(نِعْمَتاَنِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنَ النَّاسِ، اَلصِّحَّةُ وَ الْفَرَاغُ (رواه البخارى
“Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning behisob bo'lgan buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga etib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi. Odamlarning o'zaro bir-birlariga bo'lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo'lishi ham asosan xotirjamlikka bog'liqdir.
Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur'oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ'ib qilishini, shaytoniy yo'llarga ergashmaslik lozimligini ta'kidlab, bunday deydi:
“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!" (Baqara surasi, 208-oyat). Darhaqiqat, tinchlik mavzusi o'ta muhim bo'lganligi bois ham Qur'oni karim oyatlaridan o'rin olgan. Arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so'zlari bir o'zakdan chiqqan, turli ma'nodagi so'zlar bo'lsada, aynan bir maqsadga yo'naltirilgandir.
Tinchlik va xotirjamlik – insoniyat bugun boshidan mkrakkab o'zaro ziddiyatlarni kechirayotgan bir paytda suv va havodek zarurdir. Uning qadriga etib, farzandlarimizni ham Yaratgan bergan bu tingsiz ne'matlarni qadrlamoqlari va asrab avaylamoq insoniyatning zimmamizdagi burchi ekanligini tushuntirmoqligimiz kerak. Bu barcha payg'ambarlar qatorida bizning ham Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnati ekanligini yuqoridagi hadisdan bilib oldik.
Islom tarixini o'qir ekanmiz, unda insonni kimligi, nima uchun yaratilganligi, insonning zimmasiga nima vazifalar qilmoqligi yuklatilganligi, hayotda qanday inson bo'lib yashashi kerakligi haqida berilgan tavsiyalar va ko'rsatmalar bilan yaqindan tanishib chiqadi. Bu berilgan ne'matlarni qadriga etishda va uni asrashda, bizga Payg'amlarlarning otasi bo'lgan, Ibrohim (a.v.) bu borada bashariyatga o'rnak bo'lganlar. Muqaddas dinimizning mo'tabar manbasi Qur'oni Karimda Ibrohim (a.s.)ning Vatanlari bo'lgan Makka haqiga qilgan duolarida biz o'rganayotgan mavzumizning aynan tasdig'idir.
Shuningdek, Makka shahriga tinchlik va uning ahliga rizq so'raganliklari so'zimizning yorqin misolidir. Bu haqida bunday deyilagan:
وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ قَالَ وَمَنْ كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُ قَلِيلًا ثُمَّ أَضْطَرُّهُ إِلَى عَذَابِ النَّارِ وَبِئْسَ الْمَصِيرُ (126)
Ya'ni: “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara;126).
Bu joyda Alloh taolo Payhg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga o'tgan ummatlarning payg'ambarlarini hayotidan xabardor qilib, ummatlarini o'unga targ'ib qilib, ulug' ne'matlar “Tinchlik” va “Hotirjam”likni qadrlab, asrab avaylab hayot kechirishga undalmoqda. O'sha vaqtdagi tarixga nazar tashlasangiz Makka tinch shaharlardan bo'lgan.
Shunday bo'lsada, bu tinchliki doimo so'rab duo qilish muhim ekanligiga dalolatdir. Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan sahobalar bir kuni suhbatlashib o'tirganlarida, sahobalardan birlari Yo Rasululloh (s.a.v.) biz Alloh taolodan duo qiilb so'raganimizda ko'proq nimani so'raylik deb savol qilishganda, janobimiz, habibimiz Payg'ampbar (a.s.): “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so'ranglar” deb aytgan so'zlari ham, insoniyat uchun bu ne'matlar nechog'lik muhim ekanligiga dalolat qiladi. Tinch bo'lib turgan joyga yana tinchlik so'rab duo qilish esa, tinchlikni davomiy bo'lishi uchundir. Bu xususida
Qur'oni Karimda bunday deyilgan:
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ.
Ya'ni: “Yana Robbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: “Qasammki, agar (bergan ne'matlarimiga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” deb marhamat qilgan (Ibrohim – 8).
Mazkur oyati karimani tinchlik va xotirjamlik uchun nima dahli bor deb fikr qiladigan insonlarga dinimiz chiroyli javob bergan. Ya'ni biz yuqorida tinchlik ham ne'matlarning eng ulug'i ekanligi haqida Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan hadisni eslab o'tdik. Mazkur hadisga muvofiq bu buyuk ikki ne'at bardavom bo'lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etilar ekan.
Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so'rab duo qilish esa, muqaddas dinimi va davrimizning eng dolzarb sharafli vazifalaridan hisoblanadi. Inson kim bo'lishidan qat'iy nazar, o'zi yashab turgan, Alloh ne'mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne'matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo'lishini so'rab duo qilishi, Yaratganing, Vatanining, jamiyati va oilasi oldidagi sharafli burchidir.
Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yo'qotgan mamlakat va u Yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, ta'bir joiz bo'lsa nurafshon nurni yo'qotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga o'xshadi. Bu holatni ko'rgan, eshitgan insonda bir alamlik dard paydo bo'ldai. Bu holatlardan ko'rib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o'zlari uchun in'om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab avaylashlari lozim bo'ladi.
Shuning uchun ham biz Yurtimizdagi hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g'arazli xuruj va hamlalardan, fitna va bo'htonlardan himoya qilish, g'arzli va manfur kimsalarning makr va puch g'oyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodlarimizni ham ulardan xabardor qilib, islom madaniyatining (tinchlik, xotirjamlik, bag'rikenglik, o'zarototuvli, mehr-oqibat v.h.k.) ezgu g'oyalarini keng targ'ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilib, ushbular asosida faoliyat olib bormoq lozim bo'ladi. Shuningdek, muqaddas dinimizni niqob qilib, o'zlarining g'arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo yodda tutmoq darkordir.
Bu xususida Alloh taolo Qur'oni Karimning “Moida” surasida shunday degan:
…وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ.
ya'ni: “… Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” – deyilgan. (Moida – 2). Ushbu oyatga e'tibor qaratadigan bo'lsak, ezgu niyat yo'lida hamkorlik qilish er yuzida TINChLIK VA HOTIRJAMLIKNI barqaror bo'lishiga bosh omillaridan ekanligiga targ'ib qilingan.
Tinchlik va xotirjamlik – barcha davrlarda mamlakatlar, jamiyatlar, oilalarda yashagan insonlarning talab qilgan asosiy maqsadi bo'lib kelgan. Bu ikki ne'mat uchun qilingan qancha harakatlar, xarajatlar ham so'zimizga misoldir.
Tinchlik va xotirjamlik ne'matlari bashariyat uni saqlashlik uchun xoh qimmatli bo'lsin, xoh arzon bo'lsin barcha narsasini, aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo'lgan ulug' ne'matlardan ekani, buni bardavom bo'lishi uchun uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari va ustunlari ham bardavom bajarilishi lozim bo'ladi.
Tinchlik va xotirjamlikni saqlash, uni qadrlash uchun insonlarni, yosh avlodni, erkak-ayollarni, xullas har bir shaxsni Allohning toatida, Allohga ma'siyat qilishdan qaytarish, bergan ne'matlarini qadrlash asosida tarbiyalash lozim bo'ladi. Shuningdek, har bir inson o'zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat'iy amal qilishi dinimizning talab va tavsiyalaridandir.
Yuqorida ta'kidlab o'tganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar:
من أصبح آمنا في سربه معافى في جسده عنده طعام يومه فكأنما حيزت له الدنيا
Ya'ni, “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi”. (Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).
Jahonda ro'y berib turgan notinchliklar, kishini dilini xufton qiladigan holatlar, bo'lib turgan turli voqea va hodislardan bugun g'aflatda qolish hech kimning haqqi yo'q. Mamlakatlarni, jamiyatni, oilalarni, insonni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan bu – beparvolik, g'aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir.
Bu insonlarga ko'rinmaydigan illatlardan, kasalliklardandir desak mubolag'a bo'lmaydi. Shuning uchun ham jannatmakaon Vatanimiz fuqarolari, barcha-barchamiz mazkur yomon hislatlardan chiqishimiz lozim va lobuddir.
Beparvolik, g'aflat, loqaydliklardan dinimizda qat'iy qaytarib, u kabi illatlarga tushmaslikka targ'ib etgan.
Hulosa qiladigan bo'lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo'lgan e'tibori nechog'lik katta, hamda bag'rikenglik uning negizi ekanligi yaqqol nomoyon bo'ladi. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan biladi. Bu esa yanada ko'proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo'lishi, uning shukrni ado etilishiga bog'liqdir.
Tinchlik va xotirjamlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matlardandir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga farzdir. Yoshi ulug' nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug' ne'matning mustahkamligini so'rab duo qilishlari, yoshlilar o'zlarining halol mehnatlari, uni himoya qilish uchun astoydil bel bog'lashlari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo'lamiz. Shu bilan birga davrimiz va muqaddas dinimizning talab va tavsiyalarida amalga oshirgan bo'lamiz.
Alloh taolo Yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror va bardavom, xalqimizning hayotini faravon qilsin.
Isomiddin AHROROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
mas'ul xodimi
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi