الحَمْدُ لله الَّذِي أَنْزَلَ عَلَى عَبْدِهِ الْكِتَابَ وَلَم يَجْعَلْ لَهُ عِوَجاً، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ
“Qur'onni tadabbur qilmaydilarmi?!”
Muhtaram jamoat! Qur'oni karim – Alloh taoloning eng ulug' mo''jizasi bo'lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan so'nggi ilohiy kitob, mustahkam aqida asosi, hidoyat manbaidir. Dunyo va oxiratning barcha yaxshilik va barakasi ushbu kitobda mujassam. Unda shu ummatning ikki dunyosini go'zal qilishga xizmat qiluvchi ta'lim bor. Qur'on – misoli nurdir. Jaholat zulmatini yoritib, sohibini hidoyat yo'liga boshlab boradi. Qur'onni o'qish, tinglash, yaxshi ko'rish bularning hammasi ibodat hisoblanib, ortidan bitmas-tuganmas savoblar keltiradi. Alloh taolo chin mo'minlarni vasf etar ekan, ular O'zining Kitobini tilovat qilishlarini birinchi bo'lib zikr qilib, shunday marhamat qilgan:
إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتَابَ اللَّهِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً يَرْجُونَ
تِجَارَةً لَنْ تَبُورَ لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُمْ مِنْ فَضْلِهِ إِنَّهُ غَفُورٌ شَكُورٌ
(سورة الفاطر 29-30)
ya'ni: “AllohningKitobinitilovatqiladigan, namoznibarkamoladoetadiganvaBizulargarizqqilibbergannarsalardanmaxfiyvaoshkoraehsonqiladiganzotlarsirakasodbo'lmaydigantijoratdan (ajru savob bo'lishidan) umidvordir. Zero, (Alloh) ularningajrlarinikomilqilibberurvaO'zfazliniulargayanadaziyodaqilur. Albatta, Umag'firatlivao'tashukrqiluvchidir” (Fotir surasi 29-30 oyatlar).
Qur'oni karim tilovati – zikrlarning eng afzalidir! Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Qur'on tilovat qilishni ko'plab hadisi shariflarida targ'ib qilganlar. Jumladan, Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyiladi:
مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللَّهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ وَالْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا لَا أَقُولُ "الم" حَرْفٌ
وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ وَلَامٌ حَرْفٌ وَمِيمٌ حَرْفٌ
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Kim Allohning Kitobidan bir harf o'qisa, shu bir harf uchun unga savob yoziladi. Savob esa o'n barobar ko'paytirib beriladi. “Alif lam mim”ni bir harf demayman, balki “Alif” – bir harf, “Lam” – bir harf, “Mim” – bir harf” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Mana shunday savoblar xazinasiga ega bo'lish uchun loaqal bir kunda bir marta bo'lsa ham Mushafga qarab, qurbimiz etganicha undan tilovat qilishga odatlanishimiz kerak. Abu Muso Ash'ariy raziyallohu anhu: “Men har kuni Rabbimning Kitobiga qarayman. Biror kunni Mushafga qaramasdan o'tkazib yuborishga Rabbimdan uyalaman”, – der ekanlar.
Abu Zarr raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Allohga taqvo qiling!”, – degan vasiyatlariga qanoatlanmay: “Ziyoda qiling, yo Rasululloh”, – deb so'radilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qur'on tilovati va Alloh zikrini o'zingizga vazifa qilib oling, chunki bu siz uchun er yuzida – nur, osmonda esa – zaxiradir”, – deganlar.
Muhtaram jamoat! Kim ikki dunyoning baxt-saodatiga erishishni istasa, Qur'oni karimni o'ziga dasturul-amal qilib olsin! Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
(سورة يونس 57)
ya'ni: “Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va'z (nasihat), dillardagi narsa (illatlar)ga shifo va mo'minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi 57-oyat).
Darhaqiqat, tadabbur ila Qur'on o'qish qalblarni va barcha borliqni isloh qiladi, undan turli xil shaytoniy, shahvoniy vasvasalarni ketkazadi. Tadabbur – “biror narsa haqida fikr yuritmoq, mulohaza qilmoq” deganidir. Qur'oni karimniqiroat qilishda esa Qur'oni karimdagi oyatlar borasida fikr yuritib, ulardagi Alloh taoloning iroda qilgan mazmunlarni anglash va fahmlashga harakat qilishdir.
Qur'oni karimni biz insonlar tadabbur qilishimiz, oyatlaridan eslatma olishimiz, uni hayotimizga tatbiq etishimiz uchun nozil qilingandir. Bu haqda Haq taolo shunday marhamat qiladi:
كِتَابٌ أَنْزَلْنَاهُ إِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِيَدَّبَّرُوا آيَاتِهِ وَلِيَتَذَكَّرَ أُولُو الْأَلْبَابِ
(سورة ص 29)
ya'ni: “Bu shunday kitobki, Biz uni Sizga oyatlarini tadabbur qilsinlar va aql egalari eslatma olsinlar uchun nozil qilganmiz” deydi (Sod surasi 29-oyat).
Allohning kalomini alohida e'tibor bilan o'qishning o'zi ulug' amal bo'lib, inson kamolotidagi o'rni beqiyosdir. Buni o'tgan salafi solihlarimiz yaxshi anglab etganlar. Hasan Basriy rahimahulloh aytadilar: “Sahobalar Qur'on Rabbimizning bizga yuborgan maktubi, deb e'tiqod qilishardi. Shundan kelib chiqib, kechalari uning oyatlarida fikr yuritishar, kunduzlari esa hayotlariga tatbiq etishar edi”.
Boshqa bir oyatda Qur'oni karimni tilovat qilib, uning ilohiy manba ekanini mulohaza qilish zarur ekaniga alohida e'tibor qaratadi:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا
(سورة النساء 82)
ya'ni: “Qur'on (ma'nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o'zganing huzuridan (kelgan) bo'lsa edi, unda ko'pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo'lur edilar” (Niso surasi 82-oyat).
Mana o'n to'rt asrdirki, ilohiy mo'jiza – Qur'oni karim oyatlarida keltirilgan ma'lumotlarda birorta xato jumla topilgani yo'q, topilmaydi ham! Borliq, falakiyot, hayvonot, nabotot, ilohiyot, tarix va ijtimoiy masalalarga doir oyatlarning naqadar to'g'ri ifoda etilgani kun sayin o'z tasdig'ini topib kelmoqda.
Muhtaram jamoat! Sahobai kiromlar va o'tgan ulug' ulamolarning Qur'ondan ma'rifat olish, tilovat qilishdagi tutgan yo'llarida bizga ulkan namunalar bor. Ular Kalomullohni yuzaki tilovati bilan cheklanib qolmay, har bir oyati karima ustida tafakkur qilishgan. Shuning uchun ham Qur'oni karim ularning ruhiyatiga, ongu shuuriga qattiq ta'sir qilgan. Ular aynan mana shu xususiyatlari bilan ummatning peshvosiga aylanishgan.
Mashhur tobein qiroat olimi Abu Abdurrahmon As-Sulamiy aytadilar: “Bizga Qur'onni ta'lim bergan sahobalarning aytishlaricha, odatda ular Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan o'n oyat o'rgansalar, uni to'la anglab etmagunlaricha va unga amal qilmagunlaricha keyingi o'n oyatni ta'lim olmagan ekanlar” (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar:
"تعَلَّمَ عُمَرُ بنُ الخطَّابِ رضيَ اللهُ عنهُ البَقَرَةَ في اثنَتَيْ عشْرَةَ سَنَةً، فلَمَّا خَتَمَهَا نَحَرَ جَزُوراً "
(رَوَاهُ الإمام البَيْهَقِيُّ فِي "شُعَبُ الإِيْمَانِ")
“Umar ibn Hattob raziyallohu anhu “Baqara” surasini o'n ikki yilda ta'lim oldilar. Ushbu surani o'rganib, xatm qilganlaridan keyin bir tuya so'ydilar” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Sizlarning birontangiz Allohni yaxshi ko'rish haqida o'z nafsidan emas, balki Qur'ondan so'rasin. Agar Qur'onni yaxshi ko'rsa, Alloh taoloni va Rasululloh sallallohu alayxi vasallamni yaxshi ko'rgan bo'ladi. Agar Qur'onni yomon ko'rsa, Alloh va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni yomon ko'rgan bo'ladi”.
Muhammad ibn Ka'b raziyallohu anhu: “Kimga Qur'ondan xabar etsa, go'yoki Alloh unga gapiribdi. Agar u shunga muyassar qilinsa, Qur'on darslarini oddiy mashg'ulot qilib olmasdan, tadabbur qilib, uning hukmlariga amal qilsin”, – deganlar.
Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: “Menga “Baqara” va “Oli Imron”ni tajvid va tadabbur bilan o'qishim butun Qur'onni e'tiborsiz o'qishimdan sevimliroq”. “Iza zulzilat” va “Al-Qoria”ni tadabbur bilan o'qishim “Baqara” va “Oli Imron”ni ahamiyatsiz o'qishimdan sevimlidir”, – deganlar.
Hazrati Umar raziyallohu anhu Madinai munavvara ko'chalarini aylanib yurib, bir qorining “Albatta, Parvardigoringizning azobi voqe' bo'lguvchidir. Uning daf' qilguvchisi yo'q” oyatini o'qiganini eshitib: “Ka'baning Robbisiga qasamki, bu – haq qasamdir”, – deya devorga suyanib qolganlar va bir oy kasal bo'lib yotganlar.
Muhtaram azizlar! Bugungi kunda Qur'oni karim tarjimasi va tafsiri yurtimiz ulamolari tomonidan amalga oshirilib, xalqimizga taqdim etildi. Shunday ekan, barchamiz imkoni boricha o'qiyotgan oyatlarimizning ma'nolari tarjimasini, tafsirini o'qishimiz, Allohning muborak so'zlarini har birimiz, bizga aytilayotganini his qilishimiz lozim.
Shu o'rinda eslatib o'tishimiz lozimki, Qur'oni karimning ma'nolar tarjimasini o'qib olib, undan o'zicha hukm chiqarish oddiy insonlarning ishi emas. Balki bu mujtahid olimlarning vazifasi sanaladi. Buning uchun Qur'on va hadis ilmini, oyatlarning nozil bo'lish sabablarini, nosix-mansux, mutlaq va muqayyad, omm va xos kabi usulul-fiqh qoidalarini puxta bilishi va ulardan o'z o'rnida foydalana olish ko'nikmasiga ega bo'lishi lozim. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kim Qur'onni o'z fikricha tafsir qilsa, do'zaxdan o'ziga joy tayyorlasin”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Sizu biz kabi ilmda bu darajaga etmagan oddiy musulmonlarda biror oyati karimaning mazmuni borasida savol paydo bo'lsa, darrov ulamolarimizning yozgan tafsirlariga murojaat qilishimiz ayni muddao hisoblanadi.
Allohga shukrlar bo'lsinki, istiqlol sharofati bilan Qur'oni Karim ma'nolarining o'zbekcha tarjima va tafsirlari kutubxonalarimizda ziyodasi bilan mavjud. Zero, ajdodlarimiz bunday imkoniyatlarni orzu qilishardi. Birgina misol: Sobiq ittfoq davrida, aniqrog'i 1956 yili Qur'oni karimning ilk turkiy (eski o'zbek tilidagi) tarjimasi Saudiya Arabistonidagi vatandoshimiz Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxon to'ra) tomonlaridan tarjima qilinib, bizning o'lkaga sanoqli nusxalar olib kelingan. O'sha paytda ushbu kitobning narxi o'ta qimmat (o'rtacha bir ho'kizning narxida) bo'lishiga qaramasdan, ilmga chanqoq xalqimiz uni olib, ko'zlariga surtib, mutolaa qilishgan edi.
Hozirgi kunda ulamolarimizdan Shayx Alouddin Mansur, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Shayx Abdulaziz Mansur, Shayx Usmonxon Temurxon o'g'li (Alloh o'tganlarini rahmatiga olsin) tafsir va tarjimalari qayta-qayta nashr etilmoqda. Bulardan tashqari, domla Mavlaviy Hindistoniy, Mahbubiy-Marg'iloniy, Shamsiddin Boboxonlarning tarjimalari ham nashr qilingan. Ularni olib, Alloh taoloning oyatlarini chuqur mushohada bilan o'qib o'rganishimiz, farzandlarimiz va oila a'zolarimiz bilan birgalikda unga qo'limizdan kelgancha amal qilishimiz ayni muddaodir.
Muhtaram jamoat! Alloh taolo Qur'oni karimni tilga engil, o'qishga oson, yod olinishni qulay, takror qilishni esa yoqimli qilgan. Har qanday matn yoki she'rni o'qigan odam undan malollanishi mumkin. Lekin Qur'onni har qancha takror o'qisangiz ham malollanmaysiz, zerikmaysiz. Ushbu xususiyati ham – Qur'oni karimning mo'jizalaridan biridir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَلَقَدْ يَسَّرْنَا الْقُرْآنَ لِلذِّكْرِ فَهَلْ مِنْ مُدَّكِرٍ
(سورة القمر 17)
ya'ni: “Haqiqatan, Biz Qur'onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo'ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!” (Qamar surasi 17-oyat).
Har birimiz doimo o'zimizni rivojlantirishimiz, ilmiy darajamizni oshirishga harakat qilishimiz lozim. Bugun Qur'onni tartil-tajvid bilan o'quvchi hofizi Qur'on bo'lsa, ertaga unga amal qiluvchi homili Qur'on bo'lishga intilishi kerak. Zero, dinimiz mo'min-musulmonning kechasidan ko'ra buguni, bugunidan ko'ra ertasi yaxshi bo'lishiga buyuradi.
Qur'oni karimni tilovat qilishda arab imlosida, tajvid qoidalariga rioya qilgan holda o'qish lozim. Eng kamida namozlik uchun kerak bo'ladigan qisqa suralarni to'g'ri o'qishni o'rganib olish kerak. Shuning uchun ham ulamolarimiz tajvid ilmini o'rganish farzi ayndir, deyishgan. Alloh taolo:
وَرَتِّلِ الْقُرْآنَ تَرْتِيلًا
(سورةُ الْمُزَّمِّل 4)
ya'ni: “...Qur'onni tartil bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling”, – deb buyurgan (Muzzammil surasi 4-oyat).
Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh Qur'onni nozil bo'lganidek o'qilishini xush ko'radi”, – deganlar (Imom Ibn Huzayma rivoyatlari).
Oysha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Qur'onni mahorat bilan tilovat qiluvchi qori mukarram elchi farishtalar bilan bir maqomdadir. Tili qiynalib tilovat qiluvchiga ikki barobar ko'p ajr bo'ladi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Aslida Qur'oni karim tillarga oson qilib qo'yilgan. Ammo ba'zi hollarda ma'lum jumla yoki so'zlar talaffuzi tilga og'irlik qilishi mumkin. Ana shunday hollarda mazkur rivoyat yodga olinsa, bu yo'lda chekilgan har bir mashaqqat cheksiz rohatga, har bir qiyinchilik behisob savobga aylanadi.
Hozirda O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari qoshida Qur'on karim va tajvidni o'rgatuvchi o'quv kurslari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Qur'oni karimning Qozon bosmasini nashr etish ishlari ham rejalashtirilmoqda. Qolaversa, tajvid ilmini mustaqil o'rganuvchilar uchun Diniy idoramiz tomonidan onlayn darslar, maxsus qo'llanmalar va ularning audio-video darsliklari nashr etilgan bo'lib, shular asosida Qur'on o'qish qoidalarini o'rganishingiz maqsadga muvofiq.
Qur'on tilovatiga oid ayrim masalalar:
– Qur'on tahoratli holda o'qiladi. Agar suv topilmasa, tayammum qilinadi. Qur'onni yoddan o'qishda tahorat bo'lishi shart qilinmagan.
Alloh taolo barchalarimizni O'zining muborak Kalomiga oshiqlardan qilsin! Uni ertayu kech tilovat qilib, tadabbur qiladigan bandalaridan bo'lishimizni nasib etsin! Oxiratda Qur'oni karim shafoatidan barchamizni nasibador aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Mazhabboshimiz – Imomi A'zam rahmatullohi alayhning fiqh va hadis ilmlaridagi mavqelari” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.
"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.