Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tinglovchilari ishtirokida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda «Uchinchi Renessans chorrahasi» mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi, xabar bermoqda iccu.uz .
Unda imom-xatiblarning kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatda kechayotgan jarayonlar hamda zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha bilimlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlar davomida tafsir ilmi va zamonaviy tafsir yo‘nalishlari, Qur’oni Karim ma’nolaridan bugungi ijtimoiy hayotda, xususan, yoshlar tarbiyasi va odob-axloq masalalarida samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Navoiy viloyati Navoiy shahri bosh imom-xatibi Dilshod Ergashev bunday mashg‘ulotlar bilimlarni yangilash va kasbiy malakani oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
«Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, diniy sohadagi xayrli ishlar va dunyoda kechayotgan jarayonlar haqida kengroq ma’lumot oldik. Ilmiy saviyamiz va malakamizni yanada oshirish uchun ko‘plab yangi bilimlarga ega bo‘ldik. Albatta, bu yerda olgan bilimlarimizdan o‘z faoliyatimizda foydalanamiz», — dedi u.
Uning qayd etishicha, seminarning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ham alohida ahamiyatga ega. Markazda jamlangan tarixiy va ilmiy meros imom-xatiblar uchun ham yangi ma’lumotlar va manbalar bilan tanishish imkonini beradi.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani bosh imom-xatibi Ozod Nazarov esa ilmni muntazam ravishda yangilab borish zarurligini ta’kidladi.
«Haqiqatdan ham ilm bir joyda turib qolsa, eskirib qolar ekan. Biz bu yerga kelib, ustozlarimiz huzurida ilmimizni yana bir yangilab oldik. Juda ko‘p yangi bilimlarga ega bo‘ldik. Ayniqsa, tafsir ilmi va zamonaviy tafsir yo‘nalishlari haqidagi mashg‘ulotlar biz uchun muhim bo‘ldi. Qur’oni Karim ma’nolaridan bugungi ijtimoiy hayotda, yoshlarimizning odob-axloqi va tarbiyasida qanday samarali foydalanish mumkinligi haqida ko‘plab yangi jihatlarni angladik», — dedi u.
O‘quv-seminar yakunida ishtirokchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzey qismi bilan ham tanishdilar. Uch ming yillik tarix, buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi va Renessans davrlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar ularga seminar davomida olingan bilimlarni tarixiy manbalar va madaniy meros bilan uyg‘un holda anglash imkonini berdi.
Bunday o‘quv-seminarlar imom-xatiblarning bilim va malakasini muntazam ravishda yangilab borish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda ulardan diniy-ma’rifiy faoliyatda samarali foydalanishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati