Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Moturidiy maqbarasi qayerdaligini nega bilmaymiz?

31.05.2024   3779   8 min.
Moturidiy maqbarasi qayerdaligini nega bilmaymiz?

Dam olish kunlari Samarqanddagi ba'zi ziyoratgohlarga borib, bir nechta holatlarga guvoh bo'ldim. Avvalo, hozir ayni turizm mavsumi boshlangan payt bo'lgani uchunmi, tarixiy maskanlarda ziyoratchilar ko'p edi. Misol uchun Hazrati Doniyor, Shohi Zinda, Bibixonim majmuasida nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayohatchilar ham anchagina edi. Asosiy maqsadimiz Samarqandda yotgan ulug'larni ziyorat qilish bo'lgani uchun bu maskanlardan chiqib Imom Moturidiy, Ho'ja Ahrori Vali, Bahovuddin Sog'arjiy, Mahdumi A'zam ziyoratgohlariga ham bordik. Afsuski, ayniqsa imom Moturudiy va Ho'ja Ahrori Vali ziyoratgohlarida deyarli ziyoratchi uchratmadik.

Shunda o'tgan yili Buxoroga sayohat uchun borganimizda u erdagi etti pir ziyoratgohlariga odamlar navbatda turib kirayotgani yodimga tushdi. To'g'ri, ehtimol u erda ham bunday gavjumlik doimiy ravishda bo'lmas, ammo biz ushbu ziyoratgohga borgan kunlarimiz ham dam olish, yuqorida aytganimday, sayyohlik mavsumiga to'g'ri kelayotgan edi.

Aytmoqchimanki, islom dini quvvati uchun katta hissa qo'shgan, butun islom olamiga mashhur allomalar xoki aynan Samarqandda joylashganini bugun afsuski nafaqat boshqa viloyat ziyoratchilari, balki samarqandliklar ham yaxshi anglamaydi. Garchi ziyorat ko'ngil hoxishi, ruh oromi uchun amalga oshirilsa-da, bu jarayonda inson bevosita tarix bilan qiziqadi, ma'naviy ildizlarimiz nelar bilan oziqlanganiga yana bir karra e'tibor beradi. O'ziga bir nazar tashlaydi, bu hayotda nimalar bilan shug'ullanayotganiyu, nimalarni boy berayotgani haqida mushohada yuritadi. Shu ma'noda ham ushbu ziyoratgohlarga tashrif kishi ko'nglini poklaydi, ezgu amallar qilishga yo'llaydi. To'g'risi, xayolimda hatto Samarqandda ham etti pir yo'nalishini tashkil etish kerak emasmikan, degan fikrlar ham o'tdi. Ammo olimlar bilan suhbatlashish asnosida bu fikrlarim biroz xato ekanligini tushunib etdim.

Pir tushunchasi turkiylarga xos

-Pir tushunchasi faqat turkiy dunyo mamlakatlari ko'proq e'zozlaydigan va ixlos qiladigan tushuncha, - deydi Imom Buxoriy xalqaro markazi ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy bo'limi rahbari Barot Amonov. - Ammo butun dunyodagi islom davlatlarida bu tushuncha unchalik shakllanmagan va Imom Buxoriy, Imom Moturudiy kabi allomalarning dinimizga qo'shgan hissasi beqiyosligi bilan ulug'lanadi. Biz ushbu ziyoratgohlarni bir yo'nalishda qilib ularning darajasini qaysidir ma'noda tushirib qo'yishimiz mumkin. Sababi, ularning har biri o'z sohasida ulug' ishlarni amalga oshirgan. Ushbu bobokalonlarimizning merosini, ular amalga oshirgan ishlarni doimiy ravishda gapirib borishimiz juda muhim, deb o'ylayman. To'g'ri, bugun xorijda, xususan, islom davlatlarida ziyorat turizmi targ'iboti bo'yicha qator ishlar olib borilayapti. Ammo afsuski, ushbu targ'ibot tadbirlarida mamlakatimizda tashkil etilgan xalqaro markazlar vakillari taklif etilmayapti. Vaholanki, bugun yurtimizda faoliyat ko'rsatayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy ilmiy tadqiqot markazlari  ushbu allomalar asarlarini tadqiq etish, keng ommaga etkazish kabi  vazifalar bilan shug'ullanadi.

Aytish kerakki, Imom Moturudiy orom topgan Chokardiza qabristonining o'zida 400 ga yaqin Muhammad ismli avliyolar xoki qo'nim topgan. Shuningdek, Abu Lays Samarqandiy, Umar Nasafiy, Burhoniddin Marg'inoniy kabi ulug' alloomalarimiz qabrlari ham aynan shu erda. Bu maskan ziyorati kishiga nafaqat ruhiy orom, balki tariximiz, Samarqandda yashab o'tgan olimu ulamolar hayoti haqda ham ko'p bilim beradi.

Targ'ib yangicha bo'lishi kerak

Butun islom olamiga mashhur ushbu ziyorat maskaniga odam kamligi ularning bu haqda bilmasligidanmi yoki moliyaviy sabablar ham bormikan? Bu haqda sayohat tashkil etuvchi firma rahbarlari bilan suhbatlashdik.

-Biz asosan ziyoratchilar talablari asosida ish yuritamiz, - deydi Abbos Hazratqulov. – Misol uchun, Samarqandga borgach, albatta Registon, Amir Temur maqbarasi yoki shunga o'xshash obidalarni ko'rishni niyat qilgan  sayohatchilarga ularni majburlab boshqa yo'nalish belgilay olmaymiz, albatta. Tabiiyki, sayohatchilarning Samarqandda bir kun emas, ikki kun qolishi biz uchun ham daromadliroq bo'lar edi. Chunki siz aytgan ziyoratgohlarga ham borish uchun Samarqandga bir kunlik sayohatning o'zi kamlik qiladi. Ammo bu mijozlarning o'zlari hal qilishi kerak bo'lgan tanlovdir.  Afsuski, siz aytgan, hatto xorijdan ham xos ziyoratchilar  izlab keladigan, ulug' allomalar qo'nim topgan makonlar etarlicha targ'ib qilinmayapti, deb o'ylayman. To'g'ri, telekanallarda ular haqda qator ko'rsatuvlar berilishi, katta maqolalar chop etilayotgan bo'lishi mumkin. Ammo bugun global tarmoq rivojlangan, odamlar asosan qisqa video ko'rib, qisqa matnlar bilan kifoyalanib qolayotgan bir paytda ushbu ziyoratgohlar ham o'ziga xos tarzda aholiga namoyish etilishi lozim.

Keyingi yillarda ziyorat turizmi, uni rivojlantirish borasida respublika miqyosida qator tashabbuslar ilgari surildi, Samarqandda ham bu bo'yicha xalqaro doiradagi konferentsiyalar o'tkazildi.

Ziyorat marshrutlari ko'pam o'zgarmagan

- Viloyat "Vaqf xayriya jamoat fondiga qarashli ziyorat turizm ob'ektlariga 2023 yil davomida ziyorat turizmi bo'yicha 261 783 ta xorijiy va 1 277 733 ta mahalliy jami 1 539 516 ta sayyohlar tashrif buyurgan, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Jasur Rahmonov. - Bunda asosiy tashrif ob'ektlari sifatida Shohi-Zinda ziyoratgohi, Ho'ja-Doniyor, Hazrati Hizr masjidi, Hazrati Dovud ziyoratgohi hamda Ruhobod maqbarasi asosiy sayyohlar oqimini o'ziga jalb qilayotgan ziyoratgohlarimizdan bo'ldi.

Samarqand viloyatida 147 ta ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolar mavjud. Ta'kidlab o'tish joiz, bugungi kunga kelib viloyatimizning turizm salohiyatini islom dini mamlakatlaridagi keng targ'iboti natijasida ziyorat maqsadida sayyohlar soni ortmoqda. Natijada 2023 yilda Samarqand viloyatidagi mavjud ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarga 500 000 dan ortiq sayyohlarni jalb etish bo'yicha reja qilingan bo'lsa, 2024 yilga ziyorat turizm bo'yicha 700 000 dan ortiq keladigan turistlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Qayd etish joiz, joriy yilning dastlabki uch oyi davomida viloyatimizdagi ziyoratgohlarga 150 mingdan ortiq sayyohlar tashrif buyurdi.

Viloyatimizdagi ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolarga asosan Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Turkiya, Turkmaniston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurayotgan bo'lib, bugungi kunda aholi sonining asosiy qismini musulmonlar tashkil qiluvchi Malayziya, Singapur va Indoneziya davlatlaridan ham ziyorat turizm yo'nalishida sayyohlarni keng jalb qilish maqsadida bir qator muhim qadamlar qo'yilmoqda.

Tahlil va hisob-kitoblarga ko'ra, Imom al-Buxoriy merosiga qiziquvchi ziyoratchilar Indoneziya, Turkiya, Pokiston Malayziya kabi davlatlardan, Abu Mansur Moturidiy merosiga qiziquvchi ziyoratchilar Hindiston, Turkiya, Pokiston, Bangladesh kabi davlatlardan, Ho'ja Axrori Valiy va Mahdumi A'zam izdoshlari bo'lgan ziyoratchi Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Tatariston va Checheniston kabi davlatlardan, Ho'ja Doniyor hamda yahudiylar dini merosiga talabgor ziyoratchilar Isroil, AQSh, Frantsiya va Rossiyadan jalb qilish imkoniyati mavjud.

Samarqand viloyati Payariq tumanida Imom al-Buxoriy majmuasida Ziyorat turizm klasteri tashkil etish bo'yicha yirik ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Majmua hududida 7 ta mehmonxona, 3 ta choyxona, supermarket, bozorcha, milliy hunarmandchilik buyumlari sotish ayvoni, hammom, tahoratxona, qushxona,  avtobus va engil avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonlari, avtostantsiya qurilishi belgilangan.

Darvoqe, ushbu maqolani tayyorlash jarayonida saytimizda (Zarnews.uz) ziyoratchilar nisbatan kam bo'lgan, yuqorida nomlari keltirilgan muqaddas qadamjolar rasmlarini, allomalarning hayoti haqida misollar bilan so'rovnomalar ham tashkil etdik. Garchi to'g'ri javoblar soni 50 foizdan ortgani kishini quvontirsa-da, ammo saytimizning asosiy o'quvchilari samarqandliklar ekanini hisobga olsak, bu natija kishini o'ylantirib qo'yadi.

Gulruh MO'MINOVA.

zarnews.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ey o‘g‘ilginam..."

18.09.2026   3478   3 min.

Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar


Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.

«Ey o‘g‘ilginam...»


Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.


Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:


«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».


Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.


Shundan so‘ng Luqmon:

«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»

deb nasihat qiladi.


Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.


Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.


Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:


«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.


Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.


Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:


«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».


Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.


Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:


«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.


Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar


Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.


Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.


Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.


Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.


Shu bois Luqmonning:


«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir. 
 

Humoyuddin Husniddin o‘g‘li, 

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi

                 yetakchi mutaxassisi tarjimasi 


                                      

Maqolalar