Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448

Ramazon va go‘zal xulqlar

20.06.2017   104305   4 min.
Ramazon va go‘zal xulqlar

Sahobai kiromlar aytadilar: Biz muborak Ramazon oyi kelganida,  Nabiy sallallohu alayhi va sallamning amallari ichida uch narsani yanada ziyoda bo‘lishini sezar edik.

Birinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam ibodatga juda ko‘p mashg‘ul bo‘lar edilar. Vaholanki, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning oddiy kunlardagi ibodatlari ham shunday ediki “ko‘p ibodat qilganlaridan muborak oyoqlari ishib ketar edi”. Shunday bo‘lsada, muborak Ramazon oyida Nabiy sallallohu alayhi va sallam oldingidan ham ko‘proq ibodat qilar edilar.

Ikkinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam  Ramazon oyida Allohning yo‘lida juda ko‘p xayr-sadaqa qilar edilar. Ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketar edi.

Uchinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam  Ramazon oyida Allohga ko‘p duo qilib yig‘lar edilar.

Ushbu uch amalda Ramazon oyi ichi yanada ziyodalik ko‘zga tashlanar edi. 1.Ibodatga juda ko‘p g‘ayrat qilishlik.

2.Alloh ta’oloning yo‘lida ko‘p xayr-sadaqa qilishlik.

3.Alloh ta’ologa ixlos bilan duo qilib ko‘z yosh to‘kishlik.

Biz ham muborak Ramazon oyida mana shu uch amalga xos e’tibor qarataylik. Ibodat orqali jismimizga taskin beraylik. Bizning jismimiz dunyo ishlari uchun har kuni toliqadi. Hayotda biror shunday vaqt ham kelsinki, u Allohning ibodati uchun ham toliqib tursin. Biror shunday vaqt ham kelsinki, bizning ko‘zlarimiz uyquga mushtoq bo‘lsin va biz: “Agar sen Allohning roziligi uchun uyg‘oq tursang, u holda qiyomat kuni Alloh ta’oloning diydori nasib bo‘ladi. Bu ko‘zlar bugun uyg‘oq bo‘lsa, u holda ertaga qabr ichida shirin uyquda bo‘ladi” deb  o‘zimizga tushuntiraylik. Darhaqiqat, ibodatda uyg‘oq turish oyi kelyapti. Biz oromimizni kamaytirib olaylik. Bu ibodat mashaqqatini ko‘tarish oyidir deb o‘zimizga tushuntiraylik.

Shu o‘rinda Iftor vaqtidagi mukofot haqida ham eslatib o‘tsak:

Shari’at buyuradiki, agar biror mardikor birovning uyida ishlasa va ish vaqti tugasa, uning peshona terisi qurimasdan turib, unga ish xaqqini berib yuborish kerak. U holda nima deb o‘ylaysiz? Qachonki, shariat biz ojiz bandalarga mardikorning peshona terisi qurimasdan ish xaqqini berib yuborishga buyurib turganda, qaysi banda Alloh ta’olo uchun butun kun  bo‘yi Uning buyurgan ishini qilsa, ro‘za tutsa, ochqolsa, chanqasa va mashaqqatlarga chidasa, endi, uning iftor vaqti bo‘lganda, (go‘yoki, ish vaqti tugaganda) Alloh ta’olo unga o‘sha zahoti mehnatining mukofotini bermaydimi?  Shunday bir farq borki, biz biror mardikorni ishlatish uchun uyga olib kelsak, ey, birodar! Senga shuncha haq beraman, sen esa bizga mana bu ishni kilib ber, deb u bilan ish haqqini kelishib olamiz. O‘sha ishni qilib bo‘lgandan keyin biz unga kelishilgan ish haqqini berib yuboramiz. Lekin kimning himmati baland bo‘lsa, u mardikor bilan ish haqqini kelishib o‘tirmaydi, qancha desang beraman, sen esa bizga mana bu ishni qilib ber deydi. Xuddi shuningdek,  Alloh ta’olo ham: “Ey, Mening suyukli mahbubimning ro‘zador ummatlari! Siz xolis Men uchun ro‘za tuting va iftor vaqti bo‘lganda, nima so‘rasangiz beraman. Sizlar nimani so‘rasangiz, Men Robbingiz so‘raganingizga ko‘ra ato qilaman. So‘rashlik sizning ishingizdir. Sizlarni so‘ragan narsalaringizga to‘ldirib tashlashlik Mening ishimdir” deb shunday muomala qiladi. Shuning uchun, ro‘zadorning duosi qabul bo‘ladi.

Nabiy sallallohu alayhi va sallam:

إن للصائم عند فطره دعوة لا ترد

“Albatta, ro‘zadorning iftor vaqtida rad qilinmaydigan duosi bor” deganlar.

Shu o‘rinda inson fikridan kichik bir mulohaza o‘tadi: Har kuni iftorliklarga boramiz, afsuski, shunday holatlarga guvoh bo‘lamiz, kun bo‘yi Robbimizning buyurgan ishini qilib, ro‘za tutamiz, ochqaymiz, chanqaymiz, mashaqqatlarga chidaymiz, iftor vaqtida Robbimiz mehnatimiz mukofotini beraman, duolaringizni qabul qilaman deb turganda esa, behuda gaplar bilan ovoramiz. Qudrati cheksiz bo‘lgan Robbimiz Ramazonni Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdek foydalanishimizni va iftorlikda unumli duo qiladigan va duolari ijobat bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Valhamdulillahi Robbil alamin.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

katta  o‘qituvchisi Faxriddin Mamanosirov

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston delegatsiyasi haj anjumani va ko‘rgazmasida faol ishtirok etmoqda

10.11.2026   6449   2 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi haj anjumani va ko‘rgazmasida faol ishtirok etmoqda

Ayni kunlarda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida “Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning turli joylaridan kelgan soha mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar va yetuk mutaxassislarni bir joyga jamlagan ushbu yirik tadbirda asosiy mavzu – ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish. Jumladan, jarayonlarga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va tashkiliy ishlar sifatini oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ta’kidlash kerakki, ushbu xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.

Nufuzli tadbir doirasida Saudiya Arabistonining Haj va umra vaziri, doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia maxsus ma’ruza bilan chiqish qilib, bo‘lajak “Haj – 2027” mavsumi uchun belgilangan yangi talablar va tashkiliy mezonlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, endilikda quyidagi masalalarga jiddiy e’tibor qaratiladi:

– tayyorgarlik jarayonlarini erta boshlash hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish;

– mehmonxonalar va boshqa yashash joylarining belgilangan yuksak sifat hamda xavfsizlik standartlariga qat’iy mos kelishini ta’minlash;

– barcha tashkiliy va hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarini faqatgina raqamli «Masar» yagona platformasi orqali amalga oshirish;

– eng muhimi, ziyoratchilarga keng qulayliklar taqdim etadigan hamda ularning shaxsini tasdiqlovchi «Nusuk» kartasini doimiy ravishda yonda olib yurish talabi qat’iy belgilangani alohida ta’kidlab o‘tildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi aynan mana shu yangi talab va mezonlardan kelib chiqqan holda, Haj va umra vazirligi mutasaddilari hamda yetakchi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning vakillari bilan qator manfaatli muzokaralar o‘tkazdi. Bo‘lib o‘tgan samimiy va amaliy muloqotlarda asosiy e’tibor yurtdoshlarimiz uchun yaratiladigan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.

Xususan, muzokaralar davomida ziyoratchilarimiz ibodatlari uchun qulay sharoitlarni hozirlash, zamonaviy transport vositalarini jalb qilish, eng shinam turar joylarni tanlash, hojilarimizni sifatli taomlar bilan ta’minlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, ularning xavfsizligi va salomatligini muhofaza qilish tizimini yanada kuchaytirish hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanishga alohida urg‘u berildi.

Bu kabi sa’y-harakatlar va erishilgan kelishuvlar kelgusi haj mavsumini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, yurtdoshlarimiz ulug‘ amallarini xotirjam, xavfsiz va eng qulay sharoitlarda ado etishlari ta’minlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Jidda shahridagi Haj xizmatlari konferensiyasi va ko‘rgazmasi shu yilning 11 noyabr kuniga qadar davom etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari