Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2026   |   20 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2026, 20 Zulhijja, 1447

Ribo va uning turlari

28.01.2025   12714   9 min.
Ribo va uning turlari

Islom shariatida ribo Qur’oni Karim, sunnat va ijmo bilan harom qilingan. Alloh taolo Baqara surasi 275-oyatida bunday marhamat qiladi:

وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا

Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan [1]. Bundan boshqa oyatlarda ham ribodan qaytarilib, oxiratda riboxo‘rlarning ayanchli holatlari bayon qilingan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ribo yeyuvchini, yediruvchisini, kotibini va ikki guvohini la’natladilar va Ular barobardir dedilar [2].

Riboning haromligini bilib oldik, endi ribo o‘zi nima, qanday mollarda ribo bo‘ladi, riboning illati nima ekanligini o‘rganib chiqamiz.

Ribo so‘zi lug‘atda ziyodalik degan ma’noni anglatadi. Faqihlar istilohida esa:

الربا هو الفضل المستحق لأحد المتعاقدين في المعاوضة، الخالي عن عوض شرط فيه [3]

“Ribo – bu mol almashtirish jarayonida ikki aqdlashuvchining biri uchun shart qilingan evazdan xoli ziyodalikdir”.

Sodda qilib aytganda bir kishining 100 ming so‘m berib 120 ming olishi ayni ribodir. Mana shu 20 ming ta’rifdagi “evazdan holi ziyodalik”dir.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf riboga quyidagicha ta’rif bergan: “Ribo – molni molga almashtirishda evazsiz ortiqcha mol olishdir” [4].

Ko‘pchilik musulmonlar ribo deganda  qarz berib foizi bilan qaytarib olishni yoki ba’zi banklardagi foizli kreditlar keladi. Lekin jamiyatimizda riboning bundan boshqa ko‘rinishlari ham borki, ularga ko‘pchilik e’tibor bermaydi yoki riboligini ham bilmaydi. Bu holatlarni bayon qilishdan oldin ribodagi asl qoida bilan tanishib olishimiz kerak. Ribo to‘g‘risida faqihlar hujjatlangan asosiy dalil quyidagi hadisi sharifdir:

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Tillaga tilla, kumushga kumush, bug‘doyga bug‘doy, arpaga arpa, xurmoga xurmo, tuzga tuz tengma teng, qo‘lma qo‘l (sotinglar). Endi agar ushbu mollar bir xil bo‘lmasa-yu qo‘lma-qo‘l bo‘lsa, xohlaganingizdek sotaveringlar dedilar [5].

Hadisda 6 ta riboviy mol sanaldi va ularni bir biriga faqatgina ziyodasiz teng miqdorda va “qo‘lma-qo‘l” bir vaqtda, nasiya qilmay sotish mumkinligi, agar ziyoda qilsa ribo bo‘lishi hamda jinslari turlicha bo‘lgan vaqt – masalan oltinga bug‘doy sotilsa qo‘lma qo‘l bo‘lish sharti bilan ziyodalik joizligi aytib o‘tildi. Shu va boshqa hadislarga asoslanib faqihlar ribo bo‘lishi uchun qanday mollar bo‘lish kerakligini hamda ribo ikki turga bo‘linishini aniqlaganlar.

Dastlab qanday narsalarda ribo bo‘lishini o‘rganib chiqamiz. “An-niqoya muxtasarul viqoya” asarida quyidagicha keltiriladi:

علته القدر أي الكيل والوزن مع الجنس [6[

Riboning illati miqdor ya’ni kayl yoki vazn bilan jinsning bir bo‘lishidir”.

Ya’ni shu sifatlarga ega bo‘lgan mollarda ribo bo‘ladi.

Kayl va vazn – o‘lchov birligi bo‘lib, yuqoridagi hadisda keltirilgan bug‘doy, arpa, xurmo, tuz kabi maxsulotlar kayl bilan o‘lchangan, tilla, kumush kabilar esa vazn bilan o‘lchangan.  Demak, ribo faqatgina kayl yoki vazn bilan o‘lchanadigan, jinsi bir xil bo‘lgan narsalarda bo‘lar ekan. Hozirgi kunimizda esa tarozida tortib hisoblanadigan mahsulotlarni riboviy mol deyishimiz mumkin. Lekin donalab yoki metrlab o‘lchanadigan narsalarda ribo bo‘lmaydi. Masalan, bitta tuxumni ikkita tuxumga, yoki 1 metr matoni 2 metr matoga almashtirish mumkin, bu ribo hisoblanmaydi.[7] Ammo 10 kg unni 15 kg huddi shunday unga almashtirsa ribo bo‘ladi. Chunki un kayliy mahsulotdir.

Fiqh kitoblarida riboning illatlarini bayon qilgach, aytiladiki:

"إذا بيع الوكيل أو الموزون بجنسه مثلا بمثل: جاز البيع. و إن تفاضل لم يجز.  و إذا عدم الوصفان حل التفاضل و النساء و إذا وجدا حرم التفاضل والنساء . و إذا وجد أحدهما و عدم الآخر:حل التفاضل و حرم النساء."[8]

Agar kayliy yoki vazniy narsa o‘z jinsiga tengma-teng sotilsa, savdo joiz bo‘ladi. Agar ortiqcha bo‘lsa, joiz emas. Agar ikkala sifat (kayl yoki vazn va jins bir bo‘lishi) topilmasa ziyodasi ham nasiya qilish ham halol bo‘ladi. Agar ikkala sifat topilsa – ziyoda ham, nasiya qilish ham harom bo‘ladi. Agar bir sifat topilib, biri yo‘q bo‘lsa ziyoda joiz, nasiya harom bo‘ladi.

Mana shu ribo haqidagi eng muhim qoidadir.

Yuqorida ribo bo‘lishi uchun vazniy yoki kayliy mahsulot bo‘lishi hamda jinsi bir bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdik. Bunday mahsulot o‘z jinsiga tengma teng sotilsa, savdo joiz. Ya’ni 100 kg xurmoni huddi shuncha xurmoga almashtirish joiz. Agar ortiqcha bo‘lsa, joiz emas. Ya’ni 100 kgni 150 kg ga almashtirsa. Bunda mahsulotlarning sifati farqli bo‘lishi ahamiyatli emas. Agar ikkala sifat topilmasa ziyodasi ham nasiya qilish ham halol bo‘ladi. Masalan, un evaziga non almashtirsa, bunda ikkisi teng miqdorda bo‘lishi shartmas va nasiya qilish ham joiz. Agar ikkala sifat topilsa – ziyoda ham, nasiya qilish ham harom bo‘ladi.  Masalan, tillani tillaga almashtirishda tengma-teng bo‘lsin, ortiqchasi harom hamda qo‘lma qo‘l bir vaqtda bo‘lsa, nasiya bo‘lmasin, nasiya qilish harom. Agar bir sifat topilib, biri yo‘q bo‘lsa ziyoda joiz, nasiya harom bo‘ladi". Masalan, tilla kumushga almashtirilsa, ortiqchasi joiz, teng miqdorda bo‘lishi shart emas, lekin nasiya qilish harom. Chunki tilla va kumush vazniy, lekin jinsi boshqa-boshqa. Bulardan boshqa holatlarda ham ribo bo‘lish-bo‘lmasligini shu qoidaga asoslanib chiqarish mumkin.

Hozirgi paytda ribo asosan pul bilan bog‘liq masalalarda kuzatiladi. Oldingi davrlarda tijorat masalalarida oltin va kumush ishlatilgan. Hozirda biz keng foydalanadigan qog‘oz pullar, bank plastik kartalaridagi pullar ham oltin va kumush hukmidadir. Misol uchun zamonamizdagi fiqhiy kitoblardan biri bo‘lgan "Al-fiqhul hanafiy fiy savbihil jadiyd" kitobida: "Ribo barcha naqd pullarda haromdir, ular oltin yo kumush bo‘ladimi yoki qog‘oz pullar bo‘ladimi farqi yo‘q" [9] deyilgan. Yuqoridagi qoidadan kelib chiqadiki kundalik hayotimizda ko‘p duch keladiganimiz pul almashtirish jarayonida ham ikki taraf bir vaqtda almashinayotgan pul miqdorlarini bir-birlariga qo‘lma-qo‘l berishlari zarur. Nasiya qilish harom bo‘ladi. Plastik kartadagi pulni naqd pulga almashtirishda ham shu qoidaga asosan pul almashish jarayoni bir vaqtda sodir bo‘lishi talab etiladi. Agar ikki tarafdagi pul jinsi bir xil bo‘lsa, ya’ni so‘mga so‘mni yoki dollarga dollarni almashtirsa ziyoda qilish ham harom bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki kundalik hayotimizda tez-tez duch keladigan savdo-sotiq va boshqa muomalat masalalarida yanada e’tiborli bo‘lishimiz, qaysi holatlarda halol savdo bo‘ladiyu,  qaysi holatlarda ribo bo‘lishini bilishimiz va shunga ko‘ra ish tutishimiz lozim.  Zero ribo gunohi kabiralardan sanaladi, barcha musulmonlar bundan saqlanishga harakat qilishlari vojibdir.

Jannatxon SAYDILLAYEVA,
Toshkent Islom instituti talabasi.
 

Foydalanilgan adabiyotlar:

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 11-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022. – 304 b.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr, – 640 b.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2008. – 664 b.
الإمام الحافظ أبوالحسين مسلم بن الحجاج النيسابوري. صحيح مسلم. – رياض: بيت الأفكار الدولية، ١٩٩٨.-١٤٧٣ص
الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. ٦٠٨ ص
الفقه الحنفي في ثوبه الجديد. عبد الحميد محمود طهماز. الجزء الرابع. – بيروت: الدار الشامية. ٢٠١٨. ٥٠٤ ص
عبيد الله بن مسعود. النقاية مختصر الوقاية. دار الإيمان للمعرفة. ٢٠١٨. ٢٢٤ ص

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2008. 286-b.
[2] Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr.2023. 133-b.
[3]. الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. – ٥٣٣ ص

Boshqa maqolalar

“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

05.06.2026   14803   4 min.
“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.

U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.


Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.

Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.

Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.

Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.

 

Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:

“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.


Biz uchun saboq

Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.

Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.


Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i

Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.

Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.

Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.


“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati

Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.

Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.

 

Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?

Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!

Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.


Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.


Davron NURMUHAMMAD