Har bir balog'atga etgan aqli raso musulmon uchun dastlab sog'lom aqidani o'rganishi farz bo'ladi. Shuningdek, Islomni qabul qilgan kishiga ham amaliy hukmlarni o'rgatishdan oldin sog'lom aqida hukmlari o'rgatiladi. Bunga Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadis dalildir. Payg'ambarimiz sollalllohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida bunday deganlar:
إِنَّكَ تَقْدَمُ عَلَى قَوْمٍ أَهْلِ كِتَابٍ فَلْيَكُنْ أَوَّل مَا تَدْعُوهُمْ إِلَيْهِ عِبَادَة اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ فَإِذَا عَرَفُوا اللَّهَ فَأَخْبِرْهُمْ أَنَّ اللَّهَ فَرَضَ عَلَيْهِمْ خَمْسَ صَلَوَاتٍ فِى يَوْمِهِمْ وَلَيْلَتِهِمْ
“Siz ahli kitob bo'lgan qavmga boryapsiz, ularni avval chaqiradigan narsangiz Alloh azza va jallaga ibodat qilish bo'lsin. Qachon Allohni tanisalar, Alloh ularga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz farz qilganini xabar bering”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida musulmon kishi eng avval to'g'ri aqidani o'rganishi lozimligini xabar berganlar.
Sog'lom aqida Islom dinining asosi bo'lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar etib yuborilganlaridan so'ng deyarli o'n uch yil davomida u zotga, asosan, aqidaga taalluqli hukmlar vahiy qilingan.
Ulamolar “Sog'lom aqidani qisqacha qilib Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga va o'lgandan so'ng qayta tirilishga iymon keltirishdir”, deb tushunish mumkin, deganlar.
Mazkur narsalarga qat'iy ravishda ishonish sog'lom aqidaning asoslari bo'lib, iymon keltirish lozim bo'lgan barcha narsalar mazkur asoslardan kelib chiqadi.
Bayon qilingan ushbu aqida turli zamonlar va makonlar tufayli o'zgarmagan, yuborilgan barcha payg'ambarlarda farqlanmagan yagona qat'iy e'tiqoddir.
Sog'lom aqidaning avvali Alloh taoloning borligiga, birligiga va komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan o'zga ma'bud yo'qligiga guvohlik beraman) deb shahodat kalimalarini aytishi va ularning taqozosiga ko'ra hayot kechirishi bilan ajralib turadi. Ushbu guvohlik berish musulmonlikning asosi hisoblanib, musulmon kishining hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi.
Shunga ko'ra, sog'lom aqida mo'minning hayotida mislsiz ahamiyatga egadir:
– sog'lom aqida mo'min banda va Alloh taolo o'rtasidagi aloqaning mohiyati nimadan iboratligini tushuntirib beradi. Ulamolar sog'lom aqidali musulmonning tasarrufi qanday bo'lishiga quyidagicha misol keltirganlar. “Bir kishiga do'sti ma'lum miqdorda mablag' berib uni qayerlarga sarflashini tayinlasa, do'sti mazkur joylarga ortiqcha qiynalmasdan, ichi achishmasdan sarflaydi. Chunki unda qo'lidagi mablag' to'g'risida “bu mablag' mening shaxsiy molim emas, mening qo'limda turgan omonatdir, men uni faqatgina egasi tayinlagan joylarga sarflovchiman xolos” degan sog'lom aqidasi bo'ladi. Shu ma'noda sog'lom aqidali mo'min kishi o'zidagi barcha narsalarni Alloh taoloning unga bergan omonati deb biladi. Molidan zakot yo ushr yoki etim-esirlarga biror ehson qilar ekan, o'z yonidan berayotgandek og'rinib emas, balki zimmasidagi omonatini ado etayotganidan xursand bo'lib sarflaydi. Bu esa undagi sog'lom aqidaning samarasi hisoblanadi;
Demak, dunyoda baxtli hayot kechirib, oxiratda jannatga kirishni xohlagan inson, albatta, sog'lom aqidani o'rganishi va uning taqozosiga ko'ra yashashi lozimdir.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi
katta o'qituvchisi Abdulqodir domla Pardayev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati