Bugun masofalar qisqarayotgan munosabatlar yaqinlashayotgan, madaniyatlar mushtaraklashayotgan, zamon tili bilan aytganda, hamma narsa “globallashayotgan” bir davrda yashab turibmiz. Bugungi kunda turli xil niqoblar ostida musulmon davlatlar yoshlari ongini zaharlash, ming yillik sinovlarga dosh bergan Haq yo'ldan toydirish, ularni jaholat, buzuqlik, nodonlikka boshlash bilan global boshqaruviga erishish uchun bor hunarini ishga solayotgan kuchlar mavjudligi ayni haqiqat. Bu yo'lda missionerlik harakatlaridan, o'z turmush tarzini targ'ibot — tashviqot qilishdan, ommaviy axborot vositalaridan, xullas, ta'sir o'tkazishning barcha usulllaridan keng foydalanishmoqda.
Ma'lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o'tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko'p foyda keltiradigan g'animat bir fursatdir, bunda inson onadan tug'ilib, vafot etguncha oxirat uchun say-harakat qiladi. Umr bo'yi qilgan yaxshi amallari evaziga savob, yomon amallari uchun gunoh yozilib turadigan bir muddatdir. Yoshlik va o'spirinlik davri esa hayotning eng jo'shqin va g'animat davri hisoblanib, unda tana a'zolari kuch — quvvatga to'lgan va harakatlar jo'shqin bo'lib, kishi ko'p yutuqlarni qo'lga kiritishi mumkin bo'ladi. Yoshlik davri g'animatligi haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday marhamat qilganlar: “Yoshlik, o'spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g'animat biling va bo'sh vaqni biror ish bilan mashg'ul bo'lib qolishdan oldin g'animat biling!”
Demak, yoshlikda qilingan ishlar puxta va mustahkam bo'ladi. Shuning uchun ham yurtning kelajagi, uning mustahkamligi, kuch-qudrati va taraqqiyoti o'sha yurt yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog'liqdir.Ulug' hakimlarning mashhur gaplari bor: “Yoshlikda o'rganilgan ilm toshga o'yilgan naqsh kabidir”.
Demak, har bir ota — ona farzandlariga yoshlik davrining bo'sh kunlarini g'animat bilishni va undan unumli foydalanish zarurligini tushuntirishlari lozim. Ularni yoshligidan boshlab, odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga, ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib, halol mehnatga o'rgatib, peshona teri bilan topilgan rizq-ro'zida baraka bo'lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.
Yoshlarimizning xech bir fursatlari behuda va bekor o'tmasligi lozim. Ayniqsa karantin muddatida ularni foydali ishlarga jalb etishimiz kerak. Barchamiz guvoh bo'ldik hukumatimiz ular uchun karantin davrida ham ta'lim olishlari uchun imkoniyat yaratib berdi. Ayni damda bu mashg'ulotlar ham poyoniga etdi, ammo bu endi xohlagan ishlarini qilishlari mumkin degani emas. Zero farzandlarimizning bo'sh vaqti dushmanimizning ish vaqti ekanini unutmaylik. Ularga dunyoviy bilim berish asnosida, insoniylik fazilatlari, diniy qadryatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz kabi biz uchun aziz jonimiz kabi muhim axloqiy sifatlarni xam o'rgatib boraylik.
Ongli yoshlarimiz do'st kimu, dushman kim ekanini yaxshi ajratib olishlari lozim. Ma'lumki vatanimiz jahon sahnida o'zining mustahkkam o'rnini egallab bormoqda. Bu davr mamlakatimiz uchun oson kechmasligi tabiiy. Bu borada kelajak egalari bo'lgan yoshlarimizning o'rni beqiyos albatta. Ular ma'nan etuk, jismonan baquvvat, ilmiy salohiyatlik bo'lsalar, yot g'oyalardan uzoq bo'lib, o'zlari tanlagan to'g'ri yo'lda sobit tursalar, albatta ular uchun zahmat chekkan ota onalar, ustozu murabbiylar, qo'ni qo'shni va qavmu qarindoshlar doimo xotirjam bo'la oladilar.
Alloh taolo ko'zimimzni nuri va qalbimizni huzuri bo'lgan jonajon farzandlarimizni doimo o'z hifzu himoyasida asrasin. Kelajakda yurtimiz nomini dunyoga taratishlarini nasib qilsin.
Avazxon JALOLOV
Guliston shahar “Iso o'g'li Muso”
masjidi imom–xatibi.
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati