Bugun, 24 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Mulla Xolmirza ota” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin jamoatga butun dunyo musulmonlari ehtiromini qozongan ulug‘ alloma, bobokalonimiz Imom Buxoriy hazratlari haqida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Suhbat avvalida hadislar borasida ham to‘xtalib o‘tildi. Zero, Rasulullohning hadislari Qur’ondan keyingi ikkinchi manba, hadis to‘plamlarining eng ishonchli va mukammali esa buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy to‘plagan “Sahihi Buxoriy” kitobi hisoblanadi.
Ulug‘ bobomiz haqida mashhur muhaddis va olimlarning ta’riflari, xususan, Imom Ibn Xuzaymaning bahosi keltirib o‘tildi: “Osmon ostida Muhammad ibn Ismoildan ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarini yaxshi biluvchi va yodlovchi insonni ko‘rmadim”.
Imom Buxoriy haqlaridagi bu maqtovlar – oddiy so‘zlar emas, balki buyuk ilm ahllari tomonidan berilgan tarixiy guvohlikdir.
Bugungi kunda Yurtboshimiz tashabbuslari bilan Imom Buxoriy hazratlarining maqbaralari u zotning ilmiy faoliyatlari va yuksak obro‘-e’tiborlariga munosib tarzda qayta qurilib, ulkan va mahobatli majmua sifatida barpo etilgani ham u zotga munosib voris bo‘lishning bir namunasi ekani ta’kidlab o‘tildi.
Muftiy hazratlari Imom Buxoriy hazratlarining hayot yo‘li haqida so‘zlar ekan, u kishining otasi Ismoil vafoti oldidan bunday deganini keltirdilar: “Topgan molimda bir dirham ham harom yoki shubhali narsa borligini bilmayman”. Demak, komil va olim farzand yetishtirishda luqmasining halol bo‘lishi juda muhim ekan. Qolaversa, Imom Buxoriy hali go‘dakligida ko‘rish qobiliyati susayib ketadi. Shunda onasining tinimsiz duolari, parvarishi sababli Muhammad ibn Ismoil yana ko‘ra boshlaydi. Bundan xulosa qilish mumkinki, to‘g‘ri ta’lim-tarbiya bilan birga, ota-ona farzandi haqiga ko‘plab duolar qilib turishi ham lozim bo‘ladi.
Imom Buxoriy hazratlari ilm talabida Makka, Madina, Shom, Misr, Nishopur, Basra, Kufa, Bag‘dod, Vosit, Marv, Ray va Balx kabi shaharlarga safar qilgani, u zamonlarda buning naqadar mashaqqatli bo‘lgani haqida so‘z borar ekan, bugungi rivojlangan zamonda ilm o‘rganishga har jihatdan qulay sharoitlar muhayyoligi, shunday ekan, yoshlarimizni ilmga yanada targ‘ib etish lozimligi eslatib o‘tildi.
Go‘zal mav’iza so‘ngida yurtimizdan yana Imom Buxoriydek ulug‘ olimlar chiqishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati