JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Komil musulmon – Islomning farzlariga to'liq amal qiluvchi kishidir. Zero, dinimiz beshta asos ustiga bino qilingan. Bu haqda Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Allohdan o'zga iloh yo'qligi va Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro'zasini tutish”(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda namoz va Ramazon ro'zasi bir qatorda zikr qilinmoqda.
Umuman olganda namoz va ro'za alohida-alohida ibodatlar bo'lganidan namoz o'qimagan kishi ham ro'za tutishi mumkin. Lekin, o'rni kelganda namozni qadri juda yuksak ekanini, uni tark qilish katta gunohligini eslatib o'tamiz. Namoz har bir balog'atga etgan, aqlli kishiga farzi ayndir. Qiyomatda ham birinchi so'raladigan amaldir. Har kuni besh marta takrorlangani sababli, namozni tark qilgan kishi bir kunda besh marta katta gunoh ish qilgan bo'ladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotlarni izchil tashkil etish orqali ularning muammolarini hal qilishda samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 25 mart kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi qabul ham ana shu ezgu ishlarning izchil davomi bo‘ldi. Unda murojaat qilgan har bir fuqaroning masalasi alohida diqqat bilan tinglanib, yechimlari yuzasidan choralar ko‘rildi.
Qabul davomida oilaviy munosabatlar, haj va umra ibodatlarini ado etish, shuningdek, masjidlar faoliyatiga oid savollar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday ochiq muloqotlar aholi ishonchini mustahkamlash, ularning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslikni namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati