Ahli sunnat va jamoat ta’limotiga ergashuvchi to‘rt mazhab – hanafiylik, molikiylik, shofe’iylik va hanbaliylikning har birining asosini Qur’oni karim va hadisi sharif tashkil qilishi hech kimga sir emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari har bir mazhab fiqhida asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Mazhab imomlari hamda ularga ergashgan izdoshlaridan hech biri hadisi sharifdan tashqariga chiqmagan. Hadisi sharif turganda, o‘z ra’ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bu hanafiy mazhabida yaqqol o‘z ifodasini topgan, desak xato bo‘lmaydi. Biroq, afsuski, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh o‘z shogirdlari bilan birga hanafiylik mazhabini ta’sis qila boshlagan davrdan buyon to hozirgi kunimizgacha ushbu mazhab ahliga “ahli ra’y” degan tamg‘a bosilib keladi. Bu, asosan, salbiy ma’noda ishlatiladi. Ya’ni, din va mazhab dushmanlari: “Ushbu mazhab vakillari o‘z fikrlarini oyat va hadisdan ustun qo‘yadilar; ular hadis turganda, uni olmasdan, o‘z ra’y-fikrlariga ergashadilar; hadisni olmasdan Imomi A’zamning gapini oladilar”, deganga o‘xshash bo‘htonni aytib keladilar.
Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh o‘zining Abu Hanifa rahimahullohning manoqiblari to‘g‘risida yozilgan “Al-Xayrot al-hison” risolasida bunday degan: “Bilginki, ulamolarning Abu Hanifa va uning shogirdlarini “as'hobi ra’y” deyishlaridan maqsad, ularni kamsitish, ularni o‘z ra’ylarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan va u zotning sahobalarining gaplaridan ustun qo‘yadi, deb nisbatlash emasligini tushunmog‘ing lozim! Chunki, ular bundan xolidirlar!”
Haqiqat shuki, bizning hanafiy mazhabida boshqa mazhablarga nisbatan hadisga ergashish ortiqroqdir, hammadan ko‘ra bu mazhab sohiblari hadislar ma’nosini chuqurroq va mukammalroq tushunib yetadilar. Hanafiylikning asosiy manbasi Qur’oni karimdir. Undan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari eng asosiy manba hisoblanadi. Hatto, hanafiy mazhabida zaif hadis soxtalik ehtimoli bo‘lgan quruq qiyosdan ustun qo‘yilgan.
Hanafiylik mazhabida zaif hadis turganda qiyosga, ra’yga o‘rin yo‘q, zaif hadisga amal qilinadi. Bu hanafiy mazhabining boshqa mazhablardan ko‘ra ustunligini ko‘rsatadi. Ular qanchalik hadisga amal qilishni da’vo qilsalar ham, biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo‘lmasa, unga amal qilmasdan o‘z ra’y-fikrlariga ko‘ra qiyos qilib hukm chiqaradilar. Hanafiylikda esa undoq emas. Biror bir masalaga zaif hadisdan boshqa dalil bo‘lmagan taqdirda, zaif hadisga amal qilinadi, ra’y-fikrga suyanib qiyos qilinmaydi. Xullas, hanafiylikda zaif hadis barcha turlari bilan mujtahidning yoki biror bir faqihning gapidan ustun hisoblanadi.
Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh: “Allohdan va uning Rasulidan kelgan narsalarni bosh-u ko‘z ustiga qabul qilamiz! Sahobadan kelgan narsalarning esa eng yaxshisini tanlab ergashamiz! Ularning gaplaridan tashqari chiqmaymiz!” degan so‘zlarini barcha manoqib kitoblarda ko‘rishimiz mumkin.
Demak, to‘rtta mazhabning hech bir ta’sischisi hadisi sharifdan tashqari chiqmagan, hadisi sharif turganda, o‘z ra’ylari va fikrlarini ilgari surmagan. Bunga yorqin dalil sifatida mazhablarning Qur’oni karim va hadisi sharifdan dalillarni bayon qilgan kitoblarini ko‘pdan ko‘pini keltirish mumkin. Bunday kitoblar xar bir asrda o‘zgacha uslublar bilan yozilgan. Bu borada hanafiy mazhabida ham talaygina kitoblar bitilgan. Ularning har biri bir-biridan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Mana shunday sara kitoblar qatorida Rabboniy olim, mufassir, muhaddis shayx Muhammad Abdulloh ibn Muslim Bahlaviyning “Adillat-ul hanafiyyati minal ahodisin nabaviyyati alal masoilil fiqhiyati” kitobini keltirish mumkin. Kitobni mutolaa qilgan kishi undagi boblar tartibining osonligi hamda hadislarni keltirishda muallifning hadis ilmi borasida juda zukko bo‘lganiga xayratda qolmay iloji yo‘q. Muallif kitobda hadislarni fiqhiy ahkomlarga monand qilib keltirgan. Bir ming ikki yuz yetmishta hadisni o‘z ichiga olgan kitobni mutolaa qilgan har bir hanafiy mazhabiga ergashuvchi kishi o‘z mazhabi ulamolariga nisbatan hurmati ziyoda, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Shuni e’tiborga olgan holda, mazhabimizni yanada yaxshiroq o‘rganish, har bir masalaga mukammal dalillar mavjud ekanini chuqurroq anglash va anglatish yo‘lida viloyat vakilligi saytida mazkur kitobdan zarur ma’lumotlar berishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Ushbu xayrli ishni kitobni yaxshilab mutolaa qilgan va tarjimasini ham uddalayotgan Piskent tumanidagi “Sobirxon ota” masjidi imomi Sunnatulloh Abdulbositga topshirdik. Ezgu niyat ila boshlayotgan amalimizni Alloh xayrli va bardavom qilsin!
Xayrulla TURMATOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati