Butunjahon global sammitida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zlab, dunyoda iqlim o‘zgarishi oqibatida harorat ko‘tarilishi, sahrolar kengayishi, chang-to‘zon, suv toshqinlari va qum bo‘ronlari kabi tabiat hodisalari sodir bo‘layotganini xavotir bilan ta’kidlash barobarida har bir inson Allohning omonati bo‘lgan tabiatga oqilona munosabatda bo‘lishiga chaqirdilar.
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish hamda biologik xilma-xillikni yanada boyitishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarga Muftiy hazrat alohida to‘xtaldilar. Zero, Alloh taolo Yer yuzini obod qilish insonlar zimmasidagi muhim vazifa ekanini ta’kidlab, Qur’oni karimdagi “U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obod qilish uchun joylashtirdi” (Hud surasi, 61-oyat) oyati karimaning mazmun-mohiyatini izohladilar. Shuningdek, Nabiy alayhissalomning “Zarar qilish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q” (Imom Ahmad rivoyati), degan hadisi shariflarini keltirdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari yurtimizda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, tabiatga yetkazilayotgan zararlarning oldini olish maqsadida, ulamolar va imom-xatiblar tomonidan mahallalar, ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazilayotgani, masjidlarda esa ma’vizalar qilinayotgani kabi tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Sammit ishtirokchilari mamlakatimiz diniy soha xodimlarining iqlim o‘zgarishini oldini olishdagi faolliklariga yuqori baho berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati