Cavol: Ayol kishi Vidolashuv tavofini qilmay turib, hayz ko'rib qolsa, nima yo'l tutadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ayol kishi Vidolashuv tavofi qilmasdan turib hayz ko'rib qolsa, buning tafsiloti bor. Unday ayol Makka binolari joylashgan hududdan chiqib ketgandan keyin pok bo'lsa, Vidolashuv tavofi soqit bo'ladi. Qilmagani uchun hech qanday jarima yoki gunoh bo'lmaydi. Lekin Makka binolari joylashgan hududdan chiqmay turib poklansa, ortga qaytib Vidolashuv tavofini qilishi vojib bo'ladi. Bajarmasa, jonliq so'yishi lozim.
Agar qachondir yana umra yoki haj uchun borib, mazkur tavofni bajarib qo'ysa, uni to'liq ado qilgan bo'ladi. Bu holatda hech qanday jarima yoki gunoh bo'lmaydi. Bu haqda fiqhiy manbalarda bunday deyiladi:
“Hayzli ayol Makka binolaridan ajrashdan avval pok bo'lib qolsa, sadar(vidolashuv) tavofini bajarish lozim bo'ladi. Agar Makkadan chiqib ketgandan keyin pok bo'lsa, ortga qaytib tavof qilish vojib bo'lmaydi. Chunki bu ayol Makkaning uylaridan chiqib ketgan vaqtda musofir bo'ladi va shunga binoan uning zimmasiga qaytish ham, jonliq so'yish ham vojib bo'lmaydi” (“Irshodus soriy” kitobi).
Bu ma'nodagi gaplar “Fatovoi Olamgiriya”, “Mavsu'atul fiqhiya al-Kuvaytiya”, “G'unyatun nosik” kabi kitoblarda ham aytilgan.
Vidolashuv tavofi miyqotdan tashqaridan keluvchilar uchun vojib hisoblanadi. Uning vaqti Tavofi ziyoratdan keyin boshlanadi. Agar Tavofi ziyoratdan keyin nafl tavof qilib, garchi Vidolashuv tavofi deb niyat qilmagan bo'lsa ham, Vidolashuv tavofining o'rniga o'tadi. Agar hayz ko'rgan ayol Tavofi ziyoratdan keyin va uyiga ketishidan avval mana shunday nafl tavof qilgan bo'lsa, vidolashuv tavofi o'rniga o'tadi.
Umrada Vidolashuv tavofi bo'lmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati