Savol: Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Jabroil alayhissalom menga o‘rgatdi. Sizlarga uni aytib beraman, kim nayson (aprel) oyida yomg‘ir yoqqanda suvidan olib, 70 martadan fotiha, oyatal kursi, falaq, nas, kafirun, suralarini o‘qib dam solib ichsa erkak va ayol bepusht bo‘lsa farzand ko‘radi, falaj bo‘lmaydi, tanadagi bor kasalliklar tuzaladi", mazmunli xabar tarqaldi. Haqiqatan ham shu ma’nodagi hadis bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur rivoyatni hadis deb aytish katta gunoh hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish hisoblanadi. Birorta ham e’tiborli va ishonchli hadis kitoblarida bunday mazmundagi hadis kelgan emas. Ayrim ulamolar uni hadis to‘qish bilan shug‘ullanadiganlarning to‘qimasi ekanligini ta’kidlab o‘tishgan. Shuning uchun har qanday ma’lumotlarni, xususan, dinga oid ma’lumotlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlamasdan turib tarqatishdan juda ham ehtiyot bo‘lish lozim. Bunday ishlar yolg‘onga xizmat qilish va boshqalarni aldash hisoblanadi. Qolaversa, bu yolg‘on oddiy yolg‘onlar kabi shunchaki harom bo‘lib qolmay, jahannam bilan tahdid qilingan gunohlar sirasiga kiritilgani haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللَّه عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ ، مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)
“Mening nomimdan (aytilgan) uydirilgan yolg‘on so‘z boshqa bir kishi nomidan uydirilgan yolg‘on kabi emasdir. Kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on so‘z to‘qisa, jahannamdagi joyiga tayyorgarlik ko‘rsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘rni kelganda shuni ham ta’kidlash kerakki, shu mavsumda, ya’ni, aprel oyida yog‘adigan yomg‘irning foydalari tibbiy jihatdan isbotlangan bo‘lsa, soha mutaxassislarining ko‘rsatmasi bo‘yicha iste’mol qilish xato yoki gunoh hisoblanmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qohiradagi Al-Azhar universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamkorligida onlayn ilmiy seminar o‘tkazildi.
“Imom Termiziy merosi: merosni qabul qilish va o‘rganish an’analari hamda undan zamonaviy foydalanish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Imom Termiziyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning hadis ilmi rivojidagi o‘rni, alloma asarlarining keyingi avlodlar tomonidan qabul qilinishi va tadqiq etilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Seminarda Qohiradagi Al-Azhar universiteti Islomiy da’vat fakultetining islomiy da’vat va madaniyat yo‘nalishi dots.nti, professor doktor Odil Abdulloh Hindiy ma’ruza qildi. Unda Imom Termiziyning ilmiy merosi, xususan, allomaning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, asarlarining ilmiy ahamiyati va ularni zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganishning dolzarb jihatlariga to‘xtaldi.
Shuningdek, buyuk muhaddis merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, ilmiy manbalardan zamonaviy ta’lim va tadqiqot jarayonlarida samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Imom Termiziy merosini o‘rganishga qaratilgan bunday ilmiy muloqotlar alloma ilmiy merosining xalqaro miqyosda yanada keng tadqiq etilishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati