Nafaqat yurtimiz balki xorijiy mamlakat aholisining diniy ehtiyojini qondirgan, ilm ma’rifat ulashgan ziyo maskani bo‘lmish Mir Arab madrasasi o‘zining ta’limu-tadris jarayonini boshladi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari qatori shonli tarixga ega bilim o‘chog‘i 5-sentyabr kuni erta tongda bilimlar kunini qarshi oldi. Unda bilim yurtining barcha ishchi-xodimlari, o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Bilim yurti ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mudir muovini A. Najmiddinov ochib berar ekan, avvalo barchani yangi 2018-2019 o‘quv yilining kirib kelishi munosabati bilan tabrikladi. An’anaga muvofiq tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng bilim yurti 4 kurs talabasi A.Axmadjonov Kuroni Karimdan tilovat kildi va duoyi-xayr qilindi. Bilim yurti mudiri J.Elov yangi o‘quv yilida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, ta’lim samaradorligini yanada oshirish uchun ko‘zlangan maqsadlar hamda talabalarni ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil gapirdi. Istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘quv jarayonlaridagi ijobiy o‘zgarishlar hamda yoshlarni milliy g‘urur, vatanparvarlik, milliy birdamlik, halollik, mehnatsevarlik asosida kamol toptirish uchun tavsiyalari tinglandi.

So‘ng tadbirga tashrif buyurgan ta’lim fidoyilari Bahouddin Naqshband jome’ masjidi imom xatibi A. Razzoqov, BDU filologiya fanlari nomzodi, dots.nt, faxriy mudarris N. Shukrulloyev hamda bilim yurti katta mudarrisi Q. Siddiqovlar talabalarga o‘zlarining ko‘p yillik tajribalaridan kelib chiqib nasihat qildilar. bu bilim dargohida ta’lim-tarbiya jarayonlari, o‘tgan ulamolarimizning o‘gitlari hamda dinimizdagi ilm va olimning fazilati haqidagi ko‘rsatmalarini oyat va hadislardan misollar bilan tushuntirib berdilar. Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida talabalar “Mustaqillik darsi”ga kirdilar.




Bilim yurtida tahsil olish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, uzoq viloyatlardan kelgan talabalarga shinam yotoqxonalar bilan ta’minlandi. Talabalarga har kuni ikki mahal issiq ovqat yangi bino qilingan, barcha qulayliklarga ega oshxonada berila boshladi.
Tolibi ilmlarga toat-ibodatlarini mukammal qilishlari uchun homiylar orqali keng va zamonaviy tahoratxona ishga tushirilgan. O‘quv kunining avvali mana shunday qulay taassurotlar bilan boshlandi.


Ma’naviyat va ma’rifat ishlari
bo‘yicha mudir muovini: A. Najmiddinov
16 yanvar kuni "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurtida taniqli diniy ulamo Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir boshida bilim yurti talabalari tomonidan tayyorlangan Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan "Ilm va ma’rifat yo‘lida kechgan umr" mavzusidagi video rolik namoyish etildi. Mazkur lavha tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Mazkur tadbirga allomaning o‘g‘li, O‘zbekiston musulmonlari idorasida uzoq yillar samarali xizmat qilgan Muhammad Akmalxon Shokirov faxriy mehmon sifatida taklif etildi.
Tadbirni bilim yurti ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A. G‘aniyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning ilm-ma’rifat rivojidagi o‘rni va diniy sohadagi fidokorona xizmatlarini alohida ta’kidladi hamda so‘zni mehmon — Muhammad Akmalxon Shokirovga taqdim etdi.
Muhammad Akmalxon Shokirov o‘z nutqida otalari — Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning hayot yo‘llari, ilmga bo‘lgan muhabbatlari va ibratli faoliyatlari haqida qimmatli xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, tolibi ilmlar uchun ilm olishning fazilati, odob-axloq va mas’uliyat masalalarida muhim maslahatlar berdilar.
Muhammad Akmalxon Shokirovning nutqidan so‘ng bilim yurti katta o‘qituvchisi J. Xolmo‘minov so‘zga chiqib, Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning ilm yo‘lidagi mashaqqatli faoliyati, shuningdek, u zotning shogirdlari tomonidan bildirilgan e’tiroflar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir yakunida Qur’oni karim tilovat qilinib, yurtimizda ilm yo‘lida umrlarini bag‘ishlab o‘tgan allomalar haqqiga, shuningdek, Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishini so‘rab duo-xayrlar qilindi.
Bilim yurti Matbuot xizmati