Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shayx Miyonji Nur Muhammad Janjonviy rahimahulloh zokir (Allohni ko‘p zikr qiluvchi) sifatida tanilgan buyuk olimlardan edi. Har safar bozorga borganida xaridlarga to‘lov qilish uchun hamyonini sotuvchiga berar, u kerakli pulni sanab olardi. Shayx Miyonji shu qadar zikr qilishga berilganidan hatto pulni sanashga ortiqcha vaqtni o‘tkazishni istamasdi.
Kunlarning birida o‘g‘ri uning hamyonini o‘g‘irlab ketdi. Shayx Miyonji rahimahulloh o‘g‘rini tutish u yoqda tursin, hatto ortiga ham qaramadi. Zikrning savobini o‘g‘rini quvib vaqtini ketkazishga, bu dunyoning arzimas matohiga almashtirishni istamadi.
Shayx Miyonji: “Allohim, men o‘g‘rini kechirdim va olgan narsasini hadya qildim” deb duo qildi va bo‘lgan voqeani unutib, yana zikrga berildi.
O‘g‘ri qochib ketdi, Shayx Miyonji rahimahulloh uni kechirdi, aslida voqea shu yerda tugashi kerak edi. Lekin Alloh taolo o‘g‘riga saboq berishni iroda qildi.
O‘g‘ri uyiga qaytish yo‘lini juda yaxshi bilsa ham, Alloh uni adashtirib qo‘ydi. U mahallani aylanaverar, lekin yo‘lni topa olmasdi. Oxir-oqibat, uning bu holatiga qilgan o‘g‘riligi sabab bo‘lganini tushundi.
Shayx Miyonji rahimahullohning uyini topib bordi. Shayx Miyonji uni tanimadi. O‘g‘ri kimligini oshkor qilib, bunday dedi: “Men sizning hamyoningizni o‘g‘irladim. Xato ish qildim, meni kechiring, mana hamyoningiz”.
Shayx Miyonji rahimahulloh: “Bu pullar senga, ular endi meniki emas. Men ularni qaytarib ololmayman”, deb javob berdi.
Shayx Miyonji rahimahulloh Allohni zikr qilishni afzal bilgani uchun odamlar bilan keraksiz suhbatlarga qiziqmasdi. Uning uchun bu voqea allaqachon unutilgan edi. Ammo o‘g‘ri ketishdan bosh tortdi va pulni olishni qayta-qayta iltimos qilib: “Alloh roziligi uchun ularni mendan qaytarib oling!” dedi.
Shayx Miyonji o‘g‘ridan nega o‘zi o‘g‘irlagan pulni endi qaytarib berishni xohlayotganini so‘radi.
O‘g‘ri: “Uyimga ketmoqchi edim, lekin yo‘lni topa olmayapman. Bir necha soatdan beri shu ko‘chalarda aylanib yuribman”, deb javob berdi.
Shayx Miyonji: “Alloh seni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilishini va o‘z yo‘lingni topishingda yordam berishini so‘rayman”, dedilar. U zot uning haqqiga duo qildilar va o‘g‘ri eson-omon uyiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Davron NURMUHAMMAD
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati