Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Missionerlar va ularning maqsadlari

02.11.2021   3025   5 min.
Missionerlar va ularning maqsadlari

Missioner so'zi lotin tilidagi “missio “ so'zidan olingan bo'lib, “yuborish”,  “vazifa topshirish”, missionerlar esa “vazifani bajaruvchi” degan ma'nolarni anglatadi. Jumladan, har yili qayta nashr etiladigan  “ world Book” (jahon kitobi) entsiklopediyasida “Missionerlar biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o'z diniga targ'ib qilish va kiritish uchun yuborilgan inson”, -degan fikr qayd etilgan. Demak, missionerlik - bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilishni anglatadi. Missionerlik bilan bir qatorda prozeletizm ham to'g'ridan-to'g'ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o'z dinidan voz kechishga va o'zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U o'z mohiyatiga ko'ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.

O'lkamiz mustaqil bo'lgan kundan boshlab chet ellardan turli xil diniy oqim vakillarining yurtimizga yopirilib kelishi kuzatila boshlandi. Ayniqsa, dinni o'ziga niqob qilib olgan “Vahhbiylik”, “Akromiy”, “Hizbut tahrir” kabi oqimlarning va missionerlarning hamlasida katta xavf yashirinib yotibdi. Ular mamlakatimiz fuqarolarini o'z tuzoqlariga ilintirib , ongini zaharlashga harakat etmoqdalar.

Missionerlarning bu ishlardan ko'zlagan maqsadlari nima?  Ularning rejasi azaldan musulmon bo'lib kelgan,  ya'ni mafkurasi, urf-odati, butun boshli ma'naviy tarixi bir xil bo'lgan, aslida mamlakatimizning kuch-qudratini tashkil qiladigan birdamlikni, xalqimizning yuragini parchalash, zaiflashtirish, parokanda qilish va turli – tuman siyosiy va iqtisodiy bosimlar bilan o'z holimizcha yashashga yo'l qo'ymaslikdir. Missionerlik faoliyati mafkuramiz uchun yot unsurgina bo'lib qolmay, balki ma'naviyatimiz rivoji uchun ham jiddiy to'siqdir.

Ma'lumki, xristianlikning ayrim yo'nalishlarida "Missionerlik har bir dindor uchun shart", – deb hisoblanadi. Iyso Masihning o'ziga 12 havoriyni tanlab olishi va ularni Isroilning qishloqlari bo'ylab da'vat qilish uchun yuborgani haqida Marqdan rivoyat qilingan "Injil"da keltirilgan quyidagi so'zlar bunday qarashlar uchun asos qilib olinadi:

"... 15. Iyso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo'ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Hushxabarini targ'ib qilinglar”.

Hatto Quddus cherkovining asosan xo'jalik ishlari bilan shug'ullanadigan, eng quyi – diakon (yunoncha – Shakopoz-xizmatchi) lavozimini egallagan xodimlari ham o'zlarining ma'muriy ishlaridan ajralib, mohir "xushxabarchi"larga aylandilar. Ulardan eng mashhuri “Da'vatchilarning otasi” nomini olgan diakon Filippdir. Aynan u Samariya o'lkasida faoliyat yuritgan, uning poytaxti Sebasta shahrida juda ko'plab kishilarni xristianlikka kiritib, ommaviy cho'qintirgan.

Shunday bo'lsa-da, diakon Filipp va unga o'xshagan ko'pgina xushxabarchilar, Iso Masih ta'limoti yahudiylargagina taalluqli, degan yondashuvdan kelib chiqib, asosan yahudiylar orasida targ'ibot ishlarini olib borganlar.

Biroq keyinroq ilk xristian "da'vatchilari" asta-sekin O'rta dengiz bo'ylab Appenin yarim oroliga ham kirib borishadi. Rim imperiyasida ularga salbiy munosabat bildirilsa-da, ular imperiyaning markaziy hududlari va poytaxtiga ko'chib kelishda davom etaverishgan.

IV asrga kelib "da'vatchilar" xatti-harakatlari natijasida xristian dini Rim imperiyasida davlat diniga aylandi. Hristian "da'vatchilari" asta-sekin Ovro'paning shimoliy hududlariga ham kirib bordilar va xristianlik Rim imperiyasining ulkan hududi bo'ylab eski dinlar ustidan g'alaba qozondi.

Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, yuqoridagi kabi qarashlar turli tushunchalar mazmunini ataylab chalkashtirib, tarixiy voqelikni buzib talqin qilish natijasidir. Chunki xristianlik endi paydo bo'lgan bir sharoitda faoliyat olib borgan "da'vatchilar" (garchand ularga nisbatan ham "missioner" so'zini qo'llash keng tarqalgan bo'lsa-da) bilan bugungi "missionerlar" orasida keskin farq borligini va ularni aslo bir qatorga qo'yib bo'lmasligini unutmaslik lozim. Zero, o'z davrida xristianlikning faol tarafdorlari tomonidan "da'vatchilik" ishlarining olib borilishi, o'z ta'limotlarini tarqatishga harakat qilishlari tabiiy bir hol edi. Bugun dunyoning diniy manzarasi o'zining aniq shaklu shamoyiliga, turli xalqlar asrlar davomida shakllangan diniy-milliy qadriyatlariga ega bo'lgan bir davrda ilk "da'vatchilik"dan farqli ravishda missionerlik millat, jamiyatni diniy asosda bo'lib yuborishga qaratilgan buzg'unchilikning bir ko'rinishiga aylanib qolganini alohida ta'kidlash zarur. Missionerlarning aholisining 90 foizdan ortig'ini islomga e'tiqod qiladigan O'zbekistonda faoliyat olib borishga intilayotgani ham bunday buzg'unchilikka yorqin misol bo'la oladi.

Demak, missionerlarning zarbalaridan chekinmaslik , ularga  befarq qaramaslik,  vatan ravnaqi va islom dini uchun buyuk xizmatlar ko'rsatgan ajdodlarimizga munosib farzand bo'lishimiz zarur bo'ladi.

 

Faxriddin Bohodirov – “Yangiravot jome masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   19386   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari