Birinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, Razzoq Zot bo'lgan Alloh taolo huzuridan senga bitilgan taqdirga rozi bo'l. Bu yo'lda tavakkal qilib iymoningga yarashadigan bir maqomga ega bo'l. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar siz haqiqatan ham to'liq iymon bilan Allohga tavakkul qilganingizda edi, tongda och chiqib, oqshomda to'q holda uyasiga qaytadigan qushlarni rizqlantirgani misoli Alloh sizni ham mutlaqo rizqdan nasibador qilgan bo'lar edi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ikkinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, Alloh taolo joriy etgan halol va harom chegaralarga rioya qilib, shubhali narsalardan yuz o'girgin. Toki nomus va hamiyatingga dog' tushmasin.
Uchinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, rizq talabida erta tongdan harakat qilib, uyingdan chiqishing, quyoshni uyg'otishing lozim. Shunda asl barakaga ega bo'lasan. Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Yo Alloh, ummatim uchun erta tongni barakali qil” (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja, Imom Termiziy, Imom Daromiy, Imom Ahmad rivoyatlari), deb duo qilganlarini eshitdim».
To'rtinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, olishda va sotishda, qarz berishda va olishda doimo osonlik va qulaylikni asos qilib ol. Shunda tijoratingni xotirjam bir tarzda amalga oshirgan holda Allohning rahmatiga erishasan.
Beshinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, sotayotgan molingning sifatini tushiradigan va qiymatini kamaytiradigan bir qusur mavjud bo'lsa, buni xaridorga ochiqchasiga ayt. Aks holda, foydangga harom aralashib, o'zing birovlarning la'natiga qolib ketishingga sabab bo'lmasin. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday ogohlantirganlar: “Kimki qusuri bor molini sotayotgani haqida xaridorini voqif etmasa, doimo Allohning g'azabi va farishtalarning la'nati ostida bo'ladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Oltinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, foiz borasida juda hushyor bo'lishing, foiz olmasliging va bermasliging, foiz aralashgan joyda turmasliging va bu xususida g'oyatda ehtiyot bilan yo'l tutishing lozim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uyilgan qovoqlari va og'ir tanbehlariga ro'baro' bo'lmaysan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam foiz berganni, uni olganni, buni qayd etgan kitobni, ya'ni uni qog'ozga tushiruvchi kishini va bunga guvohlik qilgan shohidlarni la'natladilar va ularning barchasi u gunohga teng sherikdir, dedilar”.
Yettinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, qiladigan ishingni sobitlik ila bajarmog'ing, sabrli bo'lishing va hisob-kitobda yaqin zamonni emas, balki uzoqni ko'zlab harakat qilmog'ing lozim. Shunda muvaffaqiyatga erishasan. Oysha roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo sizlardan bir kishi uchun bir tomonni – narsani rizqqa sabab qilib qo'ysa, bu o'zgarguncha yoki qiyinlashguncha uni tark etmasin, ya'ni undan voz kechib ketmasin” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Sakkizinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, dunyo moli ko'zni qamashtiruvchi va yoqimli ekanini, ammo Alloh taolo huzurida foniy va qiymatsiz ekanini hech qachon unutmagin. Shunda hirs va tamagirlik domiga tushib, dunyo talabida haddan oshmaysan.
To'qqizinchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, molingni loyiq bo'lgan bahodan oshirib sotish uchun noto'g'ri yo'llarga kirib qolmasliging va xaridorlarni aslo aldamasliging lozim. O'shanda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning haqiqiy ummati bo'lish baxtini qo'ldan chiqarmagan bo'lasan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Aldagan kishi bizdan emasdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
O'ninchi qoida. Ey musulmon tijoratchi, jannatda eng yaxshi do'stlar bilan qo'shni bo'lish saodatiga erishay desang, o'z ishing va tijoratingni to'g'rilik asosi ustida bino etishing va hech qachon haqiqatdan ayrilmasliging lozim. To'g'riso'z va ishonchli tijoratchilar nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo'ladilar.
Manbalar asosida Qamashi
tumani bosh imom-xatibi
Oqilxon AHMYeDOV tayyorladi.
Oqilxon Ahmedov 1977 yili Qamashi tumanida tug'ilgan. 1999 yili “Mir Arab” madrasasini, 2021 yili Toshkent islom institutini bitirgan.
2002 yildan buyon “Alisher Navoiy” jome masjidi va Qamashi tumani bosh imom-xatibi bo'lib ishlab kelmoqda.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Barmoq izlarimiz boshqalarning barmoq iziga o‘xshamasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Garchi dunyoda milliardlab insonlar bo‘lsa ham birining barmoq izi boshqasinikidan farq qiladi.
Shuningdek, har bir insonda o‘ziga xos hid bo‘ladi. Biz uni oddiy hid bilish qobiliyatimiz bilan ajrata olmaymiz. Lekin iskovich itlar bir insonning hidini minglab odamlar ichidan ajrata oladi.
Bundan tashqari insonning ovozi ham har kimniki o‘ziga xos bo‘ladi. Buni bugungi kun ilm-fan isbotlagan. Hatto insonning og‘iz bo‘shlig‘i ham boshqasinikiga o‘xshamas ekan. Alloh taolo qiyomat kunida har kimni o‘z suratida qayta tiriltirishini eslatish uchun bunday mo‘jizalarni bizga ko‘rsatib qo‘ygan.
Inson o‘zining farzandlariga mehr berishda ham adolatli qilib yaratilgan. Misol uchun, ota kichik farzandlarini kattasiga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nima uchun? Chunki otaning yoshi o‘tgani sayin katta farzandlari kichigiga nisbatan baribir ko‘proq mehr ko‘rgan bo‘laveradi. Bu tengsizlikni to‘g‘rilash uchun ham ota farzandlariga mehr ko‘rsatishda adolat qilishga moyil qilib qo‘yilgan.
Shu o‘rinda yuqorida kelgan oyatni yana bir bor eslasak: “O‘zingizda ham (oyat mo‘jizalar bor)”.
Oyati karimada aytilganidek Allohning borligini, adolatning bor bo‘lishi kerakligini inson tabiiy his qila oladi. Alloh taolo bunday degan:
﴿فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا﴾
“Unga (nafsga) gunohlarini ham, taqvosini ham ko‘rsatib qo‘ydi” (Shams surasi, 8-oyat).
Nafs yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olmaydi. Balki Alloh bildirgan narsanigina biladi. Allohning bildirishi esa tabiiy ravishda yaxshi va yomonni ajrata oladigan qilib qo‘yganligidir.
Faqatgina inson emas, borliqdagi barcha narsada Allohning borligiga dalillar bisyor.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan