Joriy yilning 6 may kuni Toshkent viloyatida xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish va oilalar mustahkamligini ta’minlashda faollik ko‘rsatayotgan otinoyilar o‘rtasida «Eng namunali otinoyi» ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimligi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etib, otinoyilarning jamiyat barqarorligidagi o‘rnini alohida e’tirof etdilar.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning faoliyati, bilim darajasi va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga qo‘shgan hissasini baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ko‘rik-tanlovning 1-o‘riniga Yangiyo‘l tumani otinoyisi Hanifaxon Nishonova, 2-o‘riniga Parkent tumani otinoyisi Maxsuma G‘anixonova hamda 3-o‘riniga Zangiota tumani vakilasi Dilbar Hamdamova munosib deb topildi.
G‘oliblarga tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’rifat yo‘lida xizmat qilayotgan barcha otinoyilarimizga kelgusi faoliyatlarida zafarlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati