Ahli sunna val jamoa faqihlarining ittifoqiga ko'ra “Jihod nikohi” deb nom olgan nikoh turi mavjud emas. Kofirlarning jihodi esa biron xil nikoh turini joiz qila olmaydi. Olimlar nazdida mashhur so'z shuki, ayollarni mut'a qilish – hatto ahli sunnat val jamoadan tashqari bo'lgan firqalar nazdida joiz bo'lsa ham – nikoh qilish degani emas. Fatvo olimlari mut'ani nikoh deb bilmaydi. Biz ham nikoh hukmlarini mut'a uchun tegishli deb bilmaymiz. Mut'a uchun o'ziga xos holat mavjudki, Islom shariatining biron-bir qoidasi uni muvofiq yoki munosib deb bilmaydi. Garchi ko'pchilik mut'aga nikoh turi, deb murojaat etsada, bu ma'no majoziydir. Sababi u Islomdan oldingi johiliyat unsurlaridan biri bo'lib, birov o'z istagini qondirishiga “mut'a” deyilgan. Musulmonlarning g'azot muddati cho'zilgach mut'aning joiz bo'lishiga majbur bo'lindi. Chunki yolg'izlik qiyin bo'lgach ba'zi sahobalar o'zlarini axta qilishgacha bordilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam axta qilishdan qaytardilar va urush davrida ayollarni mut'a qilish vahiyga muvofiq ravishda ruxsat berdilar. Shundan keyin vahiyning muvofiqligi bilan mut'a nikohi harom, deb vorid bo'ldi. Uning harom ekanligiga shariatda qat'iy va mutavotir hujjatlar mavjud.
Ulardan hazrat Ali roziyallohu anhuning quyidagi so'zlaridir:
“Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam mut'adan va xonaki eshaklarning go'shtini eyishdan Haybar davrida qaytardilar”. Imom Juhaniy roziyallohu anhuning hadislariga ko'ra Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ayollarni mut'a qilib olishga Fath yilida ruxsat berganlar. Unda aytiladi:
“Uning otasi Makka fathiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga g'azot qilgan. Biz unda 15 oy turib qoldik. Shunda biz uchun ayollarni mut'a qilishga ruxsat bo'ldi, so'ngra harom qilindi”.
Boshqa rivoyatda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam “Hajjatul vado'”da ruxsat berganliklari va Sabura r.a. hadislariga ko'ra abadiy harom qilganlar. Hadisda keladiki:
“Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga “Hajjatul vado'”ga chiqdik. Ular aytishdi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam! Yolg'izlik bizga qiyin bo'lmoqda”. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam : “Bu ayollardan foydalaninglar” deb javob berdilar. Biz ayollar oldiga borganimizda ular bizga nikohlanishdan bosh tortdilar, faqat bir muddat bo'lsagina rozi bo'lishdi. Bu holatni Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ga bildirishdi. Shunda u kishi bir muddatga izn berdilar. Men bir ayolga uylandim va uning oldida bir kecha qoldim. Ertalab uyg'onsam Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam rukn va bob orasida tik turgan edilar va aytdilar: “Ey odamlar! Men sizlarga ayollardan foydalanishga ruxsat berdim. Bilib qo'yinglar, Alloh taolo uni qiyomatgacha harom qildi. Agar yoningizda o'sha ayollardan birontasi bor bo'lsa, uni o'z holiga qo'ysin va unga bergan narsangizdan hech nimani olmanglar”.
Shuning uchun, ahli sunnaning to'rt imomi, sahobalar, tobeinlar va ularga ergashganlar sababi qanday bo'lmasin ayollarni mut'a qilib olish qat'iyan harom, deb ittifoq qilishdi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: “Mut'a nikohni, taloqni, iddani, merosni harom qildi yoki buzib yubordi”.Buning ma'nosi shuki, mut'a taloqsiz va ajratishsiz ko'tariladi, unda meros bo'lmaydi. Sababi, mut'a nikoh hisoblanmaydi. Ayoldan foydalangan kishi er bo'lmaydi, ayol esa xotin bo'lmaydi.
Alloh taolo harom qilgan narsani birov o'ziga halol desa, darhaqiqat u kofir bo'ladi va qilayotgan ishi ayni zino bo'ladi. Bunday odamlar Allohning hududini buzib Allohga qarshi kurashmoqda. Ularning jihodi, qarshi kurashi Allohga bo'lib qolaveradi. Alloh esa ularni yaqin orada yakson qilib tashlaydi.
Tolibjon Sharipov
Toshkent viloyati, Chirchiq shahri “Amir o‘g‘li Hasanboy” jome masjidi