Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2026   |   4 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:14
Xufton
20:33
Bismillah
22 Aprel, 2026, 4 Zulqa`da, 1447

Ro‘zadorlarga xushxabar

28.05.2018   45174   5 min.
Ro‘zadorlarga xushxabar

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ro‘za va ro‘zadorlar haqida ko‘plab go‘zal bashorat-xushxabarlar berganlar. Jumladan, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi va gunohi kechirilgandir”,  deb marhamat qildilar.

Ramazon bu shunday muborak oyki, bu oyda ro‘za tutish ibodat, ro‘za holatda uxlash ibodat, hatto gapirmasdan jim turish ham ibodat, iftorlikda taom tanovul qilsa ham ibodatdir. Zotan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu Ramazon oyi baraka oyidir”,  deb bejizga aytmadilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Ro‘zadorning uyqusi ham ibodatdir” dedilar, ya’ni ro‘zador odam oilasining nafaqasi uchun ishlab mehnat qilsa va charchaganidan peshindan keyin yoki asrdan so‘ng biroz mizg‘ib olsa, uni Alloh taolo har bir chiqargan nafasi uchun zikr qildi, deb nomai a’moliga yozib qo‘yadi. Ro‘zadorning martabasiga qarang. Alloh taolo ro‘zador bandasini qanday aziz qilib qo‘ydi!

Shuningdek, Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za tutgan kishining gapirmasligi, jim turishligi tasbehdir”, dedilar. Ya’ni, ro‘zador odam oldin har xil nomaqbul so‘zlarga o‘rgangan bo‘lsa, endi bu odatini tark etib yaxshi so‘z, bo‘lmasa jim turishi lozimligi tushuntirilmoqda. Mana shu holda Parvardigori olam u insonga sukut saqlagani uchun «“Subhanalloh” dedi», deb hisoblaydi. Hadisning davomida keladi “Ramazonda qilingan savobli ishlarning ajri orttiriladi”, deyiladi. Ya’ni, Ramazonda qilingan ibodatlari, boshqa vaqtlarda qilingan ibodatlari bilan bir xil bo‘lsa-da, ammo muborak oyda qilingan xayrli ishlarning savobi yetmish daraja ko‘tariladi. Bu juda katta mukofotdir. Ramazonda har tun 20 rakaat taroveh namozi o‘qiladi. Bu 1400 rakaat namoz o‘qilganning ajri beriladi deganidir. Hamda bu oyda sadaqalar, xayrli ishlar, zikrlar 70 marotaba ziyoda qilinadi. Shuning uchun ham insonlar zakotlarini ushbu muborak Ramazon oyida ado etadilar. Chunki Ramazon oyida qilingan har bir ezgu amalga 70 marta ko‘p savob beriladi.

Va yana hadisda ro‘zadorning sifatlari zikr etilib: “Ro‘zadorning duosi maqbuldir” deyiladi. Chunki u Alloh taolo yaxshi ko‘rgan banda bo‘lishga intilmoqda. U Parvardigori uchun kunduzi yeyish, ichish va oilaviy munosabatdan uzoqlashadi. Rabbisi uchun nafsining kuchli orzularini tark etadi. U Alloh taolo uchun fidokorlik qilganligi sababli ham Xudoi taolo uning duosini ijobat qiladi.

Hadisning oxirida Sarvari koinot (sollallohu alayhi va sallam)  “Ro‘zadorning gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qildilar. Ro‘za tutgan musulmon mag‘firat dahasida ko‘proq istig‘for aytsa, albatta, gunohlari kechiriladi. Boshqa bir hadisi sharifda quyidagilar aytilgan:

Sizlarga Ramazon oyi keldi, barokot oyi keldi. Unda ko‘p yaxshiliklar bor. Sizlarni Alloh taolo O‘z rahmatiga g‘arq qiladi. Xatolaringizni kechirib, duolaringizni ijobat qiladi. Bu Ramazon oyida ibodat borasida qiladigan musobaqalaringizga Parvardigorlaringiz rozi holda qarab turadi. Bu ishlaringiz bilan Alloh taolo farishtalarga maqtanadi. Shuning uchun bu oyda Parvardigorlaringizga o‘zlaringizni yaxshi tomonlaringizni ko‘rsatinglar. Chunki faqat badbaxt insongina Allohning rahmatidan mahrum bo‘ladi”.

Ko‘pchiligimiz shu barakotli oy tufayli nomaqbul amallarimizni tark qilamiz. Shuningdek, bu muborak oyda ajru mukofotlari behisob ekanligiga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu so‘zlari dalildir:

Bandalarim farmonimni tutib, yeyish, ichish va hamma xohishdan kechdilar, shuning uchun ularning ajru savoblarini o‘zim beraman”.

Bu oyning fazilatlaridan yana biri, ro‘zador qanday inson bo‘lishidan qat’i nazar uning duosi, albatta, ijobat bo‘ladi. Chunki bu oyda ro‘zador insonga Alloh O‘z rahmat nazari bilan qaraydi va faqat U uchun tutilgan xolis ro‘zadorni duosini ijobat qiladi. bu haqda hadisi sharifda bunday deyiladi:

Uch toifa kishining duosi rad etilmaydi. Ular: Ro‘zadorning og‘zini ochguncha qilgan duosi, odil imomning duosi va mazlumning duosi

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, ushbu oyda bizlar Allohga o‘zimizning eng yaxshi tomonlarimizni ko‘rsatishimiz, ajru mukofotlar ega bo‘lish uchun ko‘proq xayrli amallarni qilishimiz zarurdir. Chunki Sarvari koinotning o‘zlari bu oyda juda saxovatpesha bo‘lganlar va biz ummatlarga ham shuni ta’lim berganlar.

Ushbu hadisi shariflardan ko‘rinib turibdiki, bu oyning har bir daqiqasini g‘animat bilib, ezgu ishlar qilishga shoshilishimiz, shaytonlar kishanlangan paytda yomon odatlarimizdan qutulishimiz, istig‘foru tasbehlarni ko‘paytirib, nomai a’mollarimizni ajru hasanotlarga to‘ldirishimiz, ko‘proq xayru ehsonlar qilib, savoblar shodasiga ega bo‘lishimiz lozim ekan.

 

Hoshimjon Nizomiddinov,

 Toshkent islom instituti talabasi

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning borligiga dalillar bisyor

22.04.2026   311   2 min.
Allohning borligiga dalillar bisyor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Barmoq izlarimiz boshqalarning barmoq iziga o‘xshamasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Garchi dunyoda milliardlab insonlar bo‘lsa ham birining barmoq izi boshqasinikidan farq qiladi.

Shuningdek, har bir insonda o‘ziga xos hid bo‘ladi. Biz uni oddiy hid bilish qobiliyatimiz bilan ajrata olmaymiz. Lekin iskovich itlar bir insonning hidini minglab odamlar ichidan ajrata oladi.

Bundan tashqari insonning ovozi ham har kimniki o‘ziga xos bo‘ladi. Buni bugungi kun ilm-fan isbotlagan. Hatto insonning og‘iz bo‘shlig‘i ham boshqasinikiga o‘xshamas ekan. Alloh taolo qiyomat kunida har kimni o‘z suratida qayta tiriltirishini eslatish uchun bunday mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib qo‘ygan.

Inson o‘zining farzandlariga mehr berishda ham adolatli qilib yaratilgan. Misol uchun, ota kichik farzandlarini kattasiga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nima uchun? Chunki otaning yoshi o‘tgani sayin katta farzandlari kichigiga nisbatan baribir ko‘proq mehr ko‘rgan bo‘laveradi. Bu tengsizlikni to‘g‘rilash uchun ham ota farzandlariga mehr ko‘rsatishda adolat qilishga moyil qilib qo‘yilgan.

Shu o‘rinda yuqorida kelgan oyatni yana bir bor eslasak: “O‘zingizda ham (oyat mo‘jizalar bor)”.

Oyati karimada aytilganidek Allohning borligini, adolatning bor bo‘lishi kerakligini inson tabiiy his qila oladi. Alloh taolo bunday degan:

﴿فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا﴾

“Unga (nafsga) gunohlarini ham, taqvosini ham ko‘rsatib qo‘ydi” (Shams surasi, 8-oyat).

Nafs yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olmaydi. Balki Alloh bildirgan narsanigina biladi. Allohning bildirishi esa tabiiy ravishda yaxshi va yomonni ajrata oladigan qilib qo‘yganligidir.

Faqatgina inson emas, borliqdagi barcha narsada Allohning borligiga dalillar bisyor.
 

Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
 

Maqolalar