Koh ota masjidi imom-xatibi Abduhakim domla Pirnazarov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’ati yig‘ilishi qarorlari ijrosini ta’minlash hamda tizim xodimlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida Toshkent shahridagi tuman masjidlari ish yurituvchilari uchun o‘quv-amaliy mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Diniy idoraning Huquqshunoslik bo‘limi mutaxassislari ishtirok etib, sohaga oid qonunchilik talablari hamda ijro intizomi yuzasidan quyidagi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdilar:
Masjidlarning rahbar organlari tarkibida o‘zgarishlar yuz berganda, bu haqda belgilangan tartibda (bir oy muddat ichida) adliya idoralariga rasmiy ma’lumot kiritish;
Masjid ustavi, guvohnomalari va boshqa ta’sis hujjatlarini amaldagi qonunchilik talablari asosida to‘g‘ri yuritish va saqlash;
Imom-xatib va imom noiblarining besh vaqt namozda o‘z xizmat vazifalarida (joyida) bo‘lishini qat’iy ta’minlash;
Masjid binolarida olib boriladigan qurilish va ta’mirlash ishlari loyiha hujjatlarini oldindan vakolatli idoralar bilan kelishish.
Ochiq muloqot va qizg‘in savol-javoblar ruhida o‘tgan mahorat darsida ishtirokchilar kundalik ish faoliyatida duch kelayotgan turli huquqiy masalalar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha tushuntirish va amaliy tavsiyalar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati