Agar muhabbating bo‘lsa aniq haqiqat,
Bo‘lar boshqasi behudalikdan iborat.
Alloh taolo saxiylarning eng saxiysi, karamlilarning eng karamlisidir. Bandasiga so‘ramagan narsalarini ham beradi, ozgina ibodat evaziga ham uni maqtab, savoblarini ko‘paytirib beradi. Xato va kamchiliklarini esa kechirib o‘chirib yuboradi. Osmonlaru yerdagilarning barchasi U zotdan so‘raydi, lekin birini eshitish boshqasini eshitishdan mashg‘ul qilib qo‘ymaydi, so‘rovlarning ko‘pligi Uni chalkashtirmaydi, qattiq turib olib so‘raganlarning bu ishlari Uni ranjitmaydi, balki ana shunday ko‘p so‘rovchilarni yaxshi ko‘radi. So‘ralsa yaxshi ko‘radi, so‘ralmasa g‘azab qiladi.
Bandasi so‘raganda bermaslikka hayo qiladi, lekin banda hayo qilmay gunoh qilaveradi. Banda o‘zining gunohlarini to‘smasa ham Alloh ularni berkitadi, banda o‘ziga zulm qilsada Alloh unga rahm qiladi. Qalblar faqat Ugina yaxshiliklar beradigan va gunohlarni kechiradigan zotni qanday sevmasin? Axir, U zot duolarni ijobat qiladi, xatolarni kechiradi, ayblarni berkitadi, qiyinchilik va g‘am-tashvishlarni aritadi.
Alloh... U zot eng rahimli, ko‘plab ne’matlarni beradigan va panoh so‘raladiganlarning eng buyugidir. U bandaning tavakkul qilishiga kifoya va bandalariga ota-onasidanda mehribon zot. Bandasining tavbasidan cho‘lu biyobonda bor oziq-ovqati bilan tuyasini yo‘qotib qo‘yib, o‘limiga oz qolgan va hayotdan umidini uzgan vaqtda tuyasini topib olgan kishining xursandchiligidan ko‘ra xursand bo‘ladi.
Shu’la: Qaroringiz doimo tajriba orttirib saodatga erishish bo‘lsin.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.