Namozxon qiyom holatida qiblaga yuzlangan, qaddi tik, qo'llari ikki yonga tushirilgan, ikkala oyoqlarining orasi to'rt barmoq kengligida ochilgan bo'ladi.
Namozda qiyomda turganda oyoqlar orasi qanday holatda turishi haqida Abdurrahmon al-Juzayriy rahimahulloh “al-Fiqh 'ala-l-mazohib al-arba'a” asarida quyidagilarni yozgan: “Qiyom holatida ikki oyoqni ochish miqdori juda yaqin ham, juda uzoq ham bo'lmasligi kerak. Faqat semizlik, to'lalik, barvastalik va shunga o'xshash uzr bilan bo'lsa, joiz. Mazhablarda uning miqdori borasida ixtiloflar
Hanafiylar ikki oyoq orasini to'rt barmoq miqdori ochish deb belgilaganlar. Undan ortiq yoki kam bo'lsa, makruh bo'ladi.
Shofe'iylar esa bir qarich deb belgilaganlar. Ular orasi bundan qisqa yoki ortiq ochilsa, makruh bo'ladi. Huddi bu bir oyoq oldinroqda, birisi orqaroqda turgandek makruh bo'ladi.
Molikiylar ikki oyoq orasini ochishni sunnat emas, balki mandub bo'ladi, deydilar. Ular fikricha, ikki oyoq orasi bir-biriga tekkizilgan yoki juda ochilgan holatda emas, balki urfda yomon ko'rilmaydigan holatdagi o'rtacha ochilishi kerak.
Hanbaliylarning fikrlari ham molikiylar singaridir, faqat ular mandub yoki sunnat deb belgilagan emaslar" (Abdurrahmon al-Juzayriy. al-Fiqh 'ala-l-mazohib al-arba'a. J. 1. – B. 202).
Bu masala bo'yicha doktor Vahba Zuhayliy "Al Fiqhul Islamiyyu va adillatuhu" (Islom fiqhi va uning dalillari) nomli kitobida (J. 1. – B. 695) quyidagilarni yozadi:
Hanafiylar aytadilar: “Qiyomda ikki oyoq orasini to'rt enlik miqdoricha ochib turish sunnatdir. Chunki bu xushu'ga yaqinroqdir”.
Shofe'iylar aytadilar: “Ikki oyoq orasi bir qarich miqdorida ochiladi”.
Molikiy va hanbaliylar aytadilar: “Ikki oyoqning orasini ochish mandubdir. O'rtacha holatda bo'lsin. Ikkisini bir-biriga qo'shib olmasin yoki juda kengaytirib, urfda noxush sanaladigan bo'lmasin”.
Demak, to'rt mazhabning fiqhiy qarashlariga ko'ra namozda qiyomda turganda ikki oyoq orasi juda katta ochilgan bo'lmasligi, urfda va odamlar nazarida g'ayritabiiy ko'rinmasligi darkor. Shuning uchun ham, namozlarda ikki oyoqlarini kerib, keng ochib turish holati namoz borasidagi diniy an'anaga to'g'ri kelmagani bois erish tuyuladi.
“Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati