Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Farzand uchun eng qimmat meros – go'zal tarbiya

08.11.2021   2526   11 min.
Farzand uchun eng qimmat meros – go'zal tarbiya

Ota-ona borki, farzandining tinch va osuda Vatanda sog'lom o'sib-ulg'ayishi, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni egallab, oilasiga, yurtiga tayanch bo'lishini istaydi. Mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimidagi tub islohotlar esa har bir oilaga, ota-onaga ertangi yorug' kun uchun katta ishonch berayotgani haqiqat.

Ma'lumki, 2021-yil yurtimizda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlandi. Mazkur ramziy yil nomiga mos ravishda qabul qilingan Davlat dasturi asosida bajarilgan ishlar mohiyatiga chuqur ahamiyat qaratilsa, har qanday iqtisodiy rivojlanish asosida, eng avvalo, yoshlar kamoloti ustuvor ahamiyat kasb etishi namoyon bo'ladi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Har qanday jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi rolni ushbu jamiyatning kelajagi bo'lgan yosh avlodning sog'lom va barkamol rivojlanishi o'ynaydi. Shuning uchun islohotlarimizni kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish masalalarida biz zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan g'ayratli, tashabbuskor, har tomonlama rivojlangan yoshlarimizni o'zimizga tayanch deb bilamiz”.

Darhaqiqat, farzandlarimizning kelajakda raqobatbardosh kadrlar bo'lib shakllanishi, avvalo, ularning yoshligida olgan odobaxloqi hamda ilm-u ma'rifatiga bog'liq. “Yoshlikda olingan bilim toshga o'yilgan naqsh kabidir”, deydi donishmandlar. Shu bois, yoshlarning ta'lim olishi, kasbhunar egallashi, etuk insonlar bo'lib ulg'ayishi yo'lida zamonaviy, ilg'or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun yurtimizda bor kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Habaringiz bor, shu hafta boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev huzurida 2022-yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yig'ilish o'tkazildi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda inson qadrini ulug'lash, odamlar hayotini yaxshilash asosiy maqsad etib belgilangani va bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda asosiy mezon bo'lishi zarurligi ta'kidlandi. Shunga muvofiq, Prezidentimiz kelgusi yilga mo'ljallangan davlat byudjeti loyihasida ham avvalo, ijtimoiy yo'nalishlarga katta e'tibor qaratib, ta'lim va tibbiyot tizimiga ko'zda tutilgan 58 trillion so'm mablag'ga qo'shimcha tarzda yana 12 trillion so'm ajratish taklifini bildirdi. Zotan, yosh avlod ta'lim-tarbiyasi va sihat-salomatligiga ustuvor ahamiyat qaratilishi bugun xalqimiz intilayotgan Uchinchi Renessans – yangi Uyg'onish davriga qo'yilajak poydevorning mustahkam bo'lishi garovidir. Tabiiyki, yuqorida qayd etilgan mablag'larning barcha ta'lim bo'g'inlarini, xususan, oliy ta'limni rivojlantirishdagi o'rni aniq hisob-kitoblar asosida belgilab berildi.

O'zbekiston rahbari yoshlar istiqboli uchun ajratilgan sarmoya kelajak uchun qo'yilgan eng samarali sarmoya, ta'lim darajasi va sifati esa, har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini bot-bot ta'kidlab kelmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizda Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi, maktab ta'lim tizimi tubdan isloh qilinib, 11 yillik umumiy o'rta ta'lim zamon talablari asosida qayta joriy etildi. Hududlarda yangi oliy ta'lim muassasalari, ilmiydiniy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy o'quv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy ta'lim shakllari tiklandi.

Keyingi ikki yil ichida rivojlangan davlatlarning 20 ga yaqin nufuzli universitetlari filiallari ochildi. Bu bugun ulug' orzu-maqsadlar bilan voyaga etayotgan o'g'il-qizlarimizga rag'bat berib, kelgusida o'z tanlagan kasbi bo'yicha etuk mutaxassis bo'lishiga ishonch uyg'otmoqda.

Shuningdek, farzandlarimizning yoshlikdan bilim, kasb-hunar egallashi hamda iste'dodlarini to'liq namoyon etishi uchun 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilgani O'zbekiston tarixida yoshlar ta'lim-tarbiyasi bo'yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Davlatimiz rahbarining bu ezgu g'oyasi O'zbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinib, qisqa vaqtda mamlakat bo'ylab keng quloch yozgani bejiz emas. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ma'naviy etuk, jismonan sog'lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e'tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo'lishi shubhasiz. Shu bois, O'zbekistonda jamiyatning faol qatlami bo'lgan yoshlarga o'zini “rivojlangan” hisoblagan ayrim davlatlar singari “muammo” deb emas, balki yurt ravnaqini ta'minlovchi katta kuch sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat'iy pozisityaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.

Muhimi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan nafaqat mamlakatimiz, balki, butun dunyo hamjamiyati e'tibori ham yoshlar ta'lim-tarbiyasi, ma'naviyati va huquqlari himoyasiga qaratilib, Yoshlar huquqlari to'g'risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani katta ahamiyatga ega. Ushbu taklif xalqaro hamjamiyat tomonidan ham iliq qarshi olindi. Zotan, bugun dunyo miqyosida yoshlar soni ikki milliarddan ortiq bo'lgani holda, axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat”, xalqaro terrorizm va esktremizm kabi chegarasiz tahdidlar shiddat bilan o'sib borayotgani murg'ak va beg'ubor qalblarni ishonchli himoya qilish zaruratini yuzaga keltirayotgani ochiq haqiqat. Afsuslanarlisi, ushbu tahdidlarning paydo bo'lishida ayrim g'arazli maqsaddagi kuchlar din va davlatni birbiriga muxolifat sifatida ko'rsatishga, ayniqsa, muqaddas islom dini asoslarini buzib talqin etishga harakat qilmoqda.

Ma'lumki, Qur'oni karim oyatlarining ilk so'zi “Iqro” (ya'ni, o'qi) buyrug'i bilan nozil bo'lgan. Shuning o'ziyoq muqaddas dinimizda ilmma'rifatga qanchalik e'tibor qaratilganidan dalolat emasmi?! Chunki dinimiz ilm-ma'rifat dini bo'lib, unda jaholat va ilmsizlik hamisha qoralangan. Dunyoning obodligi, bardavomligi va baxt-saodati, albatta, ilm va ma'rifat bilan chambarchas bog'liq. Hazrati Ali roziyallohu anhu “Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qo'riqlashga majbursan, ilm hokim, mol mahkumdir, sarflash, nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilmni tarqatganing sayin ko'payib boradi”, degan.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan Hadisi sharifda: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deyiladi. Farzand ta'lim-tarbiyasi xususida Imom G'azzoliy o'zining “Ihyou ulumud din” asarida “Bola – ota-ona qo'lidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi… Agar yaxshilikka undalsa va o'rgatilsa, saodatli bo'ladi. Otaonasi hamda odob, ta'lim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik bo'ladi…” deb yozadi.

Darhaqiqat, bugun dunyo inson nigohida halqalangan ko'zyoshdek qalqib turgan bir paytda yoshlarni chalg'ituvchi, ularni o'z domiga tortishni istovchi turli g'arazli kuchlar ko'payib boryapti. Eng achinarlisi, dunyoning qaysi burchagida biror jinoyat sodir etilsa, albatta, bunda yoshlarning g'o'rligi, oq-qorani hali to'liq ajrata olmasligidan foydalanilyapti.

Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, oilada farzand tarbiyasiga e'tiborsizlik nafaqat o'sha xonadon, balki butun bir millat, xalq ma'naviy tanazzuliga asos bo'lishi mumkin ekan. Bunga tarixda misollar ko'p. Bugun dunyoda inson kapitali uchun kurash, eng katta sarmoya farzandning bilimli bo'lishiga, tarbiyasiga tikilayotgan bir vaqtda, ming afsuski, ayrim oilalarda farzand tarbiyasiga e'tiborsizlik holati ham yo'q emas. Shu bois, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Hech bir ota-ona farzandiga go'zal tarbiyadan ko'ra, qimmatliroq meros qoldira olmaydi”, degan hikmatlarini unutmasligimiz lozim.

Shu ma'noda, 2020-yildan umumiy o'rta ta'lim maktablari o'quv dasturidan “Tarbiya” fanining o'rin olgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilgan mualliflar va ekspertlar guruhi ishtirokida yaratilgan yangi fan darsliklari o'quvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlari inobatga olingan holda, ularning ongiga umuminsoniy qadriyatlar va yuksak ma'naviyatni yanada chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi nazarda tutilgan. “Tarbiya” fani dasturi milliy tarbiyamiz o'zagi va Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Yusuf Hos Hojib, Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Abdulla Avloniy, Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat kabi ulug' mutafakkirlarimizning ma'naviy-ilmiy merosiga asoslangan. Ayni vaqtda xalqaro tajribalar asosida zamonaviy tarbiya texnologiyalaridan foydalanilgani yangi fanning zamon bilan hamnafasligiga xizmat qilmoqda.

Tan olib aytish joizki, yaqin-yaqingacha umumiy o'rta ta'lim maktablarida o'quvchilar tarbiyasiga ularning ta'limdan bo'sh vaqtida amalga oshiriladigan qo'shimcha yuklama – ikkinchi darajali ish sifatida qarash tendensiyasi kuchayayotgandek edi. Buning oqibatida tarbiya uzuq-yuluq jarayonga aylanib, otaona va o'qituvchi o'rtasida muallaq turib qoldi. Ming afsuski, ushbu jarayonning asorati bugun turli g'arazli kuchlar aldoviga uchib, noto'g'ri yo'l va g'oyalar ta'siriga tushib qolgan yoshlar taqdirida qora dog' qoldirmoqda.

Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo'shgan, donishmand xalq farzandlarimiz. Buning asosi esa ilm-ma'rifat, bag'rikenglik va o'zlikni anglash ajdodlarimizning doimiy intilishi, maqsad-muddaosi bo'lganidadir. Zotan, IX–XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan Birinchi Sharq Uyg'onish davrida ham, butun dunyoda Temuriylar davri Renessansi deya e'tirof etilgan XIV–XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg'onish davrida ham jamiyatda dinu diyonat mustahkam, insonlar dunyoqarashida ma'naviyat qadrli, davlatchilik tuzumida ilm-fan va ma'rifat ustuvor bo'lgan.

Bir so'z bilan aytganda, azaldan xalqimizning ilmu fan, ijodu mehnatga rag'bati baland bo'lib, o'zining yuksak ma'naviyati, imon-e'tiqodi, milliy g'ururi hamda umuminsoniy qadriyatlarga yo'g'rilgan go'zal odob-axloqi bilan hamisha ibrat bo'lgan. Shunday ekan, beg'ubor va muhtasham orzu-umidli yoshlarimiz yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan o'z vaqtida oqilona foydalanib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz yuksalishiga hissa qo'shadigan farzandlar bo'lishiga ishonamiz.

Muzaffar KOMILOV,

Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari,

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2021-yil 7-noyabr, 223-son

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   4293   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari