Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Ilm tufayli inson oliy martabaga etadi

30.11.2023   3731   4 min.
Ilm tufayli inson oliy martabaga etadi

 Qur'oni  Karimda: «Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo'lurmi», deb ta'kidlanadi (Zumar, 9). 

Islom dini ta'limotida  va hadisi sharifda: «Ilm olish har bir muslim va muslimaga farzdir», – deyiladi.  Bu hadisdan ko'rinib turibdiki, har bir mo'min-musulmonga  ilm olib  unga amal qilgan holda, hayotga tatbiq etish zimmasidagi buyuk farz ekanligi eslatib o'tilmokda.

Bu zamin ziyosi ne-ne zamonlar tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Qancha-qancha daholarga beshik, ilm ma'rifatiga eshik bo'lgan zamindir. Bu zamin ilm quyoshi bilan necha-necha o'lkalarni yoritgan va er yuzini qalam bilan zabt etgan muhaddis sultonlarining elidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: 

 «Kim bu dunyoni rohatini ko'zlasa, tijorat qilsin, oxirat saodatini o'ylasa, toat-ibodat qilsin, agar ikki dunyosini obod bo'lishini xohlasa, ilm olsin», – deganlar. 

Allomalarimiz olgan ilmlariga amal kilgan holda jahon tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shganlar. Olimlar va komil insonlar darajasiga etishish faqat ilm sohiblariga xosdir.  

Islom mutaffakirlari fikrlariga ko'ra: «Ilm – narsani qanday bo'lsa ana shunday bilib olishdir, har qanday bilish va o'rganilgan narsaga ilm deyiladi. Olgan ilmga amal  qilib, uni etkazish ma'rifatdir». Har bir insonning ilm-ma'rifat kasb etishida  sarf, nahv, fiqh, tafsir va hadis, kalom ilmi kabi diniy, hamda tarix, adabiyot, tibbiyot, falakiyot va boshqa dunyoviy ilmlarni o'rganish zarur bo'ladi. 

XX asr oxirlarida milliy istiqlol sharofati bilan Vatanimizda o'tmishdagi allomalarga, ularning hayotlari va yozib ketgan asarlariga nisbatan fikrlashda keskin bir burilish yasaldi, ya'ni zaminimizda yashab o'tgan buyuk  olimlar, o'zlarining dunyoviy, diniy va ma'rifiy asarlari bilan jahon ma'naviyatining xazinasiga ulkan hissa qo'shgan zotlarning nomlari tiklandi. 

Keyingi yillarda Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg'inoniy, Abu Mansur Moturidiy, Alisher Navoiy, Abduxoliq G'ijduvoniy, Hoja Bahovuddin Naqshbandiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Ali Ibn Sino, Horazmiy, Farg'oniy, Nasafiy, Termiziy, Hoja Ahmad Yassaviy kabi ko'plab hayoti va ijodi o'rganilmoqda.

Ushbu allomalarimiz yo'llarini davom ettirish uchun yosh avlodga ilm olish va ularning asarlarida yoritib berilgan masalalarni hayotda tatbiq etishlariga zamin hozirlashimiz zarurdir.  Ma'lumki,  Qur'oni karim ham «O'qi» degan amri bilan nozil bo'lgan. Qur'oni karimning 811 joyida ilm so'zi takrorlanadi.

Kelgusida  o'z taqdirini shu yurt istiqboli bilan bog'lagan har bir yosh avlod ajdodlarimizning boy meroslaridan  o'zi ham bahramand bo'lib, xalqimiz ilmu-ma'rifatini yanada yuksaklikka olib chiqishda o'z hissalarini qo'shadilar degan  umiddamiz. 

Imom at-Termiziy, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisda, U zot: «Alloh va uning maloikalari va hatto dengizdagi baliqlar ham ilm ahillariga istig'for aytadilar», – deganlar. Shuningdek, boshqa bir rivoyatda: «Kim ilm izlab yo'lga chiqsa, Alloh Taolo unga jannat yo'llarini to'g'rilab qo'yur», – deb marhamat qilingan. Ilm insonni botinini kashf etuvchi omildir. Ilm dushmanlarga qurol, do'stlar o'rtasida esa ziynatdir. Ilm tufayli inson oliy martabaga etadi. Ilm insonlarning tafakkurini hamda ma'naviyatini yuksaltirib dunyoni taraqqiy etishiga bosh mezon bo'lishi bilan birga, insonning botinini kashf etuvchi omildir.

 

 Adham DO'SMATOV, Toshkent shahridagi “Minor” 
jome masjidi imom-noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   57488   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari