Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Saf ittifoqlik g'oyasi

25.10.2021   3010   6 min.
Saf ittifoqlik g'oyasi
Namozda saf tortish nizomi hayotimizni tartibga solish uchun joriy bo'lgan aslida. Jannatdagi saflar ham namozxonlarning saflari kabidir. Bas, bu erdagi birinchi saf egalari u erdagi birinchi saf egalaridir. Shunday ekan masjidni avvalidan boshlab to'ldirib kelish sunnatdir. Ba'zi fuqaholar vojib deganlar. Birinchi saf to'lmay turib, keyingi safga o'tirilmaydi. Ikkinchi saf to'lmasidan uchinchisi boshlanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi safni to'ldirishga buyurganlar.
 
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ "أَقِيمُوا الصُّفُوفَ وَحَاذُوا بَيْنَ الْمَنَاكِبِ وَسُدُّوا الْخَلَلَ وَلِينُوا بِأَيْدِي إِخْوَانِكُمْ وَلَا تَذَرُوا فُرُجَاتٍ لِلشَّيْطَانِ وَمَنْ وَصَلَ صَفًّا وَصَلَهُ اللهُ وَمَنْ قَطَعَ صَفًّا قَطَعَهُ اللهُ" (رواه البخاري ومسلم)
 
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumo aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saflarni tekislanglar, elkalarni baravar qilinglar, oradagi ochiq joylarni to'ldiringlar, birodaringiz qo'llariga muloyim bo'linglar, shaytonga bo'sh joy qoldirmanglar. Kim safni ulasa, Alloh uni (o'z rahmati bilan) ulasin. Kim safni uzsa, Alloh uni (rahmatidan) uzib qo'ysin”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Shundan kelib chiqib, biz jamoat namozi oldidan avvalgi saflarni to'ldirishga harakat qilishimiz maqsadga muvofiq ekan. Faqat bunda boshqa namozxonlarga ozor etkizmaslik lozim bo'ladi. Agar avvalgi safga o'tishda kimgadir aziyat berib qo'yish xavfi bo'lsa imkon munosib joyni topib o'tiriladi.
Ibn Nujaym rahmatullohi alayhning “Al-Ashboh van-nazoir” kitoblarida: “Imomga iqtido qilishga mone'lik qiluvchi narsa: imom bilan iqtido qiluvchining o'rtasida arava sig'adigan yo'l bo'lishi yoki qayiq suzadigan katta anhor bo'lishi yoki (masjid bo'lmagan) ochiq joydagi imom bilan muqtadiy o'rtasida ikki saf sig'adigan bo'shliq bo'lishidir. Ammo masjid ichida ikki safdan ortiq bo'sh joy qolishining zarari yo'q, chunki, masjidning ichi bitta joy hisoblanadi ” (“Al-Ashboh van-nazoir” kitobi).
Demak, yuqoridagi masaladan iqtido durust bo'lishi uchun imom bilan unga ergashuvchining makoni bitta bo'lishi, ya'ni bir joyda turishi shart qilinmoqda. 
Bu haqda “Badoye'us sanoye'” kitobida quyidagi matn keltirilgan:
(Imom bilan iqtido qiluvchining) bitta joyda turishi iqtidoni durust bo'lish shartlaridandir. Chunki joy bitta bo'lishi vositasida go'yo imom va iqtido qiluvchining namozlari ham birlashishi yuzaga chiqadi.
To'rt mazhab ulamolari imomlik durust bo'lishi uchun iqtido qiluvchi bilan imom bir joyda turishini shart deyishadi. Imom bilan iqtido qiluvchilarning o'rtalari uzilsa iqtido qiluvchilarning namozlari durust bo'lmaydi. Iqtido qiluvchilar qancha ko'p va imomdan qancha uzoqda bo'lsa ham o'rtalari uzilmagan va (saflar) bir-biriga ulangan bo'lsa, bunday holatda iqtido qiluvchilarning namozlari durust bo'laveradi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har namozdan oldin saflarni tekislashga buyurar edilar. Bu sunnatga amal qilish bir vaqtning o'zida ham imomning, ham unga iqtido qiluvchilarning vazifasidir. Saflarni tekis olish muhim ishlardan bo'lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ba'zida targ'ib qilish, ba'zida esa qat'iy ogohlantirish yo'li bilan tushuntirganlar:
 
 عَنِ النُّعْمَانَ بْنَ بَشِيرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، يَقُولُ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَتُسَوُّنَّ صُفُوفَكُمْ، أَوْ لَيُخَالِفَنَّ اللهُ بَيْنَ وُجُوهِكُمْ 
 
Nu'mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Saflaringizni to'g'rilaysizlar, yoki Alloh yuzlaringizni bir-biriga teskari qilib (qalblaringizni burib) qo'yadi”, - dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
 
 عَنْ أَبِي مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَمْسَحُ مَنَاكِبَنَا فِي الصَّلَاةِ وَيَقُولُ اسْتَوُوا وَلَا تَخْتَلِفُوا فَتَخْتَلِفَ قُلُوبُكُمْ لِيَلِنِي مِنْكُمْ أُولُو الْأَحْلَامِ وَالنُّهَى ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ قَالَ أَبُو مَسْعُودٍ فَأَنْتُمْ الْيَوْمَ أَشَدُّ اخْتِلَافًا
 
Abu Mas'ud Al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozda elkalarimizni tekislab chiqar va: “Tekislaninglar, har xil bo'lib (safni qing'ir-qiyshiq qilib) turmanglar. Aks holda qalblaringiz (xuddi saflaringizdek) har xil bo'lib qoladi. Orangizdan aqlli, mulohazali kishilar menga yaqin tursin. Keyin undan keyingi (darajadagi)lar, keyin undan keyingilar”, deb aytardilar”. Abu Mas'ud: “Sizlar bugun (saflarni tekislamaganingiz uchun) qattiq ixtilofdasiz”, degan (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Mojja rivoyat qilgan).
Mazkur hadisi shariflardan ma'lum bo'ladiki, namozda safni tekislash undagi kishilarning tengma-teng turishi bilan bo'ladi. Hech kim safdan biroz oldinga chiqib, ortga surilib turishi yoki u yon bu yonga qarab o'qish mumkin emas. Bunda badanning yuqori qismida elkalar, quyi qismida esa to'piqlar bir-birining ro'parasida turishi kerak. To'piq e'tiborga olinishining sababi tananing holati unga tayanishidir. fiqhiy kitoblar va ulamolarimizning so'zlariga binoan, iqtido durust bo'lishi uchun imom va iqtido qiluvchi bir joyda bo'lishi va bir tomonga yuzlanishlari  shartdir. Qolaversa, bunda shariatimizning jamoat namozidan ko'zlangan asl maqsadi topilmay qoladi. Chunki, jamoatdan ko'zlangan maqsad – ko'pchilik musulmonlarni bir joyga jamlash, ular o'rtasida birodarlik va ittifoqlik g'oyasini targ'ib qilish, o'zaro hamdard bo'lish  kabi bir qancha ezgu ishlardir. Safni buzish esa bo'linish, tafriqadan uzoqda bo'lish Islom dinining qoidalaridan.  
 
Shofirkon tuman "Shayx Darvesh" jome' masjid

imom-xatibi Azizjon Jamolov 

 
MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

26.08.2026   20238   2 min.
«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

 «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.

Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.

Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.

Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
 
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari