Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Yot g'oya – yov g'oya

05.11.2021   2765   4 min.
Yot g'oya – yov g'oya

Bugun masofalar qisqarayotgan munosabatlar yaqinlashayotgan,  madaniyatlar mushtaraklashayotgan, zamon tili bilan aytganda, hamma narsa “globallashayotgan” bir davrda yashab turibmiz. Bugungi kunda turli xil niqoblar ostida musulmon davlatlar yoshlari ongini zaharlash, ming yillik sinovlarga dosh bergan Haq yo'ldan toydirish, ularni jaholat, buzuqlik, nodonlikka boshlash bilan global boshqaruviga erishish uchun bor hunarini ishga solayotgan kuchlar mavjudligi ayni haqiqat. Bu yo'lda missionerlik harakatlaridan, o'z turmush tarzini targ'ibot — tashviqot qilishdan, ommaviy axborot vositalaridan, xullas, ta'sir o'tkazishning barcha usulllaridan keng foydalanishmoqda.

Ma'lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o'tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko'p foyda keltiradigan g'animat bir fursatdir, bunda inson onadan tug'ilib, vafot etguncha oxirat uchun say-harakat qiladi. Umr bo'yi qilgan yaxshi amallari evaziga savob, yomon amallari uchun gunoh yozilib turadigan bir muddatdir. Yoshlik va o'spirinlik davri esa hayotning eng jo'shqin va g'animat davri hisoblanib, unda tana a'zolari kuch — quvvatga to'lgan va harakatlar jo'shqin bo'lib, kishi ko'p yutuqlarni qo'lga kiritishi mumkin bo'ladi. Yoshlik davri g'animatligi haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday marhamat qilganlar: “Yoshlik, o'spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g'animat biling va bo'sh vaqni biror ish bilan mashg'ul bo'lib qolishdan oldin g'animat biling!”

Demak, yoshlikda qilingan ishlar puxta va mustahkam bo'ladi. Shuning uchun ham yurtning kelajagi, uning mustahkamligi, kuch-qudrati va taraqqiyoti o'sha yurt yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog'liqdir.Ulug' hakimlarning mashhur gaplari bor: “Yoshlikda o'rganilgan ilm toshga o'yilgan naqsh kabidir”.

Demak, har bir ota — ona farzandlariga yoshlik davrining bo'sh kunlarini g'animat bilishni va undan unumli foydalanish zarurligini tushuntirishlari lozim. Ularni yoshligidan boshlab, odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga, ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib, halol mehnatga o'rgatib, peshona teri bilan topilgan rizq-ro'zida baraka bo'lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.

Yoshlarimizning xech bir fursatlari behuda va bekor o'tmasligi lozim. Ayniqsa karantin muddatida ularni foydali ishlarga jalb etishimiz kerak. Barchamiz guvoh bo'ldik hukumatimiz ular uchun karantin davrida ham ta'lim olishlari uchun imkoniyat yaratib berdi. Ayni damda bu mashg'ulotlar ham poyoniga etdi, ammo bu endi xohlagan ishlarini qilishlari mumkin degani emas. Zero farzandlarimizning bo'sh vaqti dushmanimizning ish vaqti ekanini unutmaylik. Ularga dunyoviy bilim berish asnosida, insoniylik fazilatlari, diniy qadryatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz kabi biz uchun aziz jonimiz kabi muhim axloqiy sifatlarni xam o'rgatib boraylik.

Ongli yoshlarimiz do'st kimu, dushman kim ekanini yaxshi ajratib olishlari lozim. Ma'lumki vatanimiz jahon sahnida o'zining mustahkkam o'rnini egallab bormoqda. Bu davr mamlakatimiz uchun oson kechmasligi tabiiy. Bu borada kelajak egalari bo'lgan yoshlarimizning o'rni beqiyos albatta. Ular ma'nan etuk, jismonan baquvvat, ilmiy salohiyatlik bo'lsalar, yot g'oyalardan uzoq bo'lib, o'zlari tanlagan to'g'ri yo'lda sobit tursalar, albatta ular uchun zahmat chekkan ota onalar, ustozu murabbiylar, qo'ni qo'shni va qavmu qarindoshlar doimo xotirjam bo'la oladilar.

Alloh taolo ko'zimimzni nuri va qalbimizni huzuri bo'lgan jonajon farzandlarimizni doimo o'z hifzu himoyasida asrasin. Kelajakda yurtimiz nomini dunyoga taratishlarini  nasib qilsin.

 

Avazxon JALOLOV
Guliston shahar “Iso o'g'li Muso”
masjidi imom–xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   48669   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari