim kiyish. Oddiy kamar, garchi tikilgan kiyim bo'lmasada, biroq unga o'xshab izorni ushlab turadi. Shuning uchun agar izorni mahkam ushlash maqsadida kamar taqsa, makruh. Lekin kamarda hamyon bo'lsa va unga nafaqa (pul) solib beliga bog'lab olsa, buni zarari yo'q.

“Ehromdagi odam o'zining nafaqasi yoki boshqa kishining nafaqasi solingan hamyonli kamar taqishining zarari yo'q. Shu o'rinda kamar ilgakli yoki charm tasmali bo'lsin farqi yo'q. Oisha onamizdan ehromdagi odam hamyonini qanday olib yurishi haqida so'ralganida: “Nafaqangni (belingga) mahkam bog'lab ol”, dedilar. Bu joyda Oisha onamiz roziyallohu anhu hukmni mutlaq aytdilar, tafsir qilmadilar.

Ibni Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehromdagi odam nafaqa solingan hamyonini beliga bog'lashiga ruxsat berdilar".

Bu gapga tobe'inlardan Sa'id ibni Jubayr, Ato, Tovus roziyallohu anhumlar yurganlar. Chunki hamyon va kamarning o'ralishi izorning o'ralgani kabi bo'ladi (ya'ni tikilgan kiyim kiyishga o'xshamaydi) (“Bado'us-sanoi'” kitobi).

“Ehromdagi odam ridosini tugmalasa, gunohkor bo'ladi. Ehromdagi odam izorini biror ip va shunga o'xshash narsalar bilan bog'lasa ham, ridosini tugmalagani kabi bo'ladi va bu tikilgan kiyimni kiyishga o'xshab qoladi. Chunki tugmalash sababli izorni echilib ketishidan saqlab turishga hojat qolmaydi. Hamyonni belga bog'lash bunga o'xshamaydi. Chunki hamyon odatda izorni ichidan bog'lanadi. Shunday ekan hamyonni belga bog'lash: undagi nafaqani saqlash uchun, izorni mahkam ushlash uchun emas. Izorni ichidan yoki ustidan hamyonda pulini saqlash niyatda bog'lasa buni zarari yo'q. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ehrom kiygan kishining izorini ustidan ip bog'lab olganini ko'rib: “Bu ipingni tashlagin”, deganlar (“Raddul muhtor” va “Mabsut” kitoblari).

Hulosa: Ehromdagi odam kamar taqishdan maqsadi, undagi hamyonga nafaqa solish va uni o'zi bilan ehtiyot qilib yurish bo'lsa, buni zarari yo'q. Biroq kamar taqishdan maqsad izorni mahkam ushlab turish bo'lsa, makruh bo'ladi, lekin qon vojib bo'lmaydi.

“Muhrim izor va ridosini tugmalasa, yoki to'g'nagich bilan mahkamlasa, yoki izorini bog'lab olsa gunohkor bo'ladi. Lekin unga qon vojib bo'lmaydi (“Durrul muxtor” kitobi).

Muhrim ridosini to'g'nog'ich bilan jamlamaydi (“Mabsut” kitobi).

Hulosa: Muhrim ehromdalik holatida ridosiga har xil tugma va shunga o'xshash kiyimni go'yo tikilganday mahkam ushlab turadigan narsalar bilan mahkamlash makruhdir. Lekin bu holat qon chiqarishni vojib qilmaydi. Vallohu a'lam.

 O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

18.09.2026   32444   2 min.
Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.

Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.

Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari