Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Sentabr, 2026   |   8 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:07
Peshin
12:17
Asr
16:37
Shom
18:30
Xufton
19:45
Bismillah
19 Sentabr, 2026, 8 Rabi`us soni, 1448

Bomdodning sunnatini o'qishga ulgurmagan farzdan keyin o'qiydimi?

28.05.2024   2227   5 min.
Bomdodning sunnatini o'qishga ulgurmagan farzdan keyin o'qiydimi?

Cavol: Kitoblarda: “Jamoatga kelgan kishi garchi bomdodga iqomat aytilgan bo'lsa ham, sunnatni o'qib, keyin imomga iqtido qiladi”, deyilgan. Bu gap: “Iqomat aytilganidan so'ng farzdan boshqa namoz yo'q”, mazmunidagi hadisga zid emasmi? Aslida ushbu hadisga ko'ra kishi garchi bomdodning sunnatini o'qimagan bo'lsa ham imomga ergashishi kerak emasmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz aytgan hadisni imom Muslim rahimahulloh o'zlarining “Sahihi Muslim” kitobida rivoyat qilgan. Lekin masalaga bitta hadis bilan xulosa chiqarish yoki mazhabboshilar, mujtahid ulamolarni hadisga zid ravishda fatvo aytishda ayblash katta xato hisoblanadi. Chunki mujtahid ulamolarimiz bu boradagi barcha hadislarni o'rganib, bir-biriga muvofiqlashtirib keyin masalani bayon qilishgan. Siz hadisga zid, deb hisoblayotgan masala ham ana shunday masala sanaladi.

Bir narsani bilish lozimki, hadislar bir-birini to'ldirib yoki biridagi umumiy ma'noni boshqasi xoslab ham keladi. Siz keltirgan hadisdagi umumiy ma'nodan boshqa hadislar bomdodning sunnatini istisno qiladi. Jumladan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar sizni otliqlar quvib tursa ham ikkisini qo'ymanglar”, deganlar.

Imom Tahoviy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “U kishi ya'ni Abu Dardo masjidga kirganlarida, insonlar bomdod namoziga saf tortib, o'qiyotgan bo'lsalar, u kishi masjidning bir chetida bomdodning ikki rakat sunnatini o'qib, so'ng jamoatga qo'shilar edilar”.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam nafllardan hech biriga Bomdodning ikki rakatiga odatlanganlari kabi qattiq odatlanmagan edilar”(Muttafaqun alayh).

Abdulloh ibn Abu Musodan rivoyat qilinadi: “Imom bomdod namozini o'qiyotgan vaqtda Ibn Mas'ud roziyallohu anhu keldi. Bomdodning ikki rakat sunnatini o'qimagan ekan, bir ustunning orqasida sunnatni o'qidi” (Imom Abdurrazzoq rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhudek sahoba shunday yo'l tutganidan bomdod namozining sunnati istisno qilinganini tushunish mumkin. Chunki ulug' sahobiy bunday hadisni bilmagan yoki amal qilmagan deyish mutlaqo mumkin  emas.

Bu kabi hadislar ko'p. Hususan, Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rohimahulloh “E'lous-sunan” kitoblarida bu kabi hadislarni Umar ibn Hattob, Ibn Abbos, Ibn Umar kabi sahobiylardan roziyallohu anhum naql qilib keltirganlar (“E'lous-sunan” kitobi).

Shunday ekan, bu holatda nima qilish kerak. O'qiydi, desak, siz keltirgan hadisga zid ish tutgan bo'ladi. O'qimaydi, desak, keyingi hadislarga zid ish qilgan bo'ladi.

Bomdoddan keyin o'qib oladi deyilsa, ulamolar bunday qilishni makruhi tahrimiy deyishgan. Chunki sahih hadislarda bomdod vaqti kirgach, bomdodning sunnatidan boshqa nafl namoz o'qishdan qaytarilgan. Mana shunday paytda mujtahid imomlarimizning mashaqqatli mehnati namoyon bo'ladi. Ular mazkur mazmundagi barcha hadislarni batafsil o'rganib chiqqandan keyin masalalarni bayon qilishgan. Keyingi ulamolar bu masalalarni kitoblarida keltirishgan. Jumladan alloma Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor” kitobida bunday degan:

“Farz namozga iqomat aytilganda nafl o'qish makruhdir. Bundan bomdodning sunnati mustasnodir. Garchi tashahhud bo'lsa ham jamoatga ulgurishga umid bo'lsa, sunnatni o'qiydi. Agar ulgura olmaslik xavfi bo'lsa, sunnatni butunlay tark qiladi. Bundan bomdodning sunnati mustasnodir deyildi. Chunki bu haqda imom Tahoviy va boshqalar “Ibn Mas'ud roziyallohu anhu bomdod namoziga iqomat aytilganda masjidga kirdilar va bir ustunning orqasida bomdodning sunnatini o'qib oldilar”, degan hadisni rivoyat qilishgan. Bu voqea Huzayfa va Abu Muso roziyallohu anhumolarning ko'z o'ngida sodir bo'lgan. Bunday ishni Umar, Abu Dardo, Ibn Abbos va Ibn Umar roziyallohu anhumlar ham qilgani rivoyatlarda aytilgan. Tobeinlardan Hasan Basriy, Masruq va Sha'biylar ham shunday yo'l tutishgan”.

Hulosa qilib aytganda: iqomat aytilganidan keyin bomdodning ikki rakat sunnatini agar farziga ulgurish imkoni bo'lsa, darhol masjidning cheti yoki biror ustunning orqasida o'qib, so'ng farzga qo'shiladi. Agar sunnatlarni o'qisa, farzga ulgura olmasa, u holda ularni tark qilib, farzni o'qish uchun jamoatga qo'shiladi. Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat va insoniy burchdir

18.09.2026   32146   1 min.
Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat va insoniy burchdir

Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.

Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.

Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.

Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari