Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ro‘zaning falsafasi – Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh
Ro‘za ibodati faqat moddiy hayotni istaydigan kishilar uchun yot yoki inkor etiladigan ibodatdir. Chunki bunday kishilar faqat tananing ehtiyojilarini tan oladilar, ruhiyatni e’tiborga olmaydilar. Faqat dunyo hayotiga ishonadilar va oxirat kuniga e’tibor qaratmaydilar. Shuning uchun ham bunday kishilar shahvoniy istaklarni cheklaydigan, oz muddat bo‘lsa ham nafsni tarbiyalaydigan ibodatni yoqtirmaydilar.
Ba’zi odamlar faqat daromadni ko‘paytirish va turmush darajasini oshirish haqida o‘ylaydi, ammo bundan pokroq hayot kechirish uchun vosita sifatida foydalanishga ahamiyat bermaydi.
Ovqat inson organizmi uchun ikkita asosiy vazifani bajaradi.
Birinchisi – tananing harakatlanishiga yordam beradigan issiqlik bilan ta’minlash.
Ikkinchisi – tananing eskirgan hujayralarini yangilash va o‘sishini ta’minlaydi.
Diyetolog olimlarning aytishicha, inson tanasi kunlik faoliyatini ta’minlash uchun ma’lum miqdorda kaloriya talab qiladi. Lekin amaldachi? Agar insonga 100 kaloriya kerak bo‘lsa, u kamida 300 kaloriya iste’mol qiladi, hatto ba’zan 1000 kaloriyagacha yetishi mumkin!
Ovqat – inson uchun yoqilg‘i. U tanani quvvatlantirish uchun zarur. Avtomobil yoki boshqa texnika bilan inson organizmining farqi shundaki, mashinaning yoqilg‘i baki aniq bir miqdorni sig‘dira oladi va haddan tashqari to‘lish imkoniyati yo‘q. Ammo inson oshqozoni kengayish qobiliyatiga ega va keragidan ko‘p yeyilsa ham sig‘averadi.
Avtomobil yoqilg‘i bilan ta’minlanganda, u bakdagi so‘nggi tomchisigacha ishlatadi. Lekin insonning oshqozoni kerakli miqdorni qabul qilgandan so‘ng, ortiqcha qismni yog‘ shaklida to‘playdi, bu esa vazn ortishiga sabab bo‘ladi. Agar mashinada ortiqcha yoqilg‘i to‘planishi mumkin bo‘lganida, u tanaga plastik moddalar qo‘shish yoki g‘ildiraklarni kattalashtirish kabi tasavvur qilib bo‘lmaydigan natijalarga olib kelgan bo‘lar edi!
Inson ajablanarli mavjujotdir, u har doim yetarli miqdordan ko‘proq narsaga intiladi. Ba’zan u o‘z tanasiga zarar yetkazadigan narsaga erishish uchun hatto urishishgacha boradi. Qo‘lidagi ortiqcha resursni muhtoj kishilarga yordam berish yoki kambag‘allarga oziq-ovqat sifatida tarqatish o‘rniga, o‘zi uchun zaxira qilib to‘playdi.
Bir kuni men ko‘p tamaki chekishni yaxshi ko‘radigan bir do‘stim bilan uchrashdim. Uni afsus bilan kuzatib turdim va Allohdan uni bu illatdan xalos qilishini so‘radim. U esa kulgan holda: "Alloh duoyingizni qabul qilmasin, men sigaretning lazzatidan mahrum bo‘lishni istamayman", dedi.
Bu so‘zlar meni juda hayratlantirdi. Chunki inson – o‘ziga zarar yetayotganini bilgan holda ham, o‘z zarariga harakat qiladigan yagona mavjudotdir!
Ro‘za tutishning asosiy tarbiyaviy maqsadi – insonni kerakli miqdor bilan kifoyalanishga o‘rgatish va uni ortiqcha iste’mol qilishdan tiyishdir. Lekin ko‘pchilik bu ma’noda ro‘za tutmaydi, balki kunduzi o‘zini tiyib, iftor vaqtida ko‘proq ovqat yeyish bilan bu odatni buzib qo‘yadi.
Ro‘zaning eng muhim jihatlaridan yana biri – u insonni turli qiyinchiliklarga chidamli qilishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertalab uylarida oziq-ovqat bor-yo‘qligini so‘rar edilar. Agar yo‘q deyilsa, u holda "Men bugun ro‘za tutishni niyat qilaman" der edilar va kunlarini odatdagidek o‘tkazar edilar.
U zot hech qachon ochlikdan shikoyat qilmasdilar. Chunki Allohga bo‘lgan ishonchlari komil edi: "Albatta, har bir qiyinchilikdan keyin yengillik keladi" (Inshiroh surasi, 5-6).
Butun jamiyat ham xuddi shunday ruhiy qudratga ega bo‘lsa, muammolarga yuzlanganida yengil va xotirjam qolishi mumkin. Jamiyat hayotida ba’zan qattiq qiyinchiliklar ro‘y beradi: hosil kamayib ketadi, iqtisodiy inqiroz yuzaga keladi, odamlar och qolishadi. Ular bu holatni norozilik bilan qarshi oladilar va sabr qilishga majbur bo‘ladilar.
Lekin ro‘za tutish majburiy ochlik emas! U musulmon kishining o‘z xohishi bilan Allohga yaqinlashish yo‘lidir. Inson Alloh uchun och qoladi, shahvatlarini tiyadi, sabri evaziga ajr umid qiladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kimki Ramazon ro‘zasini iymon va ixlos bilan tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi".
Bu hadisdagi "iymon va ixlos" so‘zlari katta ma’noga ega. Bu degani, kishi qilgan amalining mukofotini darhol olmaydi, balki uni Allohning huzuridagi zaxiralar qatorida saqlaydi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Jadidlar avlodlari uchrashuvi» umummilliy ilmiy-ma’rifiy yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Unda jadidchilik harakatining taniqli namoyandalari avlodlari, tarixchi olimlar, tadqiqotchilar va ziyolilar ishtirok etib, milliy uyg‘onish davrining murakkab sahifalari, ma’rifatparvar ajdodlarimizning fidoyiligi va ulardan qolgan boy ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuvda oilaviy xotiralarni ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirish, tarixiy hujjatlarni saqlash va jadidlar g‘oyalarini zamonaviy avlodga yetkazishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi, xabar bermoqda iccu.uz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Markaz hamkorligida tashkil etilgan anjuman milliy tariximizni chuqur o‘rganish, jadidchilik harakati namoyandalari xotirasini e’zozlash va ularning avlodlari bilan ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Jadidchilik harakati XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda milliy uyg‘onish, ta’limni yangilash, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, milliy matbuot va teatrni shakllantirish orqali jamiyatni taraqqiyot sari yetaklashga intilgan ma’rifatparvarlar harakati sifatida tarixda alohida o‘rin egallaydi. Ularning faoliyati xalqni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, milliy o‘zlikni anglash va jamiyatning kelajagi uchun mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan edi.
Bugun jadidlar merosini o‘rganish faqat o‘tmish voqealarini tiklash emas, balki ularning g‘oyalarini zamonaviy taraqqiyot jarayonlari bilan bog‘lash, tarixiy xotirani mustahkamlash va yosh avlodni ilm-ma’rifat ruhida tarbiyalash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jadidlar orzu qilgan taraqqiyot g‘oyalari bugungi islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda
Yig‘inni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo jadidchilik harakatining milliy tariximizdagi o‘rni, ma’rifatparvar ajdodlarimizning jasorati va ularning xalq kelajagi yo‘lidagi fidoyiligi haqida so‘z yuritdi.
Akademik ta’kidlaganidek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosni namoyon etadigan, milliy tarix va ma’rifatni ulug‘laydigan maskandir. Notiq jadidlarning orzu-intilishlari o‘z davridagi siyosiy va ijtimoiy sharoitlar tufayli to‘liq amalga oshmaganini qayd etib, bugungi davrda ularning hayoti va faoliyatini xolis o‘rganish, ilmiy merosini tiklash hamda keng jamoatchilikka yetkazish uchun yangi imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
«XIX asrning so‘nggi, XX asrning boshlarida, Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosati Turkiston zaminida avj olgan bir sharoitda, yurtimizda o‘z millati, xalqi va Vatani taqdiri uchun javobgarlikni his etgan, hech narsadan qo‘rqmaydigan, o‘zini el-yurt manfaati yo‘lida fido qilishga tayyor bo‘lgan ziyolilar avlodi shakllandi. Agar ana shunday insonlar jamiyatda ko‘pchilikni tashkil etganida edi, xalqimizning tarixiy taqdiri va taraqqiyot yo‘li, ehtimol, butunlay boshqacha kechgan bo‘lardi. Biz bugun aynan shu fidoyi insonlar boshlab bergan jadidchilik harakati haqida so‘z yuritmoqdamiz.
Bugun Yangi O‘zbekistonda kechayotgan, ko‘zimiz o‘ngida sodir bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlar jadidlarimizning orzulari, intilishlari va g‘oyalarini qayta anglash imkonini bermoqda. Eng asosiysi, bugun ular bilan faxrlanish, ularning nomlarini e’zozlash, qoldirgan merosini chuqur o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish davri keldi. Biz jadid bobolarimizning millat ravnaqi, ilm-ma’rifat va taraqqiyot yo‘lidagi xizmatlarini qanchalik chuqur anglasak, bugungi kunimizning tarixiy ahamiyatini ham shunchalik teran his etamiz», — dedi akademik.
Uning fikricha, jadidlar avlodlarining bir davra atrofida jam bo‘lishi ham alohida ma’naviy ahamiyatga ega. Chunki avlodlar xotirasida saqlanib kelayotgan voqealar, hikoyalar va shaxsiy ma’lumotlar tarixiy tadqiqotlarni yangi dalillar bilan boyitishi mumkin.
«Jadidlar bizga o‘z orzularini omonat qoldirishdi»
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z kirish nutqida jadidlarning ma’rifatparvarlik g‘oyalari, ularning ayanchli taqdiri va bugungi avlod zimmasidagi tarixiy mas’uliyat haqida to‘xtaldi.
U Markazning asosiy vazifalaridan biri ajdodlar merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy bilimlar va ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirish hamda yosh avlodni ma’rifat ruhida tarbiyalashdan iborat ekanini ta’kidladi.
«Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun ushbu avlodlar uchrashuvini tashkil etdik. Asosiy maqsadimiz jadid bobolarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, shu bilan birga, jadidlar avlodlari o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlashdan iborat.
Ajdodlarimiz asrlar davomida to‘plagan xazinani bizga meros qoldirishdi. Uni o‘z bilimlarimiz va kashfiyotlarimiz bilan boyitib, jadid bobolarimiz boshlagan ma’rifat ishini munosib davom ettiraylik. Ular bizga o‘z orzularini omonat qoldirishdi, biz esa kelajak avlodlarga shu orzularni ro‘yobga chiqarib qoldirishga qodirmiz», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Firdavs Abduxoliqov bugun jadidlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi ham ilm, ma’rifat va bag‘rikenglikni qaror toptirishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Jadidchilik — milliy taraqqiyot va ma’rifatga eltuvchi harakat
Tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Jamolova jadidchilik harakatining tarixiy ildizlari, milliy taraqqiyotdagi o‘rni va uning zamiridagi ma’rifiy g‘oyalarga e’tibor qaratdi.
Olimaning ta’kidlashicha, jadidchilik harakati Turon zaminida asrlar davomida shakllangan ilmiy-ma’rifiy an’analar va jamiyatni taraqqiy ettirishga bo‘lgan intilishlar negizida vujudga kelgan. Jadidlarning oldingi uyg‘onish davrlaridan farqli jihati shunda ediki, ular kuchli siyosiy tayanchga ega bo‘lmagan sharoitda o‘zlari birlashib, milliy davlatchilikni tiklash, xalqning bilim saviyasini yuksaltirish va jamiyatni zamonaviy taraqqiyot yo‘liga olib chiqishga harakat qildilar.
«Jadidchilik milliy harakati quruq yerda paydo bo‘lgan harakat emas. Qadimdan taraqqiyot maskani bo‘lgan Turon zaminidagi avvalgi uyg‘onish davrlarida shakllangan ilmiy-ma’rifiy an’analar jadidlar faoliyati uchun muhim zamin bo‘ldi. Biroq ularning oldingi uyg‘onish davrlaridan farqi shunda ediki, jadidlarni qo‘llab-quvvatlaydigan hukmdorlar yoki kuchli siyosiy tayanch mavjud emas edi. Ular o‘zlari birlashib, milliy davlatchilikni tiklash, Turonning ilgarigi taraqqiyotini qayta yuksaltirish va xalqni ma’rifatli qilish uchun harakat qildilar», — dedi Dilnoza Jamolova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jadidlar o‘z maqsadlariga erishishni, avvalo, ta’limni isloh qilishdan boshlaganlar. Yoshlarni yangi usulda o‘qitish, ularning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, homiylik mablag‘larini jalb etish, milliy matbuot va teatrni rivojlantirish orqali jamiyatda tub o‘zgarishlar yasashga intilganlar.
Olima jadidlar merosini tadqiq etishda ularning diniy bilimlari, ma’rifatparvarlik qarashlari va jamiyat taraqqiyotiga oid g‘oyalarini birgalikda o‘rganish zarurligini ta’kidladi. Ushbu harakatni faqat muayyan tarixiy davr bilan cheklab qo‘ymasdan, uning ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot, siyosiy tafakkur va ijtimoiy munosabatlar rivojiga qo‘shgan hissasini ham keng tahlil qilish lozimligini qayd etdi.
Dilnoza Jamolova jadidlar avlodlarini aniqlash va ularning xotiralarini to‘plash borasida amalga oshirilgan izlanishlar haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, 2023 yilda «Jadidlar.uz» platformasini yaratish g‘oyasi muhokama qilingan davrda jadidlarning bir nechta avlodi haqida ma’lumot mavjud bo‘lgan. Keyingi izlanishlar natijasida esa qariyb 150 nafar avlod aniqlanib, ularning xotiralari yozib olingan.
Bu tajriba og‘zaki tarixning ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi. Oilaviy xotiralar rasmiy hujjatlarda aks etmagan voqealar va shaxsiy tajribalarni o‘rganish, mavjud ma’lumotlarni boshqa manbalar bilan taqqoslash hamda kelgusi tadqiqotlar uchun yangi dalillarni to‘plash imkonini beradi.
«Jadidlar merosi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim ma’naviy asosdir»
Tadbirda so‘zga chiqqan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja jadidlar merosini bugungi taraqqiyot jarayonlari bilan bog‘liq holda o‘rganish, ularning g‘oyalarini zamonaviy avlodga yetkazish va tarixning hali yetarlicha o‘rganilmagan sahifalarini ochish muhimligini ta’kidladi.
«Jadid bobolarimiz millatning ma’naviy uyg‘onishi, ilm-ma’rifat va taraqqiyot yo‘lida fidokorona mehnat qildilar. Ular xalqning dunyoqarashini kengaytirish, ilmni rivojlantirish va Turkistonning salohiyatini tiklashga intildilar. Ularning hayoti va faoliyati biz uchun bugun ham muhim saboqdir. Zero, bugungi mustaqillik va erkinlik o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmagan. Ularning ortida ajdodlarimizning orzu-intilishlari, kurashi va fidoyiligi mujassam», — dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
U jadidlar merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, ilm-fan va ma’rifat rivoji uchun muhim ma’naviy asos sifatida ham o‘rganish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuvda «Yosh tadqiqotchilar» bilan hamkorlikda «Jadidlar xotirasi» xalqaro raqamli arxivini shakllantirish tashabbusi haqida ma’lumot berildi. Loyiha doirasida jadidlar avlodlari va oilalarida saqlanayotgan maktublar, fotosuratlar, qo‘lyozmalar va xotiralarni ularning egalari roziligi hamda ilmiy tekshiruv asosida yagona raqamli manbaga jamlash ko‘zda tutilgan.
Bunday arxiv tariximizning hali to‘liq o‘rganilmagan sahifalarini ochish, tadqiqotchilar uchun ishonchli manbalar bazasini yaratish va jadidlar merosini kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilishi mumkin. Uchrashuvda tarixiy ma’lumotlarni zamonaviy media formatlari va sun’iy intellekt imkoniyatlari orqali keng jamoatchilikka taqdim etish masalasi ham muhokama qilindi.
Avlodlar xotirasi — tarixning tirik manbasi
Anjumanning eng muhim jihatlaridan biri jadidchilik harakati namoyandalarining bevosita avlodlari bilan yuzma-yuz muloqot bo‘ldi. Ular o‘z ajdodlarining hayoti, faoliyati, oilada saqlanib kelayotgan xotiralar va tarixiy voqealar haqida so‘zlab, jadidlar merosiga shaxsiy munosabatlarini bayon etdilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning nabirasi Shohrux Behbudiy ajdodi faoliyatini o‘rganishda mustaqillik yillarida yaratilgan imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, oilada Behbudiyning «Padarkush» pyesasini yozgani, gazeta chiqargani va kutubxona tashkil etgani kabi ma’lumotlar saqlanib kelgan. Biroq uning milliy taraqqiyot yo‘lidagi faoliyati va g‘oyalarining ko‘lami keyingi yillarda yanada chuqurroq anglanmoqda.
«Yangi tariximizda men o‘ylaymanki, haqiqiy qahramonlar — bu jadidlar. Chunki ular qilgan narsalar — o‘z hisoblaridan maktablar ochish, gazetalar chiqarish, kutubxonalar tashkil qilish, teatrlar ochish — har kim ham qila oladigan ish emas edi. Bu ishlarni qilish uchun jasorat kerak edi», — dedi Shohrux Behbudiy.
U Mahmudxo‘ja Behbudiyning zamonaviy ilm-fanni egallash va xalqni savodli qilishga qaratilgan qarashlari bugun ham dolzarb ekanini ta’kidladi. Avlodlar uchun ajdodlarining hayotini o‘rganish nafaqat oilaviy xotirani asrash, balki ular boshlagan ma’rifat ishlarini davom ettirishga intilishni ham anglatadi.
Obidjon Mahmudovning nabirasi Maqsuda Obidjonova esa bunday uchrashuvlar uzoq yillar davomida yetarlicha tilga olinmagan tarixiy shaxslarning nomlarini qayta tiklash va ularning avlodlari xotiralarini jamoatchilikka yetkazish uchun muhim imkoniyat yaratayotganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillik yillarida Obidjon Mahmudovning hayoti va faoliyatiga e’tibor qaratilishi, uning nomi va merosining e’zozlanishi avlodlar uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega. Maqsuda Obidjonova jadidlarning xalqni bilimli qilish, madaniyatni rivojlantirish va jamiyat manfaatlari yo‘lida xizmat qilishga qaratilgan faoliyati bugungi yoshlar uchun ham ibrat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
«Jadidchilar topgan pullarini faqat o‘zlari yeb-ichib o‘tirmagan. Boyliklarini davlat, xalq va ishlarini rivojlantirish uchun sarflashgan. Xalqni bilimli qilish, madaniyatli qilish, shaharni rivojlantirish uchun harakat qilganlar», — dedi Maqsuda Obidjonova.
U jadidlar merosini o‘rganishga qaratilayotgan bugungi e’tibor yosh avlodni ajdodlardan o‘rnak olishga, bilimli bo‘lishga va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga undashini qayd etdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Saidrizo Alizoda, Abduqodir Shakuriy, Hoji Muin, Vadud Mahmud, Po‘lat Soliyev, Musojon Saidjonov, Hasanxon Niyoziy, Maryam Sultonmurodova va boshqa ma’rifatparvarlar avlodlari ishtirokida ham muloqotlar o‘tkazildi. Ularda oilaviy arxivlarda saqlanayotgan hujjatlar, suratlar, kitoblar va xotiralarni asrab-avaylash, ularni ilmiy o‘rganishga jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Avlodlarning shaxsiy xotiralari jadidlarning faoliyatiga oid mavjud tasavvurlarni boyitish, ularning hayoti va ijodini yangi qirralardan o‘rganish hamda tarixiy ma’lumotlarni kelgusi avlodlarga ishonchli yetkazishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Tarixiy merosni asrash — kelajak oldidagi mas’uliyat
«Jadidlar avlodlari uchrashuvi» umummilliy ilmiy-ma’rifiy yig‘ini jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyatini yanada chuqur anglash, oilaviy xotiralar va akademik tadqiqotlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tarixiy manbalarni saqlash va ularni ilmiy muomalaga kiritish masalalarini birgalikda muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Anjuman doirasida bildirilgan fikrlar va ilgari surilgan tashabbuslar jadidshunoslik tadqiqotlarini rivojlantirish, tarixiy hujjatlarni raqamlashtirish, avlodlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ma’rifatparvar ajdodlar merosini zamonaviy usullarda targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati