Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Indoneziyaning Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti va Qur’on ilmlari instituti (IIQ) hamkorligida “Imom Buxoriy va musulmon olamida ilm-fan (2025)” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Forum Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumiga asosan tashkil etildi.
Ochilish marosimida ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’naviy aloqalarni rivojlantirish, Imom Buxoriy merosini chuqur o‘rganish va uning ilmiy ahamiyatini keng yoritishga qaratilgan tashabbuslar alohida ta’kidlandi.
Anjuman doirasida “Imom Buxoriy merosi va zamonaviy islom tafakkuri” va “Hadisshunoslik metodologiyasi va klassik ilmlar”, “Hadis, tafsir va axloqiy mulohazalar”, “Zamonaviy tadqiqotlar, raqamli gumanitar ilmlar va institutsional ta’lim” mavzularda ilmiy sessiyalar o‘tkazildi. Unda olimlar Imom Buxoriy asarlarining ilmiy asoslari, jahon hadisshunoslik maktabida tutgan o‘rni va zamonaviy talqinlari haqida fikr almashdi.
Imom Buxoriy asarlaridagi ma’naviy qadriyatlarning bugungi ta’lim jarayonlari va jamiyat hayotidagi ahamiyati, islom ilmlarini o‘qitishda raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish imkoniyatlari, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.
Anjumanning yakuniy qismida ilmiy muloqot natijalari sarhisob qilinib, ilmiy tavsiyalar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati