Metro ustunlaridan biri ostida o'tirib qalam charxlab, sotadigan ozg'indan kelgan, zehni noyob bir bola bor edi.
Bir kuni uning oldidan bir tadbirkor, ishbilarmon odam o'tib, cho'ntagidan bir dollar chiqardi va bolaning oldiga qo'ydi. Keyin shoshilib metroga o'tirdi.
Ozgina tafakkur qilgach yana metrodan chiqdi va haligi bola tomon yurib bordi hamda undan bitta qalam sotib oldi. U bolaga uzr so'rash ohangida, sotib olmoqchi bo'lgan qalamini olishni unutib qoldirganini aytdi. So'zi davomida bolaga yana dediki: “Sen xuddi men kabi ishbilarmonsan, mana oldingda sotadigan tovarlaring bor, narxlari juda o'ziga loyiq”. Shu gaplarni aytgach yana metro tomon yo'naldi.
Oradan yillar o'tdi. Ijtimoiy tarmoqlardan birida bir yigit haligi ishbilarmonga o'zini tanishtirib: “Katta ehtimol bilan meni eslamasangiz kerak. Men ham hatto ismingizni ham bilmayman, lekin tirik ekanman sizni hech qachon esimdan chiqarmayman! Negaki siz menga o'zimga yaxshi baho berishni, o'zimni hurmat qilishni o'rgatgan insonsiz! Men o'zimni oddiy bir qalamtarosh deb bilardim, to siz kelib, menga “Sen ishbilarmon odamsan”, deb aytguningizga qadar!”.
Ko'pchilik odamlar o'zlari qilib yurgan ishlardan ancha yuqori ishlarga qo'l uradilar, sababi boshqa bor odam kelib ularga bunga qodir ekanini aytgan va o'ziga bo'lgan ishonchni taqdim etgan bo'ladi.
Lekin siz kimdir kelib sizni o'zgartirishini kutmang, o'zingiz o'zgaring!
Allohga bo'lgan ishonchingizni o'zingizga yo'lboshchi qiling!
Doimo yodda tutingki, iymon va amal bilan mo''jizalar sodir bo'ladi!
Siz o'zingiz kelajagingizni yaratasiz, Allohning izni bilan albatta!
Muvaffaqiyatli kishilar doim muvaffaqiyatga qodirliklariga ishonadilar. Biror mavzuda ish olib borsangiz, o'z kuchingizni qanchalik belgilashingizga qarab muvaffaqiyatga erishasiz.
O'zingizni salbiy qarashingiz – hayotda muvaffaqiyatsiz bo'lishingizning sababidir! Doimo sizni xursand qiladigan narsalar haqida o'ylang. Sizni vahimaga soladigan narsalardan uzoq bo'ling!
Bilingki, umuman xato qilmaydiganlar umuman hayotiy saboq ham olmaydilar. Siz esa xato ketgan urinishingizni muvaffaqiyat uchun yangi ibtido deb biling! Zero qulagandan keyin yuqoriga ko'tarilishga yana harakat qilish – umidsizlanib erda yurgandan afzaldir!
Odamlar sizga qanday baho berayotgani muhim emas, siz o'zingizga qanday baho berayotganingiz muhim! Yana shuni ham yodda tutingki, o'zni yolg'iz his qilish – boshqalar bilan aloqaning yomonlashishi bilan natijalanadi. Qiziqqon, yuragi yonim turadigan odam – xato ishga “yo'q”, to'g'ri ishga “xo'p” deydigan odamdir. Sizda biror muammo bo'lsa-yu, siz uning borligini inkor etib turib olsangiz, u aslo hal bo'lmaydi!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Buxoro tumanida “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Imom Buxoriy” jome masjidida boshlangan muloqotlarda viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, diniy soha xodimlari, otinoyilar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tuzilgan ishchi guruhlar hududdagi 6 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, xayrli amallar amalga oshirildi. Jumladan, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, bemorlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, nizoli va muammoli oilalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida bir nechta xonadonlarda yarashuvga erishildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida masjid hovlisiga manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, “G‘uncha” bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan tashrif jajji bolajonlarga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Naqshband.uz