Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Yangi nashr – yangi xatarlardan ogoh etadi

24.03.2017   6004   5 min.
Yangi nashr – yangi xatarlardan ogoh etadi

Taqdimot

Kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobining to‘ldirilgan nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarning dastlabki nashri 2015 yil chop etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida uning mazmun-mohiyati oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va harbiy bilim yurtlarida o‘quvchi-talabalarga atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, teleradiokanallarda ushbu kitobning har bir bobi yuzasidan alohida ko‘rsatuv, intervyu va eshittirishlar efirga uzatildi. Xorij ommaviy axborot vositalarida ham asarga yuqori baho berildi.

Professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari, o‘quvchi-talabalar va jamoatchilik vakillarining tavsiyalari inobatga olinib, kitobning to‘ldirilgan  nashri yaqinda omma e’tiboriga havola etildi.

Yangi nashr 15 ta bob, 73 ta mavzudan iborat bo‘lib, internetda paydo bo‘lgan tahdidlar va zamonaviy pedagogik talablar bilan yanada boyitilgan. Qo‘shimcha qismni tayyorlashda o‘zbek, rus, ingliz va arab tilidagi eng so‘nggi ma’lumotlardan foydalanilgan. Qo‘shimcha boblarning asosiy mazmuni quyidagilardan iborat:

Birinchi bobda internetning paydo bo‘lish tarixi, uning imkoniyatlari va qulayliklari bayon etilgan. Jumladan, elektron hukumat tizimining afzalliklari, ommabop xizmatlari, mafkuraviy xurujlardan yoshlarni himoya qilishda “uz” domenidagi diniy-ma’rifiy saytlarning roli tushuntirilgan.

Ikkinchi bobda zamonaviy axborot vositalarining mazmun-mohiyati, turlari, foydali jihatlari, noxush oqibatlari va salbiy jihatlariga qarshi qanday chora-tadbirlar ko‘rish mumkinligi ifodalangan. Masalan, “Feysbuk”, “Tvitter” kabi ijtimoiy tarmoqlarning zararli illatlari yanada avj olayotgani hayotiy misollar yordamida isbotlanib, ularga qarshi turish choralari keltirilgan.

Uchinchi bobda bloggerlarning kelib chiqishi, vazifalari va faoliyat uslublari bayon etilgan. Jumladan, internet tarmog‘ida har qanday shaxs hech qayerda qayd qilmasdan blog ocha olishi, unda o‘zining g‘oyalarini bemalol targ‘ib etishi mavjud xavfni yanada kuchaytirishi ta’kidlangan.

To‘rtinchi bobda virtual o‘yinlarga mukkasidan ketgan yoshlarda uchraydigan jismoniy, ruhiy kasalliklar, zombilashish illati va ularning oldini olish borasidagi ma’lumotlar berilgan. Masalan, kompyuterga bog‘lanib qolishdan ko‘ra, kitob o‘qishning 10 ta foydasi ilmiy asosda bayon etilgan.

Beshinchi bobda internetdagi tahdidlarga qarshi kurashda asos bo‘lib xizmat qiluvchi milliy qonunchilik hujjatlari, xalqaro huquqiy normalar va davlat siyosatining ahamiyati sharhlangan. Jumladan, “Voyaga yetma­ganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati ochib berilgan.

Kitobning dastlabki nashridagi boblarga quyidagi qo‘shimcha mavzular va ilovalar kiritilgan:

- “Ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarga ta’siri” mavzusida bugungi kunda bunday tarmoqlardagi xatarlar yanada avj olib borayotgani va bundan ehtiyot bo‘lish zarurligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

- “Spam”, “Phishing” va “Spoofing” kabi yangi paydo bo‘lgan tahdidlar haqida ma’lumotlar va ulardan saqlanish yo‘llari;

- “Podkasting va uning zararlari” mavzuida audio va video fayllarni internet orqali keng tarqatish va ularni ishda, o‘qishda va yo‘lda tinimsiz eshitishning oqibatlari hayotiy misollar asosida ifodalangan;

- “Prank”ning oqibatlari” mavzusida kishilarni surbetlarcha mazax qilish va ularni internet orqali namoyish etishning zararlari kiritilgan.

Yoshlarning hushyorlik va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida kitobga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidan ko‘chirmalar kiritilgan.

Har bir bobdan “Savol va topshiriqlar”, “Mustaqil ish mavzulari”, har bir sahifadan “Bilib oling” va “Ogoh bo‘ling” ruknida allomalar o‘gitlari, din va davlat arboblarining mavzuga doir fikrlari o‘rin olgan. Mavzuni qiziqarliroq va batafsilroq yoritish maqsadida, psixologik mashqlar, test-savollari, mavzuga oid suratlar chizilib, ularga tagso‘zlar yozilgan. Mavzular ta’sirchanligini kuchaytirish niyatida internetga aldanib qolganidan pushaymon bo‘lgan yoshlar hayotidan lavhalar keltirilgan.

Taqdimotda so‘zga chiqqan diniy ulamolar, professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislarining ushbu kitob to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini keyinroq batafsil yoritib boramiz.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

13.09.2026   149   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.  

Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.

Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari