Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Aprel, 2026   |   9 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:26
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:41
Bismillah
27 Aprel, 2026, 9 Zulqa`da, 1447

Buyuklarning onalari: Xonzodabegimning matonati

18.03.2025   11626   2 min.
Buyuklarning onalari: Xonzodabegimning matonati

Qadim va ko‘hna Buxoro – avliyolar, Islom olamiga munosib hissa qo‘shgan ulamolar maskani, butun dunyodan sayyohlar ziyorat uchun keladigan sharif shahar. Uni sharaflantirib turgan ajdodlarimiz orasida Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari alohida o‘rin tutadi. 

Abdulxoliq G‘ijduvoniy nomini tilga olar ekanmiz, har safar: “Ust-boshingizni mehnatingiz bilan bezang”, “Ko‘ngil firog‘ini muhabbat olovi bilan yoqing” kabi go‘zal vasiyatlari qulog‘imiz ostida jaranglaydi. 
1103 yili asli rumlik Shayx Abduljamil va Malatiya podshohining qizi Xonzodabegimning nikohidan “Abdulxoliq” ismli pok o‘g‘il dunyoga keldi. Baqo eshigidan kirguniga qadar faqat Alloh zikrida bo‘lgan valiy zot Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari “Xojai Jahon” nomiga musharraf bo‘lgan. 

Barcha ulug‘ zotlarning ortida mushtipar ayol – taqvodor va fidoyi onalar turadi. Abdulxoliq G‘ijduvoniyning onasi Xonzodabegim ham Shayx Abduljamil bilan besh yilcha birga hayot kechirgan.  Xonzodabegim yigirma bir yoshida beva qolib, umrini shu birgina farzandining ilm olishi va  tarbiyasiga bag‘ishladi. Podshohning qiziman, demasdan hayotning past-balandliklarini shukr va sabr bilan yengib o‘tdi. Mehnatkashligi, qat’iyatliligi yosh Abdulxoliqning kelgusi hayotida butun umriga tatigulik darajada o‘z ta’sirini o‘tkazdi. 

Har doim Allohga iltijo qildi. Boshqalarga borib arz qilmadi, otasining yurtiga qaytib ketmadi, yaxshi gumonda bo‘lib, buni bir xayrli taqdirga yo‘yib,  chiroyli sabr qildi...

Ona farzandini o‘zidan uzib biror yerga yuborish u yoqda tursin, bir necha soatga bo‘lsa-da, boshqaga berib ketolmaydi. Balki shundan bo‘lsa kerak, Payg‘ambar alayhissalom: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deganlar (Imom Quzo’iy rivoyati). Xonzodabegim ham  yo‘qotsa-da, ayollik iffatiyu or-nomusini va ma’naviyatini yo‘qotmadi. Butun umrini, ilmini, kuch-quvvatini farzandining kamoloti yo‘lida sarfladi. Olis yurti, ota-ona sog‘inchi qalbini qancha o‘rtamasin, farzandining yonida qoldi. 

Ona nomini pok saqlay olgan ayollarimiz bor ekan, hayot munavvar. Buning uchun har bir muslima o‘zining asosiy burchi ilm va tarbiya­ni mahkam tutmog‘i lozim. Zero, qo‘liga kitob tutgan xalqni, millatni avvalo ayol tarbiyalaydi. Sizu bizning zimmamizdagi vazifalar yuki og‘ir bo‘lsa ham, sharafi yuksakdir. Shunday ekan, olimu ulamolarning meros­xo‘rlari sifatida ularga munosib farzand bo‘laylik! 
 

Norbibi MARDONOVA, 
G‘ijduvon tumani bosh otinoyisi

"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

26.04.2026   6760   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Toshkent tumani “Ramadon” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmon domla  Astanoyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin! 


Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Abdurahmon domla  Astanoyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.


«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering». 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz

O'zbekiston yangiliklari