Musulmonlar Misrni fath etgani kelishganda, Bobiliyun qo‘rg‘oni oldigacha borib to‘xtashdi. Podshoh Muqavqis musulmonlar bilan muzokara o‘tkazishga rag‘bat ko‘rsatdi va ular nimani xohlayotganlarini bilish uchun bir vafd (delegatsiya) jo‘natdi. So‘ng ular ham bir vafd jo‘natmoqliklarini so‘radi. Amr ibn Os ularga o‘n kishilik jamoani yubordi. Ularning ichida Uboda ibn Somit ham bor edi. Uboda juda qora, bo‘yi novcha kishi edi. Hatto, uning bo‘yi o‘n qarich deguvchilar ham bor edi. Amr so‘zlash vazifasini unga buyurdi. Ular Muqavqis huzuriga kirgan vaqtlarida Uboda ibn Somit oldinga chiqdi.
Muqavqis uning qoraligidan qo‘rqib ketdi va: «Bu qorani ko‘zimdan yiroq qiling. Men bilan so‘zlashgani boshqa kishi chiqsin», dedi. Shunda vafd a’zolari barobariga: «Bu qora bizning fikr va ilm jihatidan afzalimizdir. U – sayyidimiz, yaxshimiz va peshqadamimizdir. Albatta, biz uning fikri va so‘ziga quloq solamiz», deyishdi. Muqavqis bunga javoban: «Bu qora sizlarning afzalingiz bo‘lishiga qanday rozi bo‘lasiz, holbuki, u sizdan tubanda bo‘lishi lozim edi-ku?» dedi. Ular esa: «Hech qachon! Garchi u qora bo‘lsa-da, ko‘rganingdek daraja, aql va fikrda afzalimizdir. Bizning ichimizda qorani inkor etadigan yo‘q!» deb keskin javob qilishdi. Shunda Muqavqis Ubodaga: «Oldinga chiq, ey qora. Menga muloyim so‘zla, men sening qoraligingdan qo‘rqaman», dedi. Uboda Muqavqisning qo‘rqinchini ko‘rgach, unga shunday dedi: «Bizning qo‘shinimizda mingta qora bor. Ular mendan-da qoradirlar».
Bu – Islom hazorasining ajoyibligi va insoniyligini ko‘rsatib turibdi… Barcha odamlar, hatto yigirmanchi asr kishilari ham qoralikni nuqson, deb biladilar. Ular qora tanlilarni oqlar qatorida bo‘lishga haqli, deb hisoblamaydilar-u, qanday qilib ularni e’zozlab o‘zlariga rahnamo qiladilar, fikr va ilmda afzal biladilar? Islom hazorasi kelganida, bu o‘lchovlarni yakson qildi. Bu fikrlarni ahmoqona, deb bildi. Ilmini, fikrini, shijoatini afzal bilgan paytda oqdan qorani oldinga qo‘ydi.
“Islom hazorasi”. Ahmad Muhammad
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati