Cavol: Jamoat namoziga kech qolgan kishilar o‘zaro kelishib, ikkinchi jamoat bo‘lib o‘qishlari mumkinmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Imom va muazzini tayin qilingan hamda qavmi bo‘lgan masjidlarda jamoat namozi ado qilingach, boshqa odamlar ikkinchi jamoat bo‘lib, avvalgi imomning mehrobida, azon va takbir aytib namozni ado qilishlari makruhdir.
Imom Saraxsiyning “Mabsut” nomli kitoblarida quyidagicha keltirilgan: “Bir qavm (imom bilan) namoz o‘qilgan masjidga kirsa, ular uchun u yerda azon va iqomat aytib, jamoat bo‘lib namoz o‘qish makruh bo‘ladi. Shuning uchun ular azon va iqomatsiz yolg‘iz-yolg‘iz namoz o‘qishadi”.
Bu mavzuda Alloma ibn Obidiyn bunday yozadilar: “Imom Abu Yusufdan naql qilinadi: “Agar keyingi jamoat oldingi jamoatning ko‘rinishida bo‘lmasa, makruh sanalmaydi. Aks holda esa, makruh sanaladi. Sahih gap shudir. Keyingi jamoatning imomi mehrobdan tashqarida turishi bilan hay’at (ko‘rinish) o‘zgargan bo‘ladi. (“Bazzoziyya”).
“Tatarxoniyya” kitobida “Valvolijiyya”dan naql qilinishicha, “Biz ushbu fatvoni olamiz, deyilgan” (“Raddul-muhtor” kitobi).
Mazkur va boshqa kitoblar iboralariga ko‘ra, bir chetda, ko‘pchilikni yig‘ish uchun bir-birini chaqirmasdan, azon va takbir aytmasdan ikkinchi jamoat bo‘lishi karohiyatsiz joizdir.
Muayyan bir imom va muazzini yo‘q hamda qavmi bo‘lmagan, yo‘lovchilar uchun qurilgan masjid, shuningdek, aeroport, vokzal, mehmonxonalarda tashkil etilgan namozxonalarda azon va takbir bilan ikkinchi, uchinchi jamoat bo‘lib namoz o‘qish joiz. “Roddul Muhtor” kitobida bunday kelgan: “Mahalla masjidida azon va iqomat bilan ikkinchi jamoat bo‘lib namoz o‘qish makruh. Yo‘l bo‘yidagi masjidlar hamda muayyan imomi va mu’azzini bo‘lmagan masjidlarda makruh emas”.
Har bir mo‘min imkon qadar namozlarni masjidda asosiy jamoat bilan o‘qishga harakat qilishi lozim. Birinchisi bo‘lmasa, keyingi jamoatga ulguraman, degan noto‘g‘ri tushunchadan uzoq bo‘lish kerak. Bu tushuncha sunnatga mutlaqo xilofdir. Zero, jamoat qanchalik katta bo‘lsa, uning savobi ham shuncha ulug‘ bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati