Абу Мусо Ашаърий (розияллоҳу анҳу) дедилар: “Абдуллоҳ ибн Умар (розияллоҳу анҳумо) онасини елкасига миндириб Каъбани тавоф қилаётган яманлик кишини кўрдилар. У Абдуллоҳ ибн Умар (розияллоҳу анҳумо)дан: “Эй Ибн Умар нима деб ўйлайсиз онамнинг хаққини адо эта олдим-ми”? деб сўради. Абдуллоҳ ибн Умар (розияллоҳу анҳумо): “Йўқ сени дунёга келтириш вақтидаги тўлғоқ азобларида чеккан қийинчиликларидан биттасини ҳам адо эта олмадинг”, дедилар (Имом Бухорий ривояти).
Тобеинлар саййиди Абул Хасан Али ибн Хусайн Зайнул Обидин (розияллоҳу анҳу) онасига кўп яхшилик қиларди. Одамлар: “Сиз инсонлар ичида онасига энг кўп яхшилик қилувчи зотсиз, бироқ, онангиз билан бир идишдан таом еганингизни кўрмаймиз, бунинг сабаби нима?” деб сўрадилар. Шунда у зот: “Қўлимни онамнинг кўзлари тушган таомга биринчи бўлиб узатишдан қўрқаман”, деб жавоб берди.
Зуръа ибн Иброҳимдан ривоят қилинади. Умар (розияллоҳу анҳу)нинг олдиларига бир киши келиб: “Жуда кекса ёшга етган онам бор. Елкамда опичиб хизматларини адо этаман. Доимо онамни ювиб, тараб, таҳорат қилдираман. Шу хизматларим билан онамни хаққини адо этдимми?” деб сўради. Шунда Умар (розияллоҳу анҳу) унга: “Йўқ”, деб жавоб бердилар. У: “Ахир мен онам учун ўзимни бағишладимку”, деди. “Онанг сенинг хизматингни, ўсиб улғайишинг, ҳаётда яшаб кетишинг умидида қилди. Сен эса ундан ажралиш умидида қиляпсан”, дедилар ҳазрат Умар (розияллоҳу анҳу).
Муҳаммад ибн Бишр Асламий айтадилар: “Куфада бирор киши Мансур ибн Мўътамир ва Абу Ҳанифа (раҳматуллоҳи алайҳ)дан кўра онасига яхшилик қила олмади. Ҳатто Мансур ибн Мўътамир онасига озор бермасин деб майда ҳашоратларни ҳам онасига яқин келтирмас эди”.
Ҳажар ибн Адбар онасининг роҳатини истаб, юмшоқлигига ишонч ҳосил қилиш учун тўшагини қўллари билан пайпаслаб, сўнгра унга онасини ётқизар эди.
Суфён ибн Уяйна айтадилар: “Бир киши сафардан қайтди. Уйда онаси тик турган ҳолда намоз ўқир эди. Онаси тик туриб, ўзи ўтиришни истамади. Онаси ўғлини фикрини фаҳмлади ва ўғли кўпроқ савобга эга бўлиши учун намозини узун қилди.
Авазхўжа БАҲРОМОВ,
Тошкент вилояти “Холмуҳаммад ота” жоме масжиди имом-хатиби
Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм
Har bir inson o’zining atrofidagi zamon va muhitning ta’siri ostida ulg’ayadi. Abu Abdulloh yashagan davr hamda muhit olimning hayotiga va ilmiy faoliyatiga katta ta’sir ko’rsatdi. Olim tug’ilgan Jurjon shahri tarixda iqtisodiy markazlardan biri bo’lib, shahar o’rtasidan yuk tashuvchi kemalar harakatlanadigan keng daryo o’tgan. Geografik qulay vodiyda joyda joylashgan Jurjon shahri tarixiy ipak yo’li savdosining quruqlik va daryo transporti uchun muhim o’tish nuqtasi hisoblangan.
Imomning to’liq ismi Imom, hofiz, faqih Abu Abdulloh Husayn ibn Hasan ibn Muhammad ibn Halimiy, Jurjoniy Shofeiy bo’lib, hijriy 338-390-yilda (milodiy 949-950) Kaspiy[1] dengizining janubi-sharqida joylashgan Jurjon shahrida tug’ilgan. Ba’zi manbalarda Buxoroda tug’ilgan deyiladi. Katta bobosiga nisbatan Halimiy, tug’ilgan joyiga nisbatan Jurjoniy deb ataladi. Buxoroda o’sib, mashhur bo’lgani uchun Buxoriy nisbati ham beriladi. Uning otasi mashhur faqih, muhaddis Abu Muhammad ibn Halim ibn Ibrohim ibn Maymun Halimiy, Marvaziy bo’lgan.
Abu Abdulloh bolaligini Jurjonda o’tkazdi. Ammo u bu yerda biroz vaqt turgandan keyin Buxoroga yo’l oladi va u yerda ta’limni davom ettiradi. Yosh olim bu yerda, Asha’riy va Shofeiy ulamolarining suhbatida bo’lib, ulardan tahsil olgan. Halimiy tug’ilgan uy ilm-fan, adabiyot va fiqhning markazi sifatida tanilgan. Faqat otasi emas, balki ukasi Abul-Fazl Hasan ibn Hasan ibn Muhammad ibn Halimiy ham ilm bilan band edi. Otasi bir paytlar Sulton Sanjar saroyida fatvo berish (muftiylik) vazifasini bajargan. Oxirgi paytlarda otasi uyini Qur’on va xayr ahillarining yig’ilish maskani qilgan.
Yoshlik chog’ida Halimiyning otasi uni zamonasining yirik ilm-fan markazlaridan biri bo’lgan Buxoroga olib keladi. O’sha paytda, Buxoro shahri insonlarni o’ziga rom etadigan go’zal tabiati va manzarasi bilan ajralib turardi. Bundan tashqari ko’plab olimlar va adabiyot ahillari, faylasuf va kalomchilar, muhaddis va faqihlarni o’zida jamlagandi. Savdo-sotiq rivojlangan, davlat amirlari olimlar bilan uchrashadigan ilm o’chog’i edi. Shahar masjidlarida mutafakkir olimlar uzoq davom etadigan ilmiy bahs va munozaralar qilishar, ba’zida buunday bahs va munozaralarga ko’chalarda ham duch kelish mumkin edi. Halimiy ham shunday ilmiy muhitda o’sdi.
Movarounnahr mintaqasining katta olimlaridan dars olgan Halimiy, Ash’ariyya muhim olimlaridan Abu Bakr al-Qaffol Shoshiy va Abu Bakr al-Uvdaniy darslariga qatnashib kalom va fiqh ilmlarini o’rgangan. Halimiy hadis ilmiga oid dars olgan yana bir ustozi Sayrafiy bo’lgan. U zot Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hanbal va Abu Ahmad Bakr ibn Muhammad as-Sayrafiydan hadis eshitib, ularni rivoyat qilgan.
Mashhur muhaddis Hakim an-Naysaburiy va Abu Zakariya Abdurrahim ibn Muhammad al-Buxoriy u zotdan hadis rivoyat qilganlar.
Halimiy tahsilni tugatgach, dastlab Buxoroda, so’ng boshqa joylarda qozilik qildi. Hukmdorlar va viloyat rahbarlarining oldidagi olimning nufuzi baland bo’lgan, shu sababli, vaqti-vaqti bilan elchilik vazifasini unga topshirishgan. Samoniylar hukmdori Nasr ibn Nasr tomonidan Nishopurga (385/995) va Xuroson hukmdorining iltimosi bilan Jurjon amirligiga elchi qilib (389/999) yuborilgan.
Halimiyning hayotini va ilmiy merosini o‘rganilgan manbalarda uning ko‘plab asarlari mavjudligi qayd etilgan bo‘lsa-da, bizgacha yetib kelgan, ma’lum bo‘lgan yagona asari – “al-Minhaj fi shu’abil iymon” hisoblanadi. Bu yirik asar aqoid (e’tiqod), fiqh (islom huquqi) va axloq masalalarini o‘z ichiga oladi va Hilmi Muhammad Fuda tomonidan tahqiq qilinib, uch jildda nashr etilgan (Bayrut, 1399/1979). Ibn Imod “Shajaratu az-Zahab"da, Hoji Xalifa “Kashfuz-zunun”da “Ayatus-sa’a va Ahvalul-qiyama” asari Halimiyga nisbat berganlar, lekin Halimiyning hayotini tadqiq qilgan Metin Yurdagur esa, bu asarlarni “al-Minhaj”ning bo’limlarni ifoda qiluvchi tushunchalar deb aytgan.
Halimiy hijriy 403-yil Robi’ul-avval (1012-yil oktyabr) yoki Jumadil-avval (1012-yil dekabr) oyida Buxoroda vafot etgan.
TII 4-kurs talabasi Luqmonjonov Absulbosit
[1] Jurjon dengizi ham deyiladi.