Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

E'tiqod durdonalari: SIDDIQA VA ZAHRO ROZIYaLLOHU ANHUMO FAZILATLARI

28.02.2022   11839   9 min.
E'tiqod durdonalari: SIDDIQA VA ZAHRO ROZIYaLLOHU ANHUMO FAZILATLARI

39- وَلِلصِّدِّيقَةِ الرُّجْحَانُ فَاعْلَمْ    عَلَى الزَّهْرَاءِ فِي بَعْضِ الْخِلاَلِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Siddiqa (roziyallohu anho)ning Zahro (roziyallohu anho)dan ba'zi fazilatlarda ustunligi borligini bilib qo'ygin.

 

Nazmiy bayoni:

Siddiqada Zahrodan ustun taraf bor,

Ba'zi xislatlarda, qilsang e'tibor.

 

Lug'atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko'rinishidagi) ma'nosida kelgan jor harfi.

الصِّدِّيقَةِ – jor majrur xabari muqaddam.

الرُّجْحَانُ – xabaridan oldin kelgan mubtado.

فَاعْلَمْ – amr fe'li. Taqdiriy اَنْتَ foili.

عَلَى – “isti'lo” (ustun bo'lish) ma'nosidagi jor harfi.

الزَّهْرَاءِ – jor majrur  الرُّجْحَانُ ga mutaalliq. 

فِي  – majoziy zarfiyat ma'nosida kelgan jor harfi.

بَعْضِ – bu jor majrur ham الرُّجْحَانُ ga mutaalliq. 

الْخِلاَلِ – bu kalima خَلَّة ning ko'plik shakli bo'lib, “o'ziga xos ijobiy xususiyatlar” ma'nosini anglatadi. خَلَّةٌ va خَصْلَةٌ o'rtasida umum va xoslikda farq bor:

خِصَالٌ – خَصْلَةٌ – o'ziga xos xususiyatlar. Ijobiy xususiyatlarga ham, salbiy xususiyatlarga ham qo'llanadi.

خِلاَلٌ – خَلَّةٌ – o'ziga xos xususiyatlar. Faqat ijobiy xususiyatlarga qo'llanadi. Shuning uchun Nozim rahmatullohi alayh خِلاَلِ ni ishlatgan.   

 

Matn sharhi:

Siddiqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Abu Bakr siddiq roziyallohu anhuning qizlari Oisha roziyallohu anhodir. Zahro esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotima roziyallohu anhodir. Ushbu baytda chahoryorlarning qolgan barcha insonlardan afzal ekanlarining isboti bor. Ya'ni Oisha roziyallohu anho ba'zi xislatlarda Fotima roziyallohu anhodan afzal bo'ladigan bo'lsa, to'rtalalari bilittifoq Oisha roziyallohu anhodan afzaldir. Ushbu muhtarama zotlarning ikkalalari haqlarida ham afzalliklariga dalolat qiladigan hadislar kelgan. Quyidagi hadisi sharifda Fotima roziyallohu anhoning jannatiy ayollarning sayyidasi ekani ochiq-oydin bayon qilingan:  

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ أَقْبَلَتْ فَاطِمَةُ تَمْشِي كَأَنَّ مِشْيَتَهَا مَشْيُ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرْحَبًا بِابْنَتِي ثُمَّ أَجْلَسَهَا عَنْ يَمِينِهِ أَوْ عَنْ شِمَالِهِ ثُمَّ أَسَرَّ إِلَيْهَا حَدِيثًا فَبَكَتْ فَقُلْتُ لَهَا لِمَ تَبْكِينَ ثُمَّ أَسَرَّ إِلَيْهَا حَدِيثًا فَضَحِكَتْ فَقُلْتُ مَا رَأَيْتُ كَالْيَوْمِ فَرَحًا أَقْرَبَ مِنْ حُزْنٍ فَسَأَلْتُهَا عَمَّا قَالَ فَقَالَتْ مَا كُنْتُ لِاُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ حَتَّى قُبِضَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَسَأَلْتُهَا فَقَالَتْ أَسَرَّ إِلَيَّ إِنَّ جِبْرِيلَ كَانَ يُعَارِضُنِي الْقُرْآنَ كُلَّ سَنَةٍ مَرَّةً وَإِنَّهُ عَارَضَنِي الْعَامَ مَرَّتَيْنِ وَلاَ أُرَاهُ إِلاَّ حَضَرَ أَجَلِي وَإِنَّكِ أَوَّلُ أَهْلِ بَيْتِي لَحَاقًا بِي فَبَكَيْتُ فَقَالَ أَمَا تَرْضَيْنَ أَنْ تَكُونِي سَيِّدَةَ نِسَاءِ أَهْلِ الْجَنَّةِ أَوْ نِسَاءِ الْمُؤْمِنِينَ فَضَحِكْتُ لِذَلِكَ.  رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Fotima yurib kela boshladi. Uning yurishi xuddi Nabiy sollallohu alayhi vasallamnikidek edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Marhabo xush kelibsan qizim”, – dedilar. So'ngra uni o'ng tomonlariga yo chap tomonlariga o'tirg'izdilar. So'ngra unga bir so'zni shivirlab aytdilar. U yig'lab yubordi. Men unga: "Nega yig'layapsiz", – dedim. So'ngra unga bir so'zni shivirlab aytgan edilar, u kuldi. Shunda men: “Bugungi kundagi kabi xursandlikning xafalikka yaqinligini ko'rmaganman”, –dedim va undan u zotning nima deganlarini so'radim. U: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qiluvchi emasman”, – dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar, so'ngra men undan so'radim. U shunday dedi: “U zot shivirlab: “Jabroil Qur'onni menga har yili bir marta o'qib berardi, bu yil ikki marta o'qib berdi, buni men ajalim kelgani deb bilyapman, uydagilarimdan birinchi bo'lib orqamdan etib boradigani sensan”, – dedilar, men yig'lab yubordim. U zot: “Jannat ahli ayollarining sayyidasi bo'lishga rozi bo'lmaysanmi? yoki mo'minlar ayollarining sayyidasi bo'lishga rozi bo'lmaysanmi?”,  – dedilar, men o'shanga kuldim”.   Buxoriy rivoyat qilgan.    

Ushbu hadisda Fotima roziyallohu anhoning jannat ahli ayollarining yoki mo'minlarning ayollarining sayyidasi bo'lishi bayon qilingan bo'lsa, quyidagi hadisda Oisha roziyallohu anhoning boshqa barcha ayollardan afzal ekaniga ishora qilingan:      

عَنْ أَبِي مُوسَى الْأَشْعَرِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَضْلُ عَائِشَةَ عَلَى النِّسَاءِ كَفَضْلِ الثَّرِيدِ عَلَى سَائِرِ الطَّعَامِ كَمُلَ مِنْ الرِّجَالِ كَثِيرٌ وَلَمْ يَكْمُلْ مِنْ النِّسَاءِ إِلَّا مَرْيَمُ بِنْتُ عِمْرَانَ وَآسِيَةُ امْرَأَةُ فِرْعَوْنَ.  رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Oishaning ayollardan afzalligi "sariyd"ning boshqa taomlardan afzalligi kabidir. Erkaklardan ko'pchiligi kamolga etgan ayollardan esa faqat Imron qizi Maryam va Fir'avnning ayoli Osiyolargina kamolga etgan”, – dedilar”.  Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda Oisha roziyallohu anho boshqa ayollardan “sariyd”ning boshqa taomlardan afzalligi kabidir, deyilgan. “Sariyd” deb ataladigan taom esa hozirgi kunda bizlardagi “qozon kabob”ga o'xshagan non bilan go'shtdan iborat taom bo'lgan. Nonga qo'shib eyiladigan narsalarning eng ulug'i go'sht ekani esa boshqa bir hadisda kelgan:    

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ بُرَيْدَةَ، عَنْ أَبِيهِ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ سَيِّدُ إِدَامِ الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ اللَّحْمُ وَسَيِّدُ رَيْحَانِ أَهْلِ الْجَنَّةِ الْفَاغِيَةُ.  رَوَاهُ الْبَيْهَقِىُّ

Abdulloh ibn Burayda roziyallohu anhumo otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoyu oxiratda nonga qo'shib eyiladigan narsalarning ulug'i go'shtdir, jannat ahli rayhonining ulug'i xinadir”, – dedilar”.  Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Oisha roziyallohu anhoning boshqa ayollardan afzalligi "sariyd"ning boshqa taomlardan afzalligi kabidir, degan so'zdan u zotning dunyoyu oxiratdagi eng afzal ayol ekani ma'nosi kelib chiqadi.

Oisha Siddiqa roziyallohu anhoning ba'zi xislatlarda Fotima Zahro roziyallohu anhodan afzal deb hisoblanishiga Mulla Ali Qori ikkita dalilni iqtibos qilib keltirgan: 

  1. Oisha roziyallohu anho rivoyatlari va bilimlari ko'pligi jihatidan afzaldir;
  2. Oisha roziyallohu anho oxiratda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo'ladi, Fotima roziyallohu anho esa Ali roziyallohu anhu bilan bo'ladi, ana shu jihatidan afzaldir.

So'ngra so'zlarida davom etib: “Ammo bu so'z imom Molikdan naql qilingan: “Fotima Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bir bo'laklaridir, u zotning bir bo'laklaridan hech kimni afzal sanamayman”, – degan so'zlariga zid emas. Chunki imom Molik rahmatullohi alayh aytgan jihatdan qaralsa, hech kim u zotning gapiga qarshi chiqmaydi, – degan.

Mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayh “Vasiyat” kitobida shunday yozgan: “Oisha roziyallohu anho Hadijai kubrodan so'ng olamdagi barcha ayollarning sayyidasi va mo'minlarning onalaridir”.  

 

KYeYINGI MAVZU:

YaZID IBN MUOVIYa HAQIDAGI BAHSLAR

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   4153   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari