Markaziy bank huzurida yurtimizda islomiy moliya sohasini tizimli rivojlantirish, uning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Islomiy moliya kengashi tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur yangi tuzilma islomiy xizmatlar ko‘rsatuvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazoratidagi boshqa muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial (jamoaviy) organ sifatida ish olib boradi.
E’tiborli jihati, Kengash tarkibi islom huquqi sohasida chuqur bilim va boy tajribaga ega bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari hamda texnik ekspertdan iborat 5 nafar a’zoni qamrab olgan. Bu esa mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini xalqaro talablar va shar’iy qoidalar asosida rivojlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash hamda aholi va tadbirkorlar uchun muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan 2022 yili tashkil etilgan Diniy idora qoshidagi Fatvo markazi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH davlatlari orasida ham maqomi jihatidan yagona markaz sanaladi.
Bugungi kunda markazda Muftiy hazrat boshchiligida 20 nafar yetuk ulamo yettita asosiy ilmiy va amaliy yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, Markaz huzuridagi diniy savol-javoblarga ixtisoslashgan Koll-markaz va media tarmoqlari orqali mo‘min-musulmonlarning murojaatlariga muntazam va tezkor javob qaytarib kelinmoqda.
Qayd etish joizki, markaz nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki xorijda mehnat qilayotgan yoki tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatgan. Xususan, 2025 yildan boshlab chet eldagi yurtdoshlarimizning diniy-ma’rifiy va moliyaviy savollariga ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kuniga o‘rtacha 1000 dan ortiq murojaatni qabul qilayotgan Fatvo markazi o‘tgan faoliyat davrida bir milliondan ortiq savolga shar’iy va asosli javoblarni taqdim etdi. Shuningdek, 3 jilddan iborat “Fatvolar to‘plami”, “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi”, “E’tiqodga oid zarur masalalar” kabi dolzarb mavzulardagi 10 dan ziyod kitob nashr etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolarining Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashida ishtirok etishi esa yurtimizda tadbirkorlik va moliya tizimining rivojida yangi davrni boshlab beradi, insho Alloh.
Alloh taolo yurtimizda islomiy moliya sohasidagi yangi islohotlarni bardavom va xayrli qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Misrdagi Al-Azhar xalqaro akademiyasida 20 nafar o‘zbekistonlik imom-xatib uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturi yakunlanib, ishtirokchilarga maxsus shahodatnoma topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursida diniy soha vakillari o‘zlarining ilmiy-diniy bilimlarini oshirish, Al-Azharning boy ilmiy tajribasi va o‘qitish uslublarini o‘zlashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan akademiya rahbari Hasan Sag‘ir ushbu o‘quv kurslari Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning doimiy e’tiborida bo‘lganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, shayx Ahmad Tayyib o‘quv jarayonini jiddiy kuzatib borgan.
Safar davomida o‘zbekistonlik imomlar ushbu davlatdagi Katta ulamolar kengashi a’zosi doktor Hasan Shofeiy bilan ham ko‘rishdi. Uchrashuv chog‘ida ilm-fan, diniy ma’rifat va ulamolar mas’uliyati xususida suhbat bo‘lib o‘tdi.
Imom-xatiblar Al-Azhar hamda Imom Husayn masjidlariga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan tabarruk ashyolar, jumladan, muborak qilich va boshqa tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Al-Azhar o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlik, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, imom-xatiblarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda o‘zbekistonlik yoshlarning ushbu nufuzli dargohda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati