Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

“Dunyo uchun tijorat qilmayman”

20.06.2024   2097   2 min.
“Dunyo uchun tijorat qilmayman”

Rivoyat qilishlaricha, Horis al-Muhosibiy bolalik chog'ida xurmo sotuvchisining eshigi oldida o'ynab yurgan bolalar yonidan o'tib qolibdi. Ularning o'yinini kuzatib turgan Horis oldiga uyning egasi (xurmo sotuvchi) chiqib: “Mana bular senga, ol”, deya bir necha dona xurmo tutqazdi. U esa: “Bu qanday xurmolar?” deya sotuvchini savolga tutdi. Hurmo sotuvchi: “Hozirgina bir kishiga xurmo sotgan edim, ketayotganida tushirib qoldiribdi”, deb javob berdi. Horis: “Uni taniysizmi?” dedi. Sotuvchi: “Ha, taniyman”, dedi. Horis o'ynayotgan bolalarga qarab: “Bu odam musulmonmi o'zi?” deb so'radi. Ulardan “Ha” degan javobni eshitgan Horis sotuvchini o'sha holida tashlab, o'z yo'liga ravona bo'ldi. Hurmo sotuvchi uning ortidan bordi. Qo'lidan ushlab: “Men haqimda qanday xayolga borganingni aytmaguningcha qo'yib yubormayman”, dedi.

Horis esa: “Agar siz chin musulmon bo'lsangiz o'sha xurmolarning egasini qidirib toping va xurmolarni unga bering. Tashnalikdan tomog'ingiz quriganda suv qidirganingiz kabi qidiring. Musulmon bo'la turib musulmon bolalarga harom edirmoqchimidingiz?” dedi. Buni eshitgan xurmo sotuvchi: “Allohga qasam, endi hech qachon dunyo uchun tijorat qilmayman!” dedi.

Rivoyat qilinishicha, As-Sarriy ibn Mug'ollas As-Saqotiy ustoziga Maryam surasini o'qib berayotib, bir so'zning ma'nosini so'radi. Ustozi esa: “Bilmayman”, dedi. U esa yana bir so'zning ma'nosi haqida qiziqdi. Ustozi esa yana bilmasligini aytdi. As-Sarriy qiroatni to'xtatib: “Odamlar sizni olim deb bilishadi. Ilmingiz yo'q bo'lsa, nima uchun odamlarning gapiga aldanib yuribsiz? Ular bilmay maqtashsa g'ururlanib yuraverasizmi?” dedi. Buni eshitgan ustozi uni kaltaklay ketdi. As-Sarriy: “Ey ustoz, bilimsizlik va johillik etmaganday, endi zolimga ham aylanmoqchimisiz?” deganida, ustozi to'xtadi va aybini tushunib etdi, uni kechirdi. U o'sha kundan boshlab ustozlikdan voz kechib, ilm tolibiga aylandi va imkoniyatini ilm olishga qaratdi. U doim: “Meni jaholat kishanlaridan As-Sarriy ozod qilgan”, deb yuradigan bo'ldi.

Abdulloh Muhammad Abdulmu'tiyning "Mehr oyi" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Hikmatulloh Ro'zaliyev tarjimasi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   892   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari