Ta'kidlanishicha, aksariyat tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsuloti yoki taqdim etayotgan xizmati uchun “Halol” standartini joriy qilish hamda sertifikatlash jarayonini murakkab deb o'ylaydi.
Halol (ya'ni – ruxsat etilgan) tushunchasi – Islom dinida ruxsat etilgan mahsulotlar bo'lsa, “Halol” standartlari esa, mahsulotlarni islom dini talablari bo'yicha ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish va tamg'alash jarayonlariga bo'lgan talablarni belgilaydi.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, “Halol” standartini joriy etish bo'yicha Malayziya, Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Indoneziya kabi mamlakatlar ilg'or hisoblanadi.
Bugungi kunda “Halal” belgisi ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlarga Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Hitoy, Hindiston, Lotin Amerikasi, Yangi Zelandiya va Tailandda ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi MDH mamlakatlari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Iordaniya, Misr, Bahrayn kabi musulmon mamlakatlariga “Halal” belgisi ostida o'z mahsulotlarini eksportga chiqarib ulgurgan. Shuningdek, dunyoda musulmonlarning ortgani sari “Halol” standarti talablari asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlarga bo'lgan talab ham ko'paymoqda.
Forumda ana shular haqida so'z yuritildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O'zA
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati