Makkai mukarramaga yetib kelgan navbatdagi ziyoratchilarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Ishchi guruhi a’zolari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda mas’ul mutasaddilar tomonidan alohida ehtirom va samimiyat bilan kutib olindi.
Yurtdoshlarimiz zamonaviy va yangi qurilgan mehmonxonalarga kirishlari bilanoq, ularga zam-zam suvi, xurmo, turli shirinliklar, guldastalar hamda esdalik tuhfalari taqdim etildi.
Ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibordan mamnun bo‘lgan ziyoratchilar Alloh taologa hamdu sanolar aytib, bu kabi mehr va ehtiromni muqaddas Makkai mukarramada ham chuqur his qilayotganlarini izhor etdilar.
Shu tariqa, yurtimizda ustuvor ahamiyat kasb etayotgan inson qadri va insonga e’tibor tamoyili nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq yurtlarda ham amaliy ifodasini topayotganiga yana bir bor guvoh bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati