Bir g‘amgin kishi donishmandning huzuriga kelib: “Ayting-chi, meni qiynayotgan bu g‘am–tashvishlardan qutilishning biror chorasi bormi? deya dardini doston qildi. Shunda donishmand: “Avval mening ikki savolimga javob ber”, dedi. Birinchidan: “Sen dunyoga kelgan vaqtingda seni qiynayotgan shu muammolar bor edimi?”. Haligi kishi: “Yo‘q”, deb javob berdi.
“Dunyodan ketar vaqtingda shu g‘am-tashvishlarni o‘zing bilan olib ketasanmi?” deb ikkinchi savolni so‘radi donishmand. U yana: “Yo‘q”, dedi.
“Sen bilan kelmagan va sen bilan ketmaydigan, narsa uchun nimaga g‘am chekasan?! Dunyo ishlarida sabrli bo‘l! Nazaringni yerga emas, samoga qarat! Shunda muroding hosil bo‘ladi.
Tabassum qil! Rizqing o‘lchab qo‘yilgan. Taqdiring belgilangan. Dunyo ishlari g‘am chekishga arzimaydi. Chunki u mudom Tirik va Abadiy Zotning iznidadir”, deya nasihat qildi donishmand.
Ulamolarimiz: “Mo‘min ikki holatning orasida yashaydi. Biri yengillik, ikkinchisi qiyinchilik. Agar bilsa, ularning har ikkisi ham “ne’mat”dir. Chunki yengillikda shukr qilish ajru mukofotlarga sabab bo‘ladi: «Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlagay» (Oli Imron surasi, 144-oyat).
Qiyinchilikda esa sabr qilish imkoni bor. Alloh taolo sabr qiluvchilarga dunyoyu oxirat mukofotlarini beradi: «Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur» (Zumar surasi, 10-oyat).
Agar baxtli hayot kechirishni istasang, hamma narsani taftish qilaverma. Chunki qimmatbaho toshlar bilan shug‘ullanuvchilar olmosni hadeb tahlil qilavergach, uning asli ko‘mir ekanini aniqladilar.
14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.
Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.
Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad — har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati