Bolaligimda, bir sehrli kechada laylak uchib kelishi, u uchib o‘tayotganda inson nimani ushlasa, o‘sha narsa oltinga aylanib qolishi haqidagi rivoyatni eshitganimdagi hayrat va hayajonni hozir ham tasvirlab bera olmayman. Hatto, bir ayol laylakning uchib o‘tishidan cho‘chib ketib, beshikdagi bolasini ushlab, beshik ustiga yopirilgan. Shunda uning bolasi tillaga aylanib qolgan.
Endi bilsam, g‘amxo‘r onalarimiz balki o‘shanda bizga tushunarli bo‘lishi uchun, bizning tilimizga tushib “Laylatul qadr” so‘zidan laylak haqidagi cho‘pchakni, u kecha “ming oydan yaxshi” bo‘lganidan ushlagan narsasi oltinga aylanishi haqidagi rivoyatni to‘qib, shu bilan bizning bu – Buyuk Qadr kechasiga munosabatimizni shakllantirgan, muhabbatu hayratimizni oshirgan ekanlar.
Mana yillar o‘tib, ulg‘aygan bo‘lsakda, qadr kechasi kirib kelayotganda o‘sha laylak haqidagi buvilarimizning rivoyatlari ongimizda bir chaqnab o‘tadi. Ehtimol, bu noto‘g‘ri yondashuvdir. Biroq bolaning qalbiga bu kechaning qadrini muhrlashning bundan zo‘r yo‘lini topolmaysiz. Bugun qadr kechasining mohiyatini to‘liq anglagan bo‘lsakda, bu kechaning qadri bizning ongimizda buvilarimizning o‘sha rivoyatlari bilan jonlalanadi, jozibalanadi. Qalbimiz o‘sha bolaligimizdagidek beg‘ubor, niyatlarimiz pok bo‘lib kechaga kiramiz. Ehtimol o‘zga millat (mamlakat) musulmonlari ongida qadr kechasi bunday go‘zal gavdalanmas?!
Endi Qadr kechasi mohiyatini yana bir bor eslaylik! Avvolo bu kecha oylarning sultoni – Ramazon ichida keladi. Bu kechada Qur’oni Karim to‘lig‘icha nozil bo‘lgan. Quroni karimda uning ming oydan yaxshi kecha ekanligi haqida yozilgan. Ramazon oyi payg‘ambarimiz s.a.v.ga ilk vahiy kelib, “Alaq” surasining dastlabki 5 oyati nozil bo‘lgani, bashariyatga islom dini yuborilgani bilan muqaddas sanalsa, eng muqaddas oydagi bu kecha inson taqdiriga bog‘liqligi bilan – eng buyuk kecha.
Kechaning Qur’oni Karimda keltirilgan arabcha nomi “Laylatul Qadr” bo‘lib “Layl” so‘zi “tun, kecha” ma’nolarini anglatadi. “Qadr” esa “Qadr-qimmat, boho, taqdir, o‘lchov” ma’nolarini bildiradi. Musulmonchilikda inson taqdiri azaldan, Yaratgan tomnidan belgilab qo‘yilganiga imon keltiriladi. Bu kechada Egamiz olamning keyingi yilgi shu kechagacha bo‘lgan taqdirini – hayotning achchiq-chuchugini, pastu balandini belgilaydi. Bu – taqdir kechasi.
Qadr kechasi qachon bo‘lishi aniq aytilmagan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Qadr kechasini ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan izlang” deganlar. Ulamolar manbalarni tahlil qilib, bu kecha ramazonning 26-dan 27-ga o‘tar kechasi yuz berishiga ittifoq qilganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan bu kecha aynan qaysi kunda yuz berishini so‘rashganida, u zot “Albatta aytardimu, aytsam odamlar boshqa kechalarda namoz o‘qimay qo‘yadilarda” deb javob berganlar.
Yana, Payg‘ambar (s.a.v.)dan qadr kechasida nima bilan mashg‘ul bo‘lish lozimligi to‘g‘risida so‘rashganda, ul zot “Parvardigorim! Sen kechirimli, saxiy zotsan! Kechirishni sevasan! Biz (bandalaring)ni (O‘zing) kechir!” deyish kerakligini aytganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘zlari ramazon oyida va boshqa vaqtlarda mashhur “Robbana, atina...”, yani, “Robbim! Bu dunyoda yaxshilik nasib qil! Oxiratda yaxshilik nasib qil! Do‘zax azobi(ng)dan asra!” duosini eng ko‘p o‘qiganlar.
Bu kechada namoz o‘qish, jo‘shqin ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘lish tavsiya qilinadi.
Hadisi sharifda “Kim qadr kechasini chin ixlos bilan o‘tkazsa, hayoti davomida qilgan barcha gunohlari kechiriladi” deyilgan.
Qadr kechasi – buyuk kecha! Chin dildan bu kechani topaman desak, albatta, uning xususiyatlari bizga ayon bo‘ladi. Xususan, Qadr kechasi boshlanadigan kunning tongida quyosh nuri kuchli bo‘lmaydi, ammo kechaning o‘zi munavvar bo‘ladi. Kechasi havo mo‘tadil bo‘ladi, mayin shabada esadi. Inson qalbi yumshaydi, taskin topadi. Chin dildan toat-ibodat qilganimizda kechaning fazilati va barokoti inganini his qilamiz. Bu kechada osmondan Jabroil (a.s.) boshchiligida son-sanoqsiz farishtalar yer yuziga tushganini, zamin go‘yo ularga torlik qilayotganini, tongga qadar farishtalar bizga salom aytayotganini his qilamiz. Mana shu – qadr kechasi! Bizga momolarimiz “Laylak” rivoyati bilan tushuntirgan, Yaratganning bebaho ne’matlariga noil bo‘linadigan sehrli kecha!
Qadr kechasida duo qilaylik: Parvardigoro! Sen kechirimli, saxiy Zotsan! Kechirishni sevasan! Bizni, o‘tganlarimizni O‘zing avf et! Dunyo va oxiratda yaxshilik nasib qil! Do‘zax azobi(ng)dan asra! Roziligingdan, jannatingdan, didoringdan umidvormiz! O‘zing qulim de!
Muhammadamin NASRIYEV
Toshkent islom instituti xodimi
Biz ko‘rib turgan bu ajib dunyo ilm bilan obod bo‘ladi. Yangi kashfiyotlardan tortib inson hayotidagi ishlarni yengil qiladigan barcha zamonaviy texnologiyalar ilmning asosida yuzaga keldi.
Ilm so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda: “bilish” degan ma’noni anglatadi. Bu shunday bir buyuk ne’matki, Odam alayhissalomga berilgan ilk in’omdir.
Alloh taolo ushbu hikoyani O‘z kalomida shunday marhamat qilib aytadi:
وَعَلَّمَ آدَمَ الْأَسْمَاءَ كُلَّهَا ثُمَّ عَرَضَهُمْ عَلَى الْمَلَائِكَةِ فَقَالَ أَنْبِئُونِي بِأَسْمَاءِ هَؤُلَاءِ إِنْ كُنْتُمْ صَادِقِينَ
“Va U Zot Odamga ismlarning barchasini o’rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi. Keyin: Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, anavilarning ismlarini Menga aytib bering, dedi” (Baqara surasi 31-oyat).
Yuqoridagi oyatdan bilib olishimiz mumkin, Odamga berilgan eng buyuk ne’mat ilm, har narsaning nafaqat ismi balki uning fuksional vazifalarini ham o’rgatgan. Ya’ni: Bu quyosh, uning shakli dumaloqsimon, u kunduzi yer yuzini isitadi va yoritadi kabilar.
Muhammad Avvoma o‘zining “Maolimul irshodiya” asarida shunday keltiradi:
“Alloh taolo Odamga barcha narsaning ismini o‘rgatgach, uni farishtalarga ham havola qildi. Tabiiyki, farishtalar bu narsalar haqida bilimga ega emasliklarini tan olib, Sen o‘rgatgandan o‘zga ilmimiz yo‘qdir deya javob berishdi. Mana shu onda Alloh farishtalarni, unday bo‘lsa, ilm egasi bo‘lgan Odamni ulug‘lab, ta’zim o‘laroq unga sajda qilinglar deb amr etdi”. Bundan biz ilm nechog‘lik yuksak tortiq ekanini anglab olishimiz mushkil emas. Axir farishtalarning ham sajda qildiradigan oliy ne’mat ilm bo‘ldi-ku!
Ilm insonni farishtalarning maqomidan ham yuqoriga olib boruvchi yagona vositadir. Shuning uchun dunyoda biror payg‘ambar o‘zidan boylik yoki shu kabi meros qoldirmagan. Barcha birdek ilmni meros qoldirishgan. Ilm va ma’lumot orasidagi farqni ham biroz aniqlashtirib ketishimiz kerak. Kishi o‘zi o‘rgangan va bilgan narsalariga amal qilsa, bu ilm. Agar bilgan narsasiga amal qilmasa, u ma’lumotdir. Qur’oni karimga nazar tashlasak, bir necha o‘rinlarda Banu Isroil qabilasini Alloh taolo johil deb keltirgan, masalan, A’rof surasining 138-oyatida:
“...Albatta, siz johil qavm bo‘layotibsiz”. tarixga nazar tashlasak, ilmiy jihatdan eng qoloq va biror ilohiy kitob nozil qilinmagan qavm arablar edi. Banu Isroil qabilasiga esa bir necha ilohiy kitoblar tushgan, ko‘plab payg‘ambarlar aynan ular ichidan chiqqan edi. Shunday bo‘lsa ham ularni johil deyildi. Sababi, ular o‘z kitoblaridan bilgan xabarlariga amal qilmadilar. Natijada u bilganlari ma’lumot o‘laroq qolib ketdi.
Ilmga targ‘ib qiluvchi oyat va hadislardan namunalar:
Alloh taolo shuncha turli ne’matlarni berdi. Barchasini “shukur qilsangiz albatta, sizga ziyoda qilurman” (Ibrohim surasi 7-oyat), deb ta’kidladi. Biroq, ilmga kelganda, uning ochiq-oydin ziyodaligini talab qilishga buyurdi va qanda so‘rashni ham O‘zi o‘rgatdi.
وَقُلْ رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا
“Rabbim ilmimni ziyoda qilgin” (Toho surasi 114-oyat)., deb Alloh taolo marhamat qildi. Yuqoridagi oyati karimadan ko’rinib turibdi, hayotimizda ziyoda bo‘lishini talab qilishimizga buyurilgan yagona ishimiz bu ilm talabidir. Alloh in’om etgan har qaysi ne’matni bersangiz noqis bo‘ladi. Ilm esa uning aksi. Qancha tarqatsangiz shuncha ziyoda va puxtalashib boraveradi.
Jamiyatimizda ilm egasi bo‘lgan insonning dunyoqarashi ham, axloq-odobi ham o‘zgacha bo‘ladi. Alloh taolo Kalomida:
“Bilganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi!?” (Zumar surasi 9-oyat). Ya’ni: bilim egasi, ilmlilar johillar bilan aslo teng bo‘lmaydi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِير
“Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini ko’tarur. Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir”.
(Mujodala surasi 11-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilm yo’lidagi insonlarni shunday madh etadilar:
مَن سلَكَ طريقًا يلتَمِسُ فيهِ علمًا ، سَهَّلَ اللَّهُ لَهُ طريقًا إلى الجنَّةِ ، وإنَّ الملائِكَةَ لتَضعُ أجنحتَها لطالِبِ العلمِ رضًا بما يصنعُ وإنَّ العالم ليستغفِرُ لَهُ مَن في السَّمواتِ ومن في الأرضِ ، حتَّى الحيتانِ في الماءِ ، وفضلَ العالمِ على العابدِ كفَضلِ القمرِ على سائرِ الكواكبِ ، وإنَّ العُلَماءَ ورثةُ الأنبياءِ إنَّ الأنبياءَ لم يورِّثوا دينارًا ولا درهمًا إنَّما ورَّثوا العلمَ فمَن أخذَهُ أخذَ بحظٍّ وافرٍ
“kim ilm yo‘lida bo‘lsa, Alloh jannat yo’lini unga oson qiladi. Farishtalar tolibi ilm uchun qilayotgan ishidan rozi bo‘lib, qanotlarini to‘shaydi. Albatta, olim uchun yer-u ko‘kdagi barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Bir olimning ilmsiz ibodatliga nisbatan fazli, xuddi oyning yulduzlarga nisbatan bo‘lgan fazli kabidir. Albatta, olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir. Albatta, payg‘ambarlar dinor va dirham meros qilib qoldirmay, ilmni qoldirganlar. Kim u ilmdan olsa, o‘z nasibasini to‘liq olibdi (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Ushbu hadis ilm talabidagi insonlarga berilajak barcha mukofotlarni qamrab olgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ilmning hayotimizdagi o‘rni va zaruratiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak. Oila jamiyat poydevori demakdir. Oilaning mustahkamligi, bolalar tarbiyasi, er-xotin va boshqa qayna-qaynotalar orasidagi munosabatlarning ravon bo‘lishi uchun ilm zarur. Xudoni tanigan, o‘qimishli va ziyoli yigit-qizlar o‘zaro turmush qursalar, ularning orasida muhabbat bo‘ladi. Mashaqqatli kunlarda har bir masalaga munosib yechim qiladi. o‘zaro ilm asosidagi axloq bilan munosabatda bo‘lib, zulm qilishdan cheklanadi. Johil va bilimsiz oilalar esa, janjal, to‘polon va ko‘p ziddiyatga borishdan tap tortishmaydi.
Shu sabab buyuk bobomiz Imom Buxoriy rohimahulloh shunday deganlar: “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay”.
Olimlar aytadi: “kim dunyo azizligini istasa, ilm olsin. Kim oxirat azizligini istasa, ilm olsin. Kim ikki dunyoda ham aziz bo’lishni istasa, ilm olsin”.
Ilm chindan hayotimizdagi eng muhim omil. Biroq, uning ham bizga foyda keltirmaydigan qismi ham bor.
Bu haqida Rasululloh alayhissalomning bir duolarini ko‘rishimiz mumkin:
اللَّهمَّ إني أعوذُ بك من علمٍ لا ينفعُ ، ومن قلبٍ لا يخشعُ ، ومن نفسٍ لا تشبعُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday duo qilar edilar:
“Ey Allohim, Sendan manfaatsiz ilmdan, qo‘rqmaydigan qalbdan, to‘ymaydigan (ochko‘z) nafsdan panoh so‘rayman”.
Bundan ko‘rinadiki, ilmning zararli qismi ham bor ekan. Bizni haqdan uzoqlashtiradigan, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘ladigan va insonlarga foyda keltirmaydigan ilmlar manfaatsiz, zararli ilmlardir.
Xulosa qilib aytganda, inson ilm bilan Allohning nazdida farishtadan ham yuqori darajada bo‘lishi, dunyoda esa odamlar orasida obro‘li, ziyoli va oilada totuv yashashini ta’minlaydi. Jannatga olib boruvchi eng oson yo‘l. shu bilan zarali ilmlardan ham panoh so‘rash kerak. Ikki dunyoda saodatga erishish istasangiz, ilm istang do‘stim.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Qur’oni karim.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri hilol”, Hilol nashr, Toshkent. 2008.
3. Imom Burhoniddin Zarnujiy, “Ta’lim ul-muta’allim tariq at-ta’allum”, Ramadhon, Indoneziya. 2009.
4. Muhammad Avvoma, “Maolimul Irshodiyya”, Dorul yusr, 2013.
5. Muhammadbobur Muhiddinov va Muhammadyunus Muhammadmuso, “Har mo‘minning orzusi”, Muruvvatli-dil press, 2026.
Najmiddin domla Hasanov
«Hasanxon qori» jome masjidi imom-xatibi