Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Zakot mablag‘lari orqali kambag‘allarning uyini ta’mirlab berish mumkinmi? Bu holatda zakot ado bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar bu ish to‘g‘ri shaklda tashkil qilinsa, albatta zakot ado bo‘ladi. Zakot mablag‘laridan uy-joylarni ta’mirlab berish bir necha ko‘rinishda amalga oshirilishi mumkin:
1. Ta’mirlash uchun pul berish.
2. Qurilish mollarini olib berish.
3. Ta’mirlash jarayonini to‘liq tashkil qilib berish.
Birinchi va ikkinchi holatda zakot ado bo‘lishi shubhasiz. Chunki birinchi holatda zakot beruvchi tomon faqirga zakotini beradi va shariatda talab qilingan “tamlik” topiladi. Ikkinchi holatda ham “tamlik” topiladi. Qolaversa, mazhabimiz qoidalariga ko‘ra zakot kabi moliyaviy ibodatlarda qiymatini yoki uning o‘rniga biror narsani mulk qilib berish joiz hisoblanadi.
Uchinchi holat esa biroz murakkab jarayon hisoblanib, agar to‘g‘ri tashkil etilsa, zakot ado bo‘ladi, aks holda zakot o‘tmaydi.
Agar zakot beruvchi tomon qurilish tashkiloti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi shartnoma tuzib, shu orqali kambag‘alning uyini ta’mirlatib bersa, zakot ado bo‘lmay qoladi. Chunki bunda “mablag‘ni kambag‘alga mulk qilib berish” emas, balki “xizmat ko‘rsatish” yoki “foyda keltirish” sodir bo‘ladi.
Agar kambag‘al kishi zakot beruvchiga “Uyimni ta’mirlash uchun mening nomimdan usta yoki qurilish-ta’mirlash shirkatini yolla, keyin unga zakot pulidan to‘la” desa, bu holatda zakot pulidan usta yoki qurilish firmasiga to‘lashi mumkin. Chunki bu holatda zakot beruvchi kambag‘alning vakili sifatida usta yoki qurilish firmasi bilan shartnoma tuzadi. Ta’mirlash natijasida kambag‘al bilan usta yoki qurilish firmasi o‘rtasida qarzdorlik yuzaga keladi. Zakot beruvchi esa kambag‘alning buyrug‘i asosida ana shu qarzni zakot mablag‘i orqali to‘laydi.
Demak, uchinchi holatda zakot ado bo‘lishi uchun jarayonni yuqorida aytilganidek tashkil qilinishi lozim bo‘ladi.
Ana shunda zakot beruvchi kambag‘alga ta’mirlash xizmatini ko‘rsatgan emas, balki uning qarzini o‘z ruxsati bilan zakot mablag‘lari orqali to‘lagan bo‘ladi. Shunday qilinsa, zakot to‘g‘ri ado bo‘ladi Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati